Saralangan satrlar
Tarixni ro‘y-rost bilish, boricha anglash uchun unga adolat bilan yondashuv kerak. Deylik, Bobur shaxsiyatini ulug‘lamoqchi bo‘lsak, Shayboniyxonni ham yerga urmay, xolis munosabat bilan talqin etsak, ko‘zlagan maqsadga erishamiz. Vaholanki, Bobur haqidagi ko‘plab asarlarda Shayboniyxon bosqinchi va zo‘ravon sifatida tasvirlanib, shu shaklda uqtirib kelindi.
Aslida Muhammad Shayboniyxon mohir lashkarboshi, islohotchi, shoir va mutafakkir ekanidan ko‘z yumolmaymiz. U Amir Temurdan keyin parchalanib ketgan saltanatni qayta tikladi, ichki barqarorlikni ta’minladi, chetdan bo‘ladigan hujumlarga chek qo‘ydi, madrasalar, masjidlar, ko‘priklar, xonaqohlar qurdirdi, maorif sohasida islohotlar o‘tkazdi.
Shayboniyxon haqida yetarli tasavvur beradigan asarlar orasida Sa’dulla Siyoyevning “Dashti Qipchoq lochini” asari alohida qiymatga ega. Tarixchi Qahramon Rajabov bu haqda quyidagi fikrlarni bildirgan: “Muhammad Shayboniyxon haqida hozirgacha o‘zbek adabiyotida ayrim tarixiy mavzudagi hikoyalarni mustasno etganda birorta qissa yoki roman yaratilmagan edi. Adib Sa’dulla Siyoyev o‘zbek adabiyotidagi mazkur bo‘shliqni to‘ldirish uchun mas’uliyatli vazifani o‘z zimmasiga olib, juda katta mashaqqat va zahmatlar evaziga mazkur qissani yaratdi”.
Asar tarix ixlosmandlari uchun ko‘plab qiziqarli ma’lumot va lavhalarni taqdim etadi. Albatta, o‘qib ko‘ring!
* * *
Ko‘pni ko‘rgan sarkardalar tilida bir hikmat yuradi: taxtni egallashdan ko‘ra uni qo‘lda tutib qolish mushkulroq emish. Bu e’tirof yosh hukmdor Bobur Mirzoga ham taalluqli bo‘lib chiqdi. U Samarqandni kuz oylarining oyog‘ida ishg‘ol qilgan edi. Qishga borib, ahvol og‘irlashdi. Samarqand nihoyatda g‘ariblashib qolgan edi. Shayboniyxonlar shaharning butun boyligini olib ketgan, xazina bo‘m-bo‘sh. Hatto navkarlarga maosh bergani sarmoya yetmasdi. Bobur nochorlik vajidan lashkarining bir qismini tarqatib yubordi. Uning ustiga shahar ahli orasida ham norozilik kuchaydi. Shayboniyxonlardan mehru shafqat ko‘rmagan oddiy mehnatkash xalq boburiylarning va’dalariga ham ishonmay qo‘ydi.
* * *
Shayboniyxonning azaliy bir odati bor. U qaysi shahar yo viloyatni zabt etsa, avvalambor o‘sha yerning bozorini borib ko‘radi. Zero, bozor mamlakatning yuz-ko‘zi degan aqidaga ishonadi.
* * *
Tanbal elchilar orqali xonga sadoqat, vafo, umid, minnatdorlik bitilgan maktublar yo‘llashni unutmaydi. “Ishqilib, shu sahroyi o‘zbekning orqasi tirishmasin, butun nonimni yarimta qilmasin” deya Tangriga yolboradi. Xirojdan, soliqdan urib qolgan tilla-kumushlarini esa olis tog‘lar qa’ridagi it topmas g‘orlarga bekitadi. Vodarig‘! Ne ajabki, iymonini yutib, munofiqlik qilgan, qasamxo‘rni Haq taolo ham kechirmas ekan.
Shayboniyxon tijoratchi, qalandar qiyofasidagi xufyalari orqali Ahmad Tanbalning muttahamligi, xiyonat-korligini eshitib yurgan edi. Tanbalning zaxiradagi suvoriylari to‘g‘risida ham xabar topdi. Xon qiziqqonroq bo‘lsa-da, sobir hukmdorlardan edi. Ammo, endi bosh ko‘targan ilonning uyasini buzmasang, u ajdahoga aylanib ketishi mumkin.
* * *
Shayboniyxon xos xonasida tanho o‘tiribdi. Ikki yonboshida dasta-dasta kitob: kulliyotlar, tazkiralar, bayozlar. Oldida miz – xat yozgani pastak xontaxta. Xon ro‘paradagi kattakon, yumaloq mang‘alda potirlab yonayotgan yong‘oqdek qip-qizil cho‘g‘larga xayolchan tikilib qoldi. Cho‘g‘lardan chiqayotgan harorat go‘yoki ko‘ngliga ko‘chgandek bo‘ldi. U yolg‘iz farzandi Temur Sultonga bag‘ishlab “Pandnoma” degan bir risola bitayotgan edi. Xomani olib, ikki satr yozdi: “Farzandim, jigarbandim, sen mening bandi-bandim…” Ko‘kragini faxru hayajon chulg‘adi, diliga quyilib bayt keldi:
Er esang, ish izlagin mardonaye,
Himmat ila bo‘lg‘asen durdonaye…
* * *
Bu dunyoga hech kim ustun bo‘lg‘on emas. Bu dunyo bir karvonsaroy. Keldilar, ketdilar, kelamiz, ketamiz.
* * *
Xonning ming jildlik ko‘chma kutubxonasi bor edi. U davlat ishlaridan forig‘ bo‘lganida, hatto ikki muhoraba orasidagi qisqa muddatli farog‘at kezlari ham mutolaani kanda qilmasdi. Mana hozir ham u hazrat Navoiyning kulliyotini lavhga qo‘ydiyu “bismillo” deb varaqlashga tushdi. Sahifa o‘tgan sari xonning ko‘ngli suv ichadi, a’zoi badani ifodasiz, ruhafzo bir tuyg‘udan chayqaladi.
Xon hazratning bir baytini o‘qib, kitobdan bosh ko‘tardi. Ko‘zlarini yumib baytni asta takrorladi:
Ko‘yida yig‘lar edim men zor har bemorg‘a,
Endi yig‘larlar bari bemorlar men zorg‘a.
“Ilohiy qalamdin to‘kilgan dur bu, – xayollandi xon, – biz ham nazm bo‘stonidin gul termakni havas qilibmiz. Vale bizning terganlarimiz xira sham yanglig‘ dilni yoritar bo‘lsa, piri komilning har lafzi guyoki porloq quyoshning o‘zginasidur”.
* * *
Bul benazar go‘zal va ibratli majozdir. Go‘yoki zanjirdagi sher sher emasdur, oyoq-qo‘li bog‘langan notavon kimsadur. Ul kimsa bandi turib ham yengaman, deydur. Bul xitob nasli basharga xos azaliy azmdur, na’radur. Zero, inson – isyon farzandi. Aning to‘rt muchasin band etmak mumkindur, vale uning ruhiy quvvatini, erkka tashna yuragini kishanlab bo‘lmas. Inson yolg‘iz olloga qul, vale o‘zga biron xilqat oldida bosh egishni istamas. Aning so‘ngaklarini pora-pora etib, terisini shilib olsa bo‘lar, va lekin uni to abad zabunlikda, qullikda asrash mushkuldir. Mukarram inson o‘z erki uchun jon nisor etmakka ham rozi bo‘lg‘ay. Odamizod aslida shunday yaratilmish.
* * *
Ajab maxluq erkan bu odamzod deganlari. Bir burda non umidida tuvg‘on tilidan kechib, begona alfozda chuldiramakni afzal ko‘radir. Alloh, Alloh! Iftixor qani, diyonat qani?
* * *
Shayboniyxon tasavvufga moyil edi. U o‘smirlik chog‘larida Buxoroda bir necha yil ta’lim olgan, Mavlono Xitoiydan qol ilmi birla hol ilmini ham astoydil o‘rgangan edi. Sulton ul-orifin Xoja Ahmad Yassaviyni o‘zining piri murshidi deb bilar, Shayxul-mashoyixning devoni hikmatini o‘z qo‘li ila bir necha karra ko‘chirib chiqqan edi.
* * *
Bir to‘p nodonning fatvosi bois, Mansurning qo‘l-oyog‘ini chopdilar, boshini tanasidan judo qilib, dorga osdilar. So‘ng kuydirib, kulini daryoga sochdilar. Oqibat ne bo‘ldi? Dajla isyonga keldi, toshib, qirg‘oqdan oshdi, shahar to‘fon ichida qolib, mahv bo‘lishga yuz tutdi. Mansur bir muridiga vasiyat qilg‘on edi. “Qachonki mening kulimni suvga oqizsalar, daryo toshib, Iroqni suv bosar. O‘shal chog‘ sen mening xirqamni olib, qirg‘oqqa tashla!” Murid shundoq qildi. To‘fon iziga qaytdi. Shahar xarob bo‘lmadi. Bul suygan bandasiga o‘z ilohiy sifatini ato etgan Haq taolo inoyati, muhabbati emasmu?
* * *
O‘zlarini o‘zbek deb ataguvchi bu xalqning tag‘in bir xislati – ularning shevasi edi. Bu yerliklarning tilida arabcha, forscha iboralar deyarli uchramaydi. Ular Mahmud Qoshg‘ariydan qolgan o‘sha qadim turkiy lahjada so‘zlashadilar. Ro‘zbehxon Dashti qipchoq elining lafzidagi atamalarni erinmay daftariga yozib bordi. Masalan, bu yerda labni erin, poydevorni ul, kaftni olaqon, zinani oshqoldoq, teshani cho‘t, mixni chaga, chiroqni ush, paytavani chulg‘ov, angishvonani o‘ymoq, handalakni domcha der ekanlar.
* * *
Tariqat ahkomiga ko‘ra, Shayboniyxon arkoni davlat birla bir necha kun ziyoratgohda muqim turadi. “Tungi suhbat chog‘ida, – deb yozadi Fazlulloh Ro‘zbehxon, – xon janoblari shayxul-mashoyixning karomatlaridan so‘zladilar. Chunonchi, Hazrat Yassaviy pirim demishlarki, huzurimizga tulki bo‘lib kelganlarni (ya’ni miskin, g‘arib kishilarni) sher etajakmiz, o‘zini sher chog‘lab kelgan kimsalar tulkiga aylangusidir. Mutakabburlar botiniy darddan forig‘ bo‘lib (ya’ni kibrdan qutulib), haqqa bir qarich yaqin bo‘lgay”.
* * *
Xalqda achchiq danak ekib, shirin meva kutma, degan naql bor. Hademay “salom”ga yarasha “alik” keldi. “Har bir o‘g‘il otasining hunarini qilishi kerak, deb da’vo so‘qibsan, – deyilgandi Shoh Ismoilning javob xatida, – unday bo‘lsa, Odam alayhissalomning hamma avlodlari payg‘ambar bo‘lishlari kerak edi. Valekin, Alloh taolo suygan bandalarini nabiy qilib tanladi. Sen Chingiziyman, deb kerilma. Xon naslidan bo‘lsang-da, qilichimizning kuchini urush maydonida sinashamiz. Oyog‘im uzangida. Senga duk bilan charx yubordim. Hadding sig‘sa, qarshimga chiq, chiqolmasang, charxni yigirib o‘tiraver”.
* * *
Ubaydullaxon bilan Temur Sulton Buxorodan yo‘lga chiqqan edi. Xonning yaqin kishisi Amir Qambar ularni kutaylik, har birida yigirma mingdan sarboz bor, deb maslahat soldi. Shayboniyxon ko‘nmadi. Yana kibrga erk berdi. “Bu urush mol-mulk uchun emas, iymon uchun, sunniylar maqomi uchun bo‘lajak”, deb jang maydoniga otlandi. Bu – Shayboniyxonning ikkinchi xatosi edi. Marvdan chetroqdagi sayxonlikda qattol olishuv bo‘ldi. Har ikki tarafdan minglab odam shahid bo‘ldi. Oqibat Shoh Ismoil hiylaga o‘tdi. U go‘yo mag‘lub bo‘lgandek, jang maydonini tark etdi. Askarlarini olib, iziga qaytib keta boshladi. Shayboniyxon bundan ruhlanib, safaviylarni quvishga tushdi. Ammo pistirmaga yo‘liqdi. Shoh Ismoilning necha minglab askari Shayboniyxonning ortidan hujum qildi. Xon iskanjada qoldi. Oldinda ham, ortda ham qizilboshlar bostirib kelardi. Alaloqibat Shayboniyxonning hamma amirlari halok bo‘ldi. O‘zi jang maydonida shahid bo‘ldi. Bu fojia 1510-yilning 10-dekabrida ro‘y berdi.
B.SAYFIYEV tayyorladi.