yoxud 1 365 673 150 so‘m miqdorida ajratilgan kreditning ta’minotsiz qolishiga kim aybdor?
Sir emas, ayni paytda iqtisodiy sudlarga kelib tushayotgan da’vo ishlarining aksariyat qismini kredit munosabatlari bilan bog‘liq nizolar tashkil etayapti. Ularni ko‘rish davomida bank ajratgan kredit mablag‘lari ayrim tadbirkorlik subyektlari tomonidan turli sabablar bilan o‘z vaqtida qaytarilmayotganligi, o‘rtadagi shartnoma shartlari doimiy ravishda jiddiy buzilayotganligi holatlari aniqlanmoqda. Ba’zida esa berilgan kredit qarzini shaxsiy manfaat yo‘lida ishlatib yuborganlik faktlari ham uchraydi.
Navbatdagi bir ishda ipoteka shartnomasini haqiqiy emas deb topish masalasi kun tartibiga qo‘yilgan. Da’vogar – ATB «Agrobank», javobgarlar esa ATB «O‘zsanoatqurilishbank», «Zokirjon qizi Asalxon» mas’uliyati cheklangan jamiyati va «DEAR PLACE» nodavlat maktabgacha ta’lim tashkiloti. Sud nizoni atroflicha ko‘rib chiqib, ish hujjatlari va ishtirok etuvchi shaxslarning vajlarini birma bir tekshirgach, xulosa qildi…
Gap shundaki, Maktabgacha ta’lim vazirligi (davlat sherigi) va «DEAR PLACE» nodavlat maktabgacha ta’lim tashkiloti (xususiy sherik) Prezidentning 2018-yil 5- apreldagi «Maktabgacha ta’lim tizimini yanada rag‘batlantirish va rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarori hamda u bilan tasdiqlangan «Maktabgacha ta’lim sohasida davlat-xususiy sheriklik to‘g‘risida»gi Nizom talablaridan kelib chiqib, 2019- yil 6-mayda o‘zaro davlat-xususiy sheriklik to‘g‘risida bitim imzolagan. Unda Kasbi tumani Oqqamish mahallasi hududida joylashgan yer maydonida 100 o‘rinli nodavlat ta’lim tashkilotini investitsiya kiritish asosida tashkil etish belgilangan. Ko‘rsatilishicha, loyihaning umumiy qiymati 3 203 561 281 so‘m bo‘lib, shundan 2 180 000 000 so‘mi imtiyozli kredit mablag‘lari va 1 023 561 281 so‘mi xususiy sherikning investitsiya majburiyati tarzida moliyalashtirilishi nazarda tutilgan.
Shundan qilib, «DEAR PLACE» NMTT mas’ullari ATB «Agrobank» Kasbi filialiga davlat-xususiy sheriklik bitimi doirasida kredit mablag‘i ajratish bo‘yicha murojaat qiladi. Ushbu moliya tashkiloti kredit komissiyasining 2020-yil 6- noyabrdagi 1-sonli majlisi qaroriga ko‘ra, subyektga 15 yil muddatga 3 yillik imtiyozli davr bilan yillik foiz ustama to‘lash sharti asosida 2 180 000 000 so‘m miqdorida kredit mablag‘i ajratish belgilanadi. Tadbirkorlik faoliyatini rivojlantirishni qo‘llab-quvvatlash davlat jamg‘armasining kafillik shartnomasi, Kasbi tumani Do‘stlik mahallasida joylashgan Hasanov Zokir Izzatullayevichga tegishli savdo va maishiy xizmat ko‘rsatish binosi kreditni qaytarish ta’minoti sifatida qabul qilinadi. Shuningdek, tashkil etilajak nodavlat ta’lim tashkiloti binosi ham foydalanishga topshirilganidan so‘ng bankka garov uchun taqdim etilishi kelishilgan.
2020-yil 16-noyabrda shu talab va shartlar asosida «DEAR PLACE» NMTT va ATB «Agrobank» Kasbi filiali o‘rtasida kredit shartnomasi imzolanib, kredit ajratilgan. Bundan tashqari, kredit bitimi yuzasidan jamg‘arma, bank hamda NMTT o‘rtasida 2020-yil 4-dekabrda 2020/K-4967-sonli uch tomonlama kafillik shartnomasi tuzilgan.
Ana shu tarzda moliyalashtirilgan mablag‘lar evaziga qurilgan nodavlat maktabgacha ta’lim tashkiloti 2022-yilda qurib bitkazilib, o‘sha yili 3-avgustda kadastr hujjatlari rasmiylashtirilgan va ko‘chmas mulk obyektiga bo‘lgan huquq davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan. Tabiiyki, ushbu bino «DEAR PLACE» NMTT va ATB «Agrobank» Kasbi filiali o‘rtasida 2020- yil 16-noyabrda imzolangan kredit shartnomasi shartlariga asosan garov obyekti hisoblangan.
Eng qizig‘i, uni endi boshqa bank garovga olishi mumkin bo‘lmasada, 2022-yil 15-sentabrda ATB «O‘zsanoatqurilishbank» va «ZOKIRXON QIZI ASALXON» mas’uliyati cheklangan jamiyati o‘rtasida tuzilgan 1218-sonli kredit shartnomasi (summa 1 365 673 150 so‘m) asosida 16-sentabrda rasmiylashtirilgan ipoteka shartnomasida o‘sha 100 o‘rinli davlat-xususiy sherikchilik asosidagi nodavlat maktabgacha ta’lim tashkiloti bino inshootlari egallagan yer maydonidan doimiy foydalanish huquqi bilan birga garov ta’minoti sifatida ko‘rsatilgan. Bu ochiqchasiga amaldagi qonun hujjatlariga zid harakat hisoblanadi.
Da’vogar – ATB «Agrobank»da ana shu vaj bor. Sudga javobgar sifatida jalb etilgan ATB «O‘zsanoatqurilishbank», «Zokirjon qizi Asalxon» mas’uliyati cheklangan jamiyati va «DEAR PLACE» nodavlat maktabgacha ta’lim tashkiloti mas’ullari esa da’voga qarshi o‘z qarshi pozitsiyalarini bildirgan.
Jumladan, «O‘zsanoatqurilishbank» vakillari da’voni asossiz sanab, moliya tashkiloti o‘z mijozi bilan tuzgan ipoteka shartnomasini haqiqiy emas deb topishga asoslar yo‘qligini aytgan holda shartnoma taraflar o‘rtasida ixtiyoriy tuzilgani, Maktabgacha ta’lim vazirligi shartnoma tuzishga rozilik bergani, notarial harakat qonun hujjatlariga muvofiq amalga oshirilgani bilan bog‘liq vajlarni keltirishdi.
Yakunda sud hay’ati maslahatxonadan chiqib, qabul qilingan qarorni e’lon qildi: javobgarlar ATB «O‘zsanoatqurilishbank» va «ZOKIRXON QIZI ASALXON» mas’uliyati cheklangan jamiyati o‘rtasida 2022-yil 16-sentabrda rasmiylashtirilgan ipoteka shartnomasi haqiqiy emas deb topilsin!
Bunday xulosaga kelish uchun yetarli asoslar bor, albatta.
Birinchidan, nodavlat maktabgacha ta’lim tashkiloti binosi «DEAR PLACE» NMTT va ATB «Agrobank» Kasbi filiali o‘rtasida tuzilgan 2020-yil 16-noyabrdagi kredit shartnomasi talab va shartlariga ko‘ra, allaqachon garov obyekti bo‘lgan.
Ikkinchidan, «Davlat-xususiy sheriklik to‘g‘risida»gi Qonunning 33-moddasiga ko‘ra, davlat-xususiy sheriklik to‘g‘risidagi bitimda davlat-xususiy sheriklik obyektiga bo‘lgan mulk huquqlarini o‘tkazish payti, xususan: davlat-xususiy sheriklik obyekti foydalanishga topshirilgan payt; davlat-xususiy sheriklik to‘g‘risidagi bitimning amal qilish muddati tugallangan payt; davlat-xususiy sheriklik to‘g‘risidagi bitimda belgilangan boshqa vaqt ko‘rsatilishi kerak.
Binobarin, Maktabgacha ta’lim vazirligi va «DEAR PLACE» NMTT o‘rtasida 2019-yil 6-mayda imzolangan o‘zaro davlat-xususiy sheriklik to‘g‘risidagi bitim 4.1-bandida mazkur hujjat imzolangan kundan boshlab kuchga kirishi va 30 (o‘ttiz) yil davomida (2049-yilgacha) amal qilishi ko‘rsatilgan. Biroq davlat-xususiy sheriklik obyektiga bo‘lgan mulk huquqlarini o‘tkazish payti yoki belgilangan boshqa vaqt ko‘rsatilmagan.
Demak, mazkur holatda javobgar, ya’ni «DEAR PLACE» NMTTga davlat-xususiy sheriklik obyektiga bo‘lgan mulk huquqi o‘tkazilmagan.
Bundan tashqari, «Maktabgacha ta’lim sohasida davlat-xususiy sheriklik to‘g‘risida»gi Nizomda «Bitim amal qilish muddati davomida xususiy sherik tomonidan unga tegishli bo‘lgan mulkni tasarruf etish, shu jumladan boshqa majburiyatlar bo‘yicha garovga qo‘yish man etiladi (ushbu nizomning 12-13-boblarida ko‘rsatilgan shakllardan tashqari), bundan xususiy sherik O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlariga muvofiq almashtirilishi mustasno» ekanligi belgilangan.
Maktabgacha ta’lim vazirligi va «DEAR PLACE» nodavlat maktabgacha ta’lim tashkiloti o‘rtasida imzolangan o‘zaro davlat-xususiy sheriklik to‘g‘risida bitimda faoliyati davomida qonun hujjatlari, shu jumladan, davlat talablariga rioya etish xususiy sherikning asosiy majburiyatlaridan biri sifatida belgilangan. Biroq NMTT ushbu bitim va qonun hujjatlari talablariga zid ravishda o‘z binosini uchinchi shaxslar foydasiga garovga qo‘ygan.
Ko‘rinib turibdiki, ATB «O‘zsanoatqurilishbank» va «ZOKIRXON QIZI ASALXON» mas’uliyati cheklangan jamiyati o‘rtasida 2022-yil 15-sentabrda imzolangan kredit shartnomasini tuzish va 16-sentabrdagi ipoteka shartnomasini rasmiylashtirishda yuqoridagi holatlar e’tibordan chetda qoldirilib, xatoga yo‘l qo‘yilgan. Endi esa ular asosida ajratilgan 1 365 673 150 so‘m miqdoridagi kredit mablag‘i garov ta’minotisiz qoldi.
Xo‘sh, bunga kim aybdor, kredit oluvchimi, unga ora kirib NMTT binosini garov uchun taqdim qilgan xususiy sherikmi yoki to‘plangan hujjatlarni yetarlicha o‘rganib chiqmagan moliya tashkiloti?
Sud o‘zining adolatli va xolis xulosasini berdi. Qo‘shimchasiga, nizoni ko‘rib chiqish asnosida xususiy ajrim chiqardi. Shubhasiz, vaqti-soati bilan yuqoridagi savollarning javoblari ham oydinlashadi.
Ammo, aybsizlik prezumpsiyasi prinsipi ustuvorligi va yuqorida keltirilgan dalilarni tarozining ikki pallasiga qo‘ygan holda mushohada qilsak, kredit bergan, kredit olgan, mulkini garovga qo‘ygan hamda buni «qonunan to‘g‘ri» deb tasdiqlab yuborgan vakolat egalari endi holatni qanday izohlar ekanlar?
Husan TURSUNOV,
Qashqadaryo viloyati sudi sudyasi, yuridik fanlari bo‘yicha falsafa doktori