Tomorqada qilingan mehnat tadbirkorlik bilan uyg‘unlashsa, olinadigan hosil ham, topiladigan daromad ham ortadi. Buni qashqadaryolik ko‘plab tomorqachilar allaqachon isbotlab bo‘lgan. Kasbi tumani Jizza mahallasida yashovchi 73 yoshli To‘ra Doniyorov ham ulardan biri. Uning hayotiy shiori oddiy: «ishlagan odam uchun yer – xazina».
– Yoshlikdan dehqonchilik va chorvachilikka mehrim baland, – deydi bobo. – Ilgari ochiq maydonda sabzavot va poliz ekinlari yetishtirgan bo‘lsak, endilikda bozor talabini o‘rganib, issiqxonada yangi va daromadli mahsulot yetishtirishga o‘tdik.
Tomorqachi 2023-yilda 10 sotix maydonda zamonaviy issiqxona barpo etdi. Internet orqali banan yetishtirish tajribasi bilan tanishib, tavakkal qildi. Avval 250 tup, keyin yana 500 tup banan ko‘chati ekib, bugun 750 tup niholdan to‘liq hosil kutmoqda.
Mutaxassislar fikricha, bir tup banan daraxtidan o‘rtacha 20-25 kilogramm hosil olish mumkin. Hatto eng kam hisobda ham 750 tupdan 15 tonna mahsulot yetishtiriladi. Bu esa 10 sotix yerdan salmoqli daromad degani. Shu bois To‘ra bobo farzandlari bilan yana 10 sotixli yangi issiqxona qurilishini boshlab yuborgan.
Ushbu xonadonda baraka faqat issiqxonadan emas. Ayni paytda 1000 dan ortiq broyler tovuq ham boqilmoqda. Shuningdek, qo‘y va tuxum yo‘nalishidagi tovuqlar ham parvarish qilinadi. Meva-sabzavot, sut-qatiq, go‘sht, tuxum kabi mahsulotlar avvalo oila ehtiyojiga sarflanadi, ortig‘i bozorga chiqariladi.
– To‘ra boboning maslahati va amaliy ko‘magi bilan joriy yilda yana 15 ta xonadon banan yetishtirishni boshlash arafasida, – deydi mahalla raisi Shermahmad Panjiyev.- U kishiday tashabbuskorlar boshqalarga ham kuchli turtki bermoqda: broylerchilik ham mahallamizning drayver yo‘nalishlaridan biriga aylanmoqda. Hozir 5 ta xonadonda 25 mingga yaqin jo‘ja boqilmoqda.
Shu mahallalik Mahliyo Muqimova esa ko‘chatchilik orqali oilasi daromadini oshirishga munosib hissa qo‘shmoqda. U 13 yildan buyon pomidor, baqlajon, bulg‘or qalampiri, bodring kabi ekinlar nihollarini tayyorlash bilan shug‘ullanadi.
– Ishni dekabr oyida boshlaymiz, – deydi u. – Avval urug‘ ekib, yanvar oxirida ko‘chatlarni alohida idishlarga o‘tqazamiz. Bu mavsum 40 ming tup ko‘chat tayyorladik. Barchasiga xaridor tayyor, fevral o‘rtasidan plyonka ostiga, martdan esa ochiq dalaga ekish uchun dehqonlar kelib, olib ketishadi. Ushbu faoliyatdan bir mavsumning o‘zidayoq 60-70 million so‘m daromad olinayotgani mehnat va puxta rejaning samarasidir.
Jizza mahallasida bir haqiqatni anglaysiz: yer hech qachon insonni aldamaydi. U mehnatni qadrlaydi. Mehr berib, izlanib ishlagan odam uchun hatto bir parcha tomorqa ham katta boylik manbaiga aylanadi.
Sobir NARZIYEV
Muallif olgan suratlar.