viloyatning strategik rivojlanish rejalarini shakllantiradi, ustuvor yo‘nalishlarda istiqbolli loyihalarni amalga oshiradi va iqtisodiy o‘sish nuqtalarini rivojlantiradi
Mamlakat Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning joriy yil 19-20–iyun kunlari Qashqadaryo viloyatiga qilgan tashrifi davomida belgilangan vazifalar ijrosini ta’minlash maqsadida viloyat hokimligi huzurida «Islohotlar shtabi» tashkil etildi.
«Islohotlar shtabi»ning kengaytirilgan tarkibi, nizomi va doimiy ishchi organi tuzilmasi viloyat hokimining shu yil 18-avgustdagi qarori bilan tasdiqlandi.
Mazkur hujjatga asosan Qashqadaryoda hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, istiqbolli loyihalarni amalga oshirish, infratuzilma va investitsiya jarayonlarini tezlashtirish, aholi va tadbirkorlar bilan samarali muloqotni yo‘lga qo‘yish uchun tashkil etilgan «Islohotlar shtabi»ga viloyat hokimi va hududga biriktirilgan Prezident maslahatchisi rahbarlik qiladi. Shtabning kengaytirilgan tarkibi rahbariyat (9 kishi), doimiy ishchi organi a’zolari (5 kishi), davlat banklarining viloyat bo‘limlari va filiallari boshliqlari (9 kishi) hamda lider tadbirkorlar va ekspertlar (9 kishi)dan iborat.
Shtabning nizomiga ko‘ra, uning asosiy maqsadi viloyatning strategik rivojlanish rejalarini shakllantirish, ustuvor yo‘nalishlarda istiqbolli loyihalarni amalga oshirish va iqtisodiy o‘sish nuqtalarini rivojlantirishdir. Shundan kelib chiqib, yangi tuzilma viloyatning qisqa, o‘rta va uzoq muddatli rivojlantirish strategiyasini qayta ko‘rib chiqish va amalga oshirish, hududlar kesimida «o‘sish nuqtalari»ni aniqlash va ular bo‘yicha master-rejalarni tayyorlash, har bir tuman va shahar uchun «Biznes xarita»larini ishlab chiqish, infratuzilma, logistika, kommunikatsiya va xizmat ko‘rsatish sohalarini tezkor rivojlantirish, energotejamkor texnologiyalar, quyosh panellari, geliokollektorlar va «yashil» infratuzilmalarni joriy etish kabi muhim vazifalarni bajaradi. Ayni paytda «Islohotlar shtabi» zimmasiga milliy brendlar yaratish va mahalliy mahsulotlarni ommalashtirish bo‘yicha chora-tadbirlarni amalga oshirish, lider tadbirkorlar va investorlar bilan muntazam muloqot tashkil etish, loyihalarni amalga oshirish jarayonini «Loyihalarni boshqarish» platformasi orqali nazorat qilish, ishlab chiqarish, xizmat ko‘rsatish, investitsiya va bandlik dasturlari loyihalarini tayyorlash funksiyalari ham yuklatilgan.
Bu vazifalarni bajara olishi uchun «Islohotlar shtabi»ga viloyatdagi davlat organlari, korxona va tashkilotlardan zarur ma’lumot va hujjatlarni so‘rab olish, loyihalar bo‘yicha tenderlar, tanlovlar va ishchi uchrashuvlar tashkil qilish, konsalting, ekspert va ilmiy-tadqiqot tashkilotlarini jalb etish huquqi berilgan. Shuningdek, bu tuzilma mahalliy budjet va qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalardan mablag‘ jalb qilish, loyihalarni moliyalashtirish bo‘yicha bank va investorlar bilan kelishuvlar tuzish, infratuzilma masalalarini tezkor hal etish yuzasidan tegishli organlarga taqdimnoma kiritish vakolatiga ham egadir.
«Islohotlar shtabi»ning yig‘ilishlari zaruratga qarab, lekin kamida oyiga bir marta o‘tkaziladi. Ishchi organ esa har haftada joylarda amalga oshirilayotgan loyihalar holati bo‘yicha ma’lumot tayyorlab, shtab rahbarlariga taqdim etadi. Ular, o‘z navbatida, har shanba kuni harakatlar rejalari ijrosini muhokama qiladi va tezkor hal etilishi zarur masalalarni belgilaydi.