Avstraliya va Polsha olimlari insonda kompleks psixologik yetuklik – ya’ni aqliy qobiliyat, shaxsiy fazilatlar va emotsional intellektning uyg‘unligi odatda o‘ylanganidek yoshlikda emas, balki 55-60 yoshlar oralig‘ida eng yuqori darajaga yetishini aniqlashdi. Tadqiqot natijalari Intelligence ilmiy jurnalida e’lon qilingan.
Mualliflar – G‘arbiy Avstraliya universiteti professori Jil Jinyak hamda Varshava universiteti professori Marsin Zayenkovski ilk bor insonning to‘qqiz xil psixologik xususiyatini yagona Kognitiv-shaxsiy faoliyat indeksiga birlashtirgan.
Ushbu indeks quyidagi mezonlarni o‘z ichiga oladi: kognitiv (aqliy) qobiliyatlar, «Katta beshlik» shaxsiy xususiyatlari (ochiqko‘ngillik, vijdonlilik, ekstraversiya, xayrixohlik va neyrotizm), emotsional intellekt, moliyaviy savodxonlik, aqliy xatolarga bardoshlilik, kognitiv moslashuvchanlik; empatiya hamda bilishga ehtiyoj, ya’ni fikrlash uchun mulohaza yuritishga intilish.
Natijalar shuni ko‘rsatganki, har bir qobiliyatning rivojlanish trayektoriyasi o‘ziga xos. Masalan, flyuid intellekt – ya’ni avvalgi tajribaga tayanmasdan yangi vazifalarni tez hal qilish qobiliyati taxminan 20 yoshda eng yuqori nuqtaga chiqadi va keyinchalik asta-sekin pasayadi. Kristallashgan intellekt – to‘plangan bilimlar, tajriba va so‘z boyligi esa 60 yoshgacha o‘sib boradi. Emotsional intellekt 40 yoshlar atrofida, moliyaviy savodxonlik va axloqiy tafakkur 60-70 yoshlarda eng yuqori darajaga yetadi.
Tadqiqotchilar barcha to‘qqiz ko‘rsatkichni yagona indeksga jamlaganlarida, insonning umumiy psixologik va kognitiv imkoniyatlari 55-60 yoshda eng yuqori cho‘qqiga chiqishi ma’lum bo‘lgan.
Qiziqarli jihati shundaki, 85 yoshli insonning umumiy indeksi 18 yoshli o‘smirning ko‘rsatkichiga yaqin bo‘larkan. Biroq bu natija mutlaqo boshqa omillar hisobiga shakllanadi: yoshlarda flyuid intellekt yuqori bo‘lsa, keksalarda hayotiy donolik, tajriba va his-tuyg‘ularni boshqarish qobiliyati kuchli bo‘ladi.
Tadqiqotchilarning amaliy xulosasiga ko‘ra, 40-65 yoshlar oralig‘i eng mas’uliyatli va murakkab qarorlarni qabul qilish uchun eng maqbul davr hisoblanadi. Chunki aynan shu yoshda inson tezkor fikrlash qobiliyatini boy hayotiy tajriba bilan uyg‘unlashtira oladi.