Qashqadaryo gazetasi Jamiyat INSONNI ULUG‘LAGAN, ISHNING KO‘ZINI BILADIGAN, KENG FIKRLI YETAKCHI
Jamiyat

INSONNI ULUG‘LAGAN, ISHNING KO‘ZINI BILADIGAN, KENG FIKRLI YETAKCHI

Islom Karimov nomi mamlakatimiz tarixining zarhal sahifalariga O‘zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti, qat’iyatli rahbar, mohir iqtisodchi va siyosatchi sifatida yoziladi.  Ma’lumki, u kishi Prezident bo‘lishidan avval 3 yil Qashqadaryo viloyati rahbari lavozimida faoliyat ko‘rsatgan. Bu yillarda siyosatchi xalqning ishonchini qozonish, hokimiyatga nisbatan munosabatini o‘zgartirish, vohadagi ahvolni yaxshilashga asosiy e’tibor qaratdi. Va buni uddaladi. Qariyb 300 kilometr yo‘llar, bozorlar, ijtimoiy-madaniy obyektlar qurildi. Hozirgacha viloyatda odamlar Islom Karimov ishlagan kunlarini mamnuniyat bilan eslaydilar.

2–sentabr – Islom Karimov xotirasi kuni

Sabohat Mirova asli kitoblik. Kiyev davlat pedagogika institutini tamomlagan. 1982-1984-yillarda Kitob tumani partiya qo‘mitasida ideologiya kotibi, 1984-1986- yillarda Qashqadaryo viloyati ijroiya qo‘mitasi raisi o‘rinbosari vazifalarida ishlagan. Uzoq yillar viloyat partiya qo‘mitasi kotibi, xalq ta’limi boshqarmasi boshlig‘i, «Sog‘lom avlod uchun» xalqaro xayriya jamg‘armasi direktori, viloyat kasaba uyushmalari kengashi raisi o‘rinbosari lavozimlarida samarali mehnat qilgan.

Mehnat faxriysi, falsafa fanlari nomzodi Sabohat Mirovaning Birinchi Prezidentimiz haqidagi xotiralari e’tiborga molik:

– Islom Abdug‘aniyevich Karimov Qashqadaryo viloyati rahbari bo‘lib kelganlarida men Moskvada markaziy komitet qoshidagi ijtimoiy fanlar akademiyasining aspiranturasida tahsil olayotgan edim. Oilaviy sharoitni hisobga olgan holda turmush o‘rtog‘im, uch farzandim bilan birgalikda hammamiz Moskvaga ketgan edik.

1988-yil uchinchi bosqichda tahsil olayotgan vaqtimda rektoratdan «Sizni markaziy komitetga chaqirishyapti, Qashqadaryo viloyati partiya komitetining birinchi kotibi Islom Abdug‘aniyevich siz bilan suhbat qilmoqchi ekan», degan xabar keldi. Men u vaqtlarda Islom Abdug‘aniyevichni yaqindan bilmas edim. U kishi ham meni ko‘rmagan edilar.

Suhbat chog‘ida Islom Abdug‘aniyevich:

– Viloyat oqsoqollari sizni viloyat partiya komitetining mafkura bo‘yicha kotibligiga tavsiya qilyapti. Shunga nima deysiz? – dedi.

Shunda mening birinchi gapim shunday bo‘ldi:

– Uddalay olarmikanman?

U qat’iyat bilan aytdi:

– Uddalaysiz albatta, sababi, siz o‘qishga qadar viloyat ijro qo‘mitasi raisining o‘rinbosari bo‘lib ishlagansiz.

Xullas, u kishi o‘zlarining takliflarini, yo‘l-yo‘riqlarini ko‘rsatganlaridan keyin men juda chuqur o‘ylanib javob berishimga to‘g‘ri keldi:

– Islom Abdug‘aniyevich, taklif uchun katta rahmat. Men qo‘limdan kelgancha ishlashga, sizning ishonchingizni oqlashga harakat qilaman. Lekin, o‘qishim nima bo‘ladi? Ilmiy ish boshlaganman, uchinchi bosqichda o‘qiyapman. Bu faqat mening ishim emas, menga ishongan turmush o‘rtog‘imning, farzandlarimning ishlari, qolaversa, menga ko‘makdosh bo‘lgan onamning ishlari…

Islom aka «Siz albatta o‘qishni tugatasiz, sizga sharoit yaratamiz», deya javob berdilar.

Shu bilan ishga tushib ketdim. Hamma vaqtning o‘z qiyinchiliklari, muammolari bo‘ladi. O‘sha davrda oqimlar, bilib bilmay qilinadigan harakatlar ko‘payib qolgan edi. «Birlik», «Erk» degan uyushmalar paydo bo‘lib, nihoyatda tig‘iz vaqtda ishlashga to‘g‘ri keldi. Shunday kunlar bo‘lardiki, viloyat partiya  komitetining qoshida to‘planib ertayu kech ishlardik. Varaqalar, lozung (shior)lar bilan chiqishlar, to‘polonlar, janjallar bilan keladigan holatlar ham ko‘payib qolgandi. Islom Abdug‘aniyevich tasavvurimda nihoyatda talabchan, jiddiy, ishning ko‘zini biladigan, keng fikrli inson edilar. Biz ular rahbarligi, ko‘maklari, maslahatlari bilan ishni davom ettirdik. Shunday bir murakkab holatlar bo‘ldiki, men Islom Abdug‘aniyevich Karimov bilan ta’lim, sog‘liqni saqlash, madaniyat, radio, televideniye, sport masalalarida bevosita birgalikda ishlaganman. Mana shu sohalarga nihoyatda sinchkovlik bilan qarab, kadrlar masalasiga, maktabdagi ta’lim-tarbiya ishlariga, sog‘liqni saqlash sohasiga yoki qurilish masalalariga e’tibor qilardilar. Hozirgi vaqt bilan solishtiradigan bo‘lsak, nihoyatda og‘ir vaziyatda ishlagan edik. Kamchiliklar ko‘p edi. Bu vaziyatdan chiqishda Islom Abdug‘aniyevich bizga hamisha ko‘makdosh bo‘lganlar, yaxshi maslahatlar berganlar, to‘g‘ri yo‘lni ko‘rsatganlar.

O‘sha yillar respublikamizning boshiga shunday bir og‘ir holat tushdi – «paxta ishi» degan tashvishli kunlar bo‘ldi. Men ona sifatida, ayol sifatida, hayajonsiz, ko‘zimga yosh olmasdan aytishim qiyinroq, sababi, o‘zim Kitobdan ishga kelganman. Tumanda o‘ndan ortiq xo‘jalik bo‘lsa, faqat anorchilik bilan shug‘ullanadiganining rahbari omon qolgan. Qolgan xo‘jaliklarning rahbarlari azoblangan. Nafaqat oddiy brigadirlar, zveno boshliqlari, ayollar, qizlar, yosh go‘daklar aybsiz aybdor bo‘lib, qora kursilarda o‘tirib, javob berishlariga to‘g‘ri kelgan.

O‘sha vaqtlari Abdurahmon Po‘latov degan yosh yigit vafot etdi. Janozasiga borganimizdagi holat – nafaqat insonning hayotdan ko‘z yumgani, balki bir etak bolaning chirqirab, xaroba uyda qolgani hali hamon ko‘z oldimda. Yoki Ulug‘bek nomli xo‘jalik rahbari, hali yosh yigit Malikov ham o‘sha vaqtlari vafot etdi. Keksa rahbarlardan Xoliqov o‘sha qayg‘u va alamlar ta’sirida ko‘zi ojizlik azobini boshdan kechirdi. Bular haqida gapiradigan bo‘lsak, nihoyatda ko‘p voqealar jonlanadi. Lekin bir holatni eslab o‘tmasam bo‘lmaydi. Chunki bu voqea hech ko‘z o‘ngimdan ketmagan.

Hazrat Davronov uzoq yillar Kasbi tumanidagi Lev Tolstoy nomli 8-maktab direktori bo‘lib ishlagan. Turmush o‘rtog‘i Oysara Ro‘ziyeva bilan birgalikda 8 nafar farzandini tarbiyaladi. 1986-1987-yillarda shu tumanning 15-sovxozi 2-bo‘limi boshlig‘i bo‘lib atigi 6 oy ishlagan ediki, o‘sha yili u «desantchilar» tomonidan 6 yilga qamalib, mol-mulki musodara qilindi. Farzandlarining kattasi Faxriddin Qarshi shahridagi irrigatsiya institutida talaba edi. Hamma narsa shu yosh yigitning bo‘ynida qoldi. Otasi qamalganidan keyin o‘qishni tashladi, xo‘jalikda ishlab, onasi va ukalarini boqishga majbur bo‘ldi.

Shu yillarda Hazrat akaning rafiqasi bolalari bilan chaylada yashab, o‘g‘liga ko‘maklashib yurgan vaqtlarda Islom Abdug‘aniyevich Karimov Qashqadaryo viloyati partiya qo‘mitasiga birinchi kotib bo‘lib keldilar. Dalalarni ko‘zdan kechirib yurganlarida, chaylada o‘tirgan 4-5 yoshli Gulruhning ko‘zi u kishiga tushib, «shu kishi otamga o‘xshar ekanlar» deb yig‘lagancha bag‘rilariga otilgan va «mening dadamni qaytaring, iltimos», deya faryod qilgan. Islom  Abdug‘aniyevich bu holatni ko‘z yoshlari oqqancha kuzatib turgan onaizorga qarab: «siz qabulimga boring» deya tayinlagan va qizchani  ko‘tarib «dadangni albatta qaytaraman», deb aytgan.

Oysara Ro‘ziyeva Qashqadaryo viloyati partiya komitetining birinchi kotibi qabuliga oyoqyalang holda kirib kelgan.

«Nega oyoqyalangsiz, shunday kelayapsizmi?» – deganlarida, u: «yo‘q kalishim yirtiq bo‘lgani uchun eshik oldiga yechdim» degan javobni bergan.

O‘sha vaqtda Hazrat Davronov qamoq jazosini Namangan viloyatining Pop tumanida o‘tayotgan edi.  U kishining oila a’zolari Islom Abdug‘aniyevichga murojaat qilishganidan keyin, 6 oy ichida qamoqdan ozod etilgan.

Nasib qilgan ekan, Hazrat Davronov yana uzoq yillar shu sovxozning 36-maktabida direktor vazifasida ishladi. Gulruh qizini esa, to vafot etgunlaricha «mening xaloskorim» deb atar, Islom akani doimo duo qilar edi.

Bunday holatlarni eslash inson uchun nihoyatda og‘ir. Ta’kidlaganimdek, Islom Abdug‘aniyevich talabchan rahbar, bir gapli shaxs edilar. Insoniylikni hech unutmaydigan ajoyib rahbar edilar. Men shunday inson bilan ishlaganimdan, ko‘p narsani o‘rganganimdan faxrlanaman.

Bugun bir ajoyib inson, keksani keksa, yoshni yosh sifatida hurmatini o‘z o‘rniga qo‘yadigan, kadrlar qadriga yetadigan, ularni asrab-avaylaydigan, umuman, inson nomini ulug‘laydigan Birinchi Prezidentimiz ishlarini davom ettirayotgan xalqimizning jonkuyar farzandi – Prezident Shavkat Mirziyoyevni o‘zbek onasi sifatida duo qilaman. U kishining olib borayotgan ishlaridagi bir jihat – kelgan kunlaridanoq, qo‘shni respublikalar bilan hamkorlikni yaxshilashlari, do‘stlik ko‘priklarini yaratishlari, yoshlarga katta e’tibor berishlari, olim-ziyolilarning qadriga yetganliklari barchani nihoyatda quvontirdi.

Farzandlarimiz, nevaralarimiz ishonchli qo‘llarda ekanidan xursandman. Doimo, ular tengi yo‘q millatning farzandi bo‘lganliklaridan faxrlanib yurishlarini, men o‘zbekman deyishlarini, Vatanini, xalqini sevishlarini, el-yurti koriga yaraydigan solih va soliha farzandlar bo‘lishlarini tilab qolaman. Allohim shu kunlarga yetkazgani rost bo‘lsin. Tinchligimizga ko‘z tegmasin. O‘tganlarimizning ruhlari shod bo‘lib, sizu bizni Yaratganning o‘zi qo‘llasin.

B.SAYFIYEV tayyorladi.

Exit mobile version