Tanlov
O‘zbekiston Respublikasi Davlat Mustaqilligining 35 yilligi munosabati bilan Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi Qashqadaryo viloyati bo‘limi tomonidan «Yagona Vatan, yagona xalq bo‘lib, yangi hayot va kelajak yaratamiz!» mavzusida videoroliklar tanlovi e’lon qilingan edi. Kuni kecha Qarshi shahridagi Ma’naviyat maskanida g‘oliblarni taqdirlash marosimi o‘tkazildi.
Qayd etish joiz, videoroliklar «Mustaqillik bergan imkoniyatlar», «Istiqlol – shaxslar taqdirida», «Mustaqillik inshootlari», «Obod manzillar tarovati» kabi yo‘nalishlar asosida ko‘rib chiqildi va tegishli nizomga muvofiq baholandi.
Istiqlol mohiyati, shaxslar taqdiridagi ahamiyatini Turkiya, Xitoy, Qatar kabi mamlakatlarda bo‘lib, o‘ziga xos uslubda ifoda etgani uchun Qashqadaryo teleradiokanali muxbiri Nigora Tog‘ayeva 1-o‘ringa munosib ko‘rildi.
«Yangi O‘zbekiston nafasi Qashqadaryoda» ruknida keyingi yillarda amalga oshirilgan bunyodkorlik ishlarini aks ettirgani uchun «Zo‘r TV» viloyat bo‘yicha muxbiri Akbarali Xudoyberdiyev 2-o‘rinni qo‘lga kiritdi.
Prezidentning 2022-yil 26-oktabrdagi «Respublikada mahalliy aviaqatnovlarni rivojlantirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi qaroriga muvofiq, Shahrisabz aeroportiga aviaqatnovlar tiklanganidan xabaringiz bor. Bu yerda olib borilgan bunyodkorlik ishlarini aks ettirgani uchun «Qarshi xalqaro aeroporti» MCHJ axborot texnologiyalariga xizmat ko‘rsatish guruhi mutaxassisi Navro‘z Gulmurodov 3-o‘ringa loyiq deb topildi.
G‘oliblarga diplom va esdalik sovg‘alari topshirildi.
B.SAYFIYEV