Bugun yurtimizning har bir go‘shasida o‘tkazilayotgan Navro‘z – yoshlik va shijoat ayyomi tantanalarida Yangi O‘zbekiston farzandlarining turli sohalarda erishayotgan yutuqlari xalqimiz tomonidan samimiy olqishlanmoqda.
Har qancha maqtovlarga loyiq iqtidorli yoshlarimizdan biri – Kitob tumanidagi 4-maktabning 10-sinf o‘quvchisi Jasmina Azimova yaqinda «Jadidlar izidan» respublika tanlovining g‘oliblari safida Germaniyaga ta’lim sayohatiga borib keldi.
Xabaringiz bor: o‘tgan yilning oktabr-dekabr oylarida Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi tashabbusi bilan yurtimizda «Jadidlar izidan» respublika tanlovi o‘tkazilgan edi. O‘quvchilarda mustaqil fikrlash ko‘nikmalarini shakllantirish va ajdodlarimizning boy ma’naviy merosini keng targ‘ib qilish orqali yoshlarni kitobxonlikka jalb etish maqsadida tashkil etilgan bu tanlov nizomiga ko‘ra, uning 14 nafar g‘olibi uchun Germaniyaga ta’lim sayohati uyushtirilib, XX asrning boshlarida o‘zbek jadidlari tahsil olgan ta’lim dargohlari faoliyati bilan tanishish imkoniyati yaratildi.
Safar davomida jadid bobolarimizning yosh izdoshlari Berlindagi Humboldt universiteti, Berlin davlat kutubxonasi, Germaniya parlamenti – bundestag va uning tarixiy binosi – reyxstag, boshqa diqqatga sazovor joylarga borib, ushbu mamlakatning oliy ta’lim tizimi, madaniy hayoti, ichki va tashqi siyosati, shuningdek, yoshlar siyosati haqida keng ma’lumotlar va boy taassurotlarga ega bo‘lishdi. Kitob tumani hokimligining Telegram-kanalida ma’lum qilinishicha, ta’lim sayohati doirasida Jasmina Azimova Mahmudxo‘ja Behbudiyning 150 yilligiga bag‘ishlab o‘tkazilgan konferensiyada faol ishtirok etib, ingliz tilida nutq so‘zladi.
