Qashqadaryo gazetasi Без рубрики INSONNI O‘LIMDAN SAQLAB QOLGAN KISHIGINA QAHRAMONDIR
Без рубрики

INSONNI O‘LIMDAN SAQLAB QOLGAN KISHIGINA QAHRAMONDIR

Saralangan satrlar

Bosh qomusimizning 152-moddasida “O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari O‘zbekiston Respublikasining davlat suverenitetini va hududiy yaxlitligini, aholining tinch hayoti va xavfsizligini himoya qilish uchun tuziladi”, deya belgilab qo‘yilgan. Bilamiz, sobiq tuzum davrida o‘zbek yigitlari harbiy xizmatni olis o‘lkalarda o‘tashar, siyosiy o‘yinlarning mahsuli bo‘lmish harbiy harakatlarga jalb etilardi. Necha minglab o‘zbek o‘g‘lonlarining yostig‘i qurimadi deysiz bu urushlarda.

Ma’lumotlarga ko‘ra, 1979-yildan 1989-yilga qadar davom etgan Afg‘on urushida sobiq ittifoqdan 820 ming harbiy qatnashgan va rasmiy manbalarga ko‘ra ularning 15 mingga yaqini halok bo‘lgan. O‘zbekistondan esa bu urushda 65 ming nafarga yaqin kishi qatnashib, bir yarim mingga yaqini halok bo‘lgan, 2 ming 500 ga yaqini esa jarohat olib, bir umrga nogiron bo‘lib qolgan.

Yozuvchi Abdurashid Nurmurodovning “Qonli yo‘rgaklar” kitobida Afg‘on urushi fojialari aks etgan. Mustabid tuzum davridagi harbiylarning mashъum kechmishlari bilan yuzlashish asnosida bugungi tinch-osoyishta kunlarga shukrona aytasiz.

*  *  *

Bizga yetti yot begona, g‘animimiz bo‘lmagan odamlarni o‘ldirdik, ular ham o‘ldirishdi. Hammasini Vatan uchun qilyapmiz deb o‘yladik. Hatto ov miltig‘ini qo‘lida ushlab ko‘rmagan, ona suti og‘zidan ketmagan bolalarning jangga kirishini bir tasavvur qilib ko‘ring. Hammasi ayon bo‘ladi-qoladi.

*  *  *

Urush inson irodasini eng so‘nggi bardoshigacha sinab ko‘radi. Bu bardoshni tinch zamonda sinash aslo mumkin emasdir.

*  *  *

Do‘stlaring halok bo‘lganda, insoniy qiyofadagi chakmonni yechib, hayvoniy choponni kiyarding. Hayvonga aylangan damlaring, fikrlashdan, o‘ylashdan mahrum bo‘lib yovuzlasharding va shul holatda do‘stlaring boshini olganlardan qonli qasos olarding. Bu qasos ham joningga orom, ko‘nglingga taskin berolmasdi. Yana qayta vujudingni hadik, xavotir kemira boshlardi. Yana qayta o‘zingni o‘zing burdalay boshlarding.

Odam bolasi bir umr yig‘lab o‘tishi mumkin emas. Bir umr kulib o‘tishi ham… Ammo ul yurtda bizlar to ortga qaytguncha hadik va qo‘rquv ila yashadik. Bir necha yil shunday holatda yashashni ko‘z oldingizga keltirib ko‘ring-chi, qanchalar dahshatli umrguzaronlik…

Har kuni, har lahza atrofingda o‘lim sharpasi kezinib, bugun bir qadrdoningni, ertaga o‘rtog‘ingni, indinga joni jigaringga aylangan insonning halok bo‘lganini ko‘rganingdan keyin odam qanday qilib insoniy tuyg‘ularni saqlab qolishi mumkin.

*  *  *

Keyin bilsak, bu juldurvoqi bolalar afg‘onlarning razvedkachilari ekan. Ularning maqsadi qishloqlarga kirgan askarlarni bir joyga to‘plab, afg‘onlarga nishon qilib berishdan iborat ekan. Ha, u yerda bolalar ham jangchiga aylanib ketgandi. Baъzida ular kattalar qila olmaydigan ishlarni qilishga qodir edi.

Mana oradan qancha vaqt o‘tdi. Urush ichida tug‘ilgan afg‘on bolalari dunyoga kelib urushdan o‘zga nimani ko‘rdi? Hech narsani. Ular qo‘lidan nima ish keladi bugun? “O‘rgangan ko‘ngil, o‘rtansa qo‘ymas” deganlaridek, odam o‘ldirish, portlatish, yondirish. Jamiyat uchun bundan ortiq fojianing o‘zi yo‘qdir.

*  *  *

Hayotning eng og‘ir damlarida shaxsning kimligi, nimaga qodirligini tez anglaysan. Bu anglashning tinchlik zamoniga aloqasi yo‘qdir. Totuvlik kunlarida sizning botir odamingizga aylangan odam urushda qo‘rqoq, olchoq kimsaga aylanishi hech gapmas. Urush o‘z oti bilan urush. Siz unimas, u sizni boshqaradi. Qismatingiz uning qo‘lida bo‘ladi.

*  *  *

Nega tog‘ ovchilarining yuziga tez ajin tushadi? Ular ham pistirmada otmoqchi bo‘lgan hayvonini taъqib qilgan har lahzada asablari tarang tortiladi. O‘ljani tezroq qo‘lga tushirish payida bo‘lishadi. Miyasida ming xil fikr kechadi. Yirtqich qanchalik xavfli bo‘lmasin – hayvon…

Ammo bir-birini o‘ldirishga chog‘langan ikki aqlli, ayyor odamni ko‘z oldingizga keltirib ko‘ring-chi. Unda ovchining yuziga yillab tushgan ajinlari lahzalar ichida peshonangizda zohir bo‘ladi. Soniyalar ichida o‘nlab yillarni yashaysiz.

*  *  *

Bu urushni men tutqanog‘i tutgan odamga o‘xshataman. Bemorning har kuni tutqanog‘i tutmaydi. Ahyon-ahyonda tutib turadi. Bu yurtdagi urushning har kuni, har soat, har lahza tutqanog‘i tutib turardi.

*  *  *

Orqada general kelayotgan BMP portlab, u kontuziya bo‘lgan. Natijada harbiy mashq qoldirilgan. Urush vaqtida harbiy mashq. Bu aqlga sig‘maydigan ish. Xo‘p generallarimiz bor-da…

*  *  *

Urush nimaligini bilganim uchunmi, urush haqidagi kinolarni ko‘rsam, ularning yolg‘onligidan bo‘g‘ilib ketaman.

Yaqinda Afg‘oniston haqida bir film ko‘rsatdi. Unda dushman oldinma-ketin kelayotgan mashinalardan “Ural”ni portlatdi. Bu turgan-bitgani ahmoqlikdir. Chunki dushmanga birinchi bo‘lib mashinani portlatishdan nima foyda? Oldin u qurol-yarog‘li BMPni portlatib, keyin mashinaga hujum qiladi.

*  *  *

Butun vahima bilan, xuddi paradda ketayotganday piyodalar komandiri BMP tuynugidan boshini chiqarib olgan, haydovchi mexanikning boshi ham o‘z tuynugidan ko‘rinadi. Ularning jang maydoniga bunday kirib kelishi ham kulgili, ham achinarli edi. Men endi o‘qdan qo‘rqmay qo‘ygan edim. Ularga boshimni ko‘rsatib, “boshlaringni ichkariga olinglar”, deb qancha harakat qilmay tushunishmadi. “Nima gap”, deganday boshini silkitadi. Ularning mashinasi kapotiga bitta o‘q kelib tekkanini aniq ko‘rdim. Ikkovi ham yumronqoziqday boshlarini ichkariga olishdi. Kulib yubordim.

*  *  *

Ko‘p bor o‘lim ko‘rgandan keyin odam bemehr bo‘lib qolar ekan. Xayoling ham kirdi-chiqdi bo‘lib, yoningga kelayotgan do‘stingni ham unutib qo‘yasan. Baъzida miyangga o‘sha kunlar xotirasi tiqilib qolib, hozir yorilib ketadi, deb o‘ylaysan. Shunday vaqtlarda, dod deb yuborging keladi. Hech joyga sig‘may qolasan…

*  *  *

Ana shu yerda, rostini aytsam, Sovet armiyasiga bo‘lgan tasavvurim o‘zgardi. O‘zim tasavvur qilgan armiyaga emas, butunlay boshqa bir armiyaga kelib qolganday edim. Ofiserlarning qo‘polligi, rus tilini yaxshi bilmaganimiz uchun ustimizdan kulishi menga juda qattiq taъsir qilgan edi. U yerdagi hayot radio, televideniye va boshqa matbuot organlarining taъrifiga ko‘p tomonlari bilan zid kelar edi.

*  *  *

Shu yillar ichida bir narsaga amin bo‘ldimki, qahramonlik favqulodda sodir bo‘lar ekan. Agar o‘sha holat bir lahza kechiksa, o‘qqa qarshi qadam tashlash yetti uxlab tushingizga ham kirmaydi. Hatto o‘rningizdan turish haqida o‘ylashning o‘zi ham dahshat. Odamzodni qahramonlikka undovchi kuch esa ortda sizning har bir harakatingizni kuzatib turuvchi insonlar nigohidir.

*  *  *

Ha, hamma vaqt eng kuchlilar, eng chiroylilar, eng toza qalbli insonlar halok bo‘lishgan. Har doim juda intizor kutgan va sevgan kishilar halok bo‘lishgan.

*  *  *

Ezgulik, u qaysi jamiyatda bo‘lmasin, yovuzlikka qurbon bo‘lib kelgan.

Insonning yaxshi degan nomini bir lahzada yomonga chiqarish mumkin. Bu hol ne-ne mashaqqatlar bilan qad ko‘targan binoning halokatiga o‘xshaydi. Har bir g‘isht ming egilib-turishlar oqibatida devorni tiklaydi. Buzish nima, undan osoni yo‘q.

*  *  *

Sovet askari va ofiserining itoatkorligi va irodaligiga tasannolar aytsang bo‘ladi. Bunday sharoitda biron bir mamlakatning harbiylari bir kun ham yashamagan bo‘lardi.

*  *  *

Aslida odam o‘ldirgan inson qahramon sanaladimi? Yo‘q. Insonni o‘limdan saqlab qolgan kishigina qahramondir. O‘ldirilgan inson ortida qancha-qancha armonli yuraklar bor. Ularning ohu nolasi-chi. Ha, ha, odam o‘ldirgan na mard, na jasur. U qonxo‘r. Bizlarni shunday yovuzlikka boshlaganlar esa inson bolasi bo‘lmagan.

*  *  *

Vodiy tabiatining go‘zalligiga to‘ymaysan. Hech kim senga xalaqit bermasa-yu, musaffo osmonga, tog‘u toshlarga tikilib yotaversang. Tabiatning tirilib, zamin ko‘m-ko‘k libosga o‘ralganda elning totuvligini buzish, hapqirib-hapqirib qo‘yayotgan yuragiga nayza sanchish katta gunoh edi, gunoh. Biz bu gunohlarni qanday yuvamiz, yo laъnat tamg‘asi bo‘lib peshonamizga muhrlanadimi?

*  *  *

Odamning ichki dunyosi yovuzlashgandan keyin ko‘zlari ham so‘nib qolar ekan.

*  *  *

Xalqimiz hech qachon eru xotin janjaliga aralashma, ular bir-biri bilan yarashib ketib, o‘rtada yuzing shuvut bo‘lib qoladi, deyishadi. Bu haq gap. Shul bois ham “Er-xotinning urushi – doka ro‘mol qurishi”, deb bejiz naql qilishmagan. Bu bir oilaga nisbatan aytilgan gaplar. Butun boshli jamiyatni va uning xalqlari hayotiga aralashishga munosib iboraning ham, so‘zning ham qanday atalishini men bilmayman. Nafaqat men, o‘zgalar ham bilmaydi. Gar ul so‘z, iboraning qanday atalishini bilmas ekanmiz, o‘zga yurt, xalqning ichki dunyosiga, turmush tarziga aralashishga mutlaqo haqqimiz yo‘q ekan.

*  *  *

Yovuzlik borasida bobolarimizdan qanchalar yuksaklikka chiqib ketmadik, deysan. Bobolar ulkan daryo qirg‘og‘ida otning tomirlarini kesib qon so‘rishgandi, biz esa bir-birimizning…

B.SAYFIYEV tayyorladi.

Exit mobile version