Yaqinda davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyevning yoshlar bilan o‘tkazgan ochiq va samimiy muloqotida yurtimiz taraqqiyotida ularning o‘rni va mas’uliyati yana bir bor alohida e’tirof etildi. Ushbu tarixiy uchrashuvda bildirilgan fikr va tashabbuslar, ayniqsa, ta’lim sifati, innovatsiya, raqamli texnologiyalar, tadbirkorlik va vatanparvarlik ruhini yuksaltirish borasidagi vazifalar biz, oliy ta’lim tashkilotlari jamoasi uchun dasturilamal bo‘lib xizmat qiladi.
Bugungi kunda dunyo shiddat bilan o‘zgarmoqda. Raqamli iqtisodiyot, sun’iy intellekt, «yashil» energetika, muhandislik va zamonaviy ishlab chiqarish sohalari yangi bilim va ko‘nikmalarni talab etmoqda. Muhtaram Prezidentimiz ta’kidlaganidek, yoshlar faqat diplomli emas, balki raqobatbardosh, tashabbuskor va keng dunyoqarashli mutaxassis bo‘lib yetishishi zarur.
Intilish va natija
Astoydil harakat qilgan odam, albatta, ko‘zlagan manziliga yetadi. Yoshlar bilan uchrashuv natijalarimizni sarhisob qilish va yangi reja-maqsadlarni belgilab olishimizga asos bo‘ldi.
Universitetimizda «Kelajakka qadam» dasturi, talabalar bandligini ta’minlash borasidagi ishlarimiz izchil davom etadi. E’tiborli jihati, dastur orqali 151 nafar talabaning tadbirkorlik faoliyatini qo‘llab-quvvatlash maqsadida banklardan 6 milliard 237 million so‘m miqdorida kredit ajratildi.
Talabalarimiz muntazam ravishda «Mirzo Ulug‘bek vorislari» va boshqa tanlovlarda g‘oliblar safidan o‘rin egallab kelmoqdalar. Joriy o‘quv yilining o‘zida 13 nafar talabamiz O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti va nomli stipendiyalar sohibi bo‘ldi.
Xalqaro hamkorlik borasida ham ishlarimiz ko‘lami kengaymoqda. Hozirda 2 ta qo‘shma ta’lim dasturi bo‘yicha faoliyat olib bormoqdamiz. Talabalarimizdan 350 nafari «Ishla va sayohat qil (Work and travel)» dasturi asosida Germaniya va Bolgariyada pul to‘lanadigan amaliyot jarayonlarida ishtirok etish uchun hujjat topshirgan. Ayni paytdan 1000 dan ortiq talaba nemis tili kurslarida til o‘rganmoqda.
Kitobxonlikni kuchaytirish maqsadida universitetimizda «Bir oyda bir kitob», «Asardan iqtibos» kabi tanlovlar yo‘lga qo‘yildi. Professor-o‘qituvchilarimiz tomonidan mahallalardagi yoshlarga kitoblar sovg‘a qilindi.
Talabalarning sport sohasidagi iqtidorini aniqlash, ularni xalqaro musobaqalarga tayyorlash, malakali murabbiylar qo‘l ostida shug‘ullanishlarini ta’minlash maqsadida sport federatsiyalari bilan amaliy hamkorlik o‘rnatilmoqda.
Foya, maqsad va mahsulot
Shu o‘rinda yoshlarga aytar so‘zimiz bor: «Bilim olishga mas’uliyat bilan yondashing. Har bir dars, har bir laboratoriya mashg‘uloti, har bir amaliy topshiriq kelajagingiz uchun poydevordir.
Innovatsion fikrlashni rivojlantiring. Startap loyihalar, ilmiy tadqiqotlar va amaliy ishlanmalarda faol ishtirok eting.
Til o‘rganish va raqamli ko‘nikmalarni oshirib boring. Xalqaro maydonda raqobat qila olish uchun bugun bu talab emas, balki zarurat».
Hozirda universitetimizda 22 mingga yaqin talaba tahsil olmoqda. Iqtidorli yoshlarimiz tomonidan 60 dan ortiq startap loyihalar yaratilib, ulardan 10 ga yaqini joriy etishga tavsiya qilindi. Ushbu startaplarning asosan mahallalar va hududiy korxonalaridagi muammolar yechimiga qaratilayotgani ahamiyatlidir.
Talaba-yoshlarning innovatsion loyihalari va tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash maqsadida universitetimizda zamonaviy ekotizim yaratiladi, ya’ni muhandislik ilmiy-ishlab chiqarish markazi (Fab-lab) ishga tushiriladi. Markaz talaba-yoshlarni 10 dan ortiq kasbga o‘rgatish, 150 dan ortiq yoshlarning bandligini ta’minlash, startaplarning «g‘oyadan mahsulotgacha» tamoyilini amalga oshirishga xizmat qiladi.
Prezidentimiz topshirig‘iga ko‘ra, universitetimizda ham har payshanba «Yoshlar kuni» etib belgilandi. Shu kuni iqtidorli talabalar bilan uchrashib, ularning innovatsion g‘oyalari va startap loyihalari haqida muloqot qildik. Tegishli tavsiyalarni berdik.
Davlatimiz rahbari tomonidan bildirilgan ishonch – katta sharaf va ulkan mas’uliyatdir. Bu ishonchni amaliy natijalar, yangi yutuqlar va yuksak marralar bilan oqlashga harakat qilishimiz shart. Aminmanki, universitetimiz talabalari nafaqat Qashqadaryo viloyati, balki butun mamlakatimiz taraqqiyotiga munosib hissa qo‘shadigan yetuk mutaxassislar bo‘lib yetishadilar.
Sherzod NE’MATOV,
Qarshi davlat texnika universiteti rektori