Oregon shtat universitetini kompyuter sohasi bo‘yicha bitirgan Zakari Teylor texnologiya yo‘nalishidagi qariyb 6 mingta vakant o‘rinlarga hujjat topshirdi va atiga 13 marta suhbatga chaqirilib, ish to‘g‘risida birorta ham taklif olmadi. Bu haqda Moneywise nashri xabar tarqatgan.
Bu holat kompyuter ilmini o‘rganayotgan talabalar ko‘plab ish takliflari, yuqori boshlang‘ich maosh va qator bonuslarni mo‘ljal olishi mumkin bo‘lgan yaqin o‘tmishdagidan keskin farq qiladi. Endi vaziyat o‘zgardi: texnologiya kompaniyalari xodimlarini yoppasiga qisqartirib, ayrim holatlarda raqamli yechimlar ishlab chiqishda yordam bergan mutaxassislar o‘rnini almashtirish uchun sun’iy intellekt (SI)dan foydalanayapti.
SI avvaliga oddiy vazifalarni avtomatlashtirish va xodimlar muhimroq ishlarga diqqat-e’tibor qaratishlariga imkoniyat yaratish uchun mo‘ljallangan bo‘lsa-da, ko‘pchilik yangi ishlanma o‘z o‘rnini to‘liq egallashidan qo‘rqardi va bu allaqachon sodir bo‘lmoqda.
Endi ko‘plab dasturchi talabalar texnologiya sohasidagi yuqori maosh to‘lanadigan lavozimlar haqidagi orzulari bilan xayrlashishga majbur bo‘ladi. Ular o‘rtasida o‘tkazilgan so‘rov natijalaridan ko‘rinishicha, ko‘plab talabalar yuzlab, ayrim hollarda minglab vakant o‘rinlar uchun ariza topshirishgan, biroq bir necha oylik ish izlashlar aksar hollarda umidsizlik bilan tugagan yoki kompaniyalar tomonidan e’tiborsiz qoldirilgan.