Qashqadaryo gazetasi Ma’naviyat “Jadidlar merosi” mavzusida ijodiy ishlar tanlovi o‘tkazildi
Ma’naviyat

“Jadidlar merosi” mavzusida ijodiy ishlar tanlovi o‘tkazildi

Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi Qashqadaryo viloyati bo‘limi hamda tuman-shahar bo‘linmalari rahbar-xodimlari ishtirokida “Jadidlar merosi” mavzusida ijodiy ishlar tanlovi o‘tkazildi.

Qayd etish joiz, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev “Vatan va xalq taqdiriga nisbatan tahdidlar kuchaygan vaziyatda aynan millat fidoyilari – uyg‘oq qalbli ziyolilar, shoir va adiblar, san’at namoyandalari, ma’naviyat va ma’rifat sohasi xodimlari jasorat bilan maydonga chiqqanlar. Mamlakatimiz o‘z taraqqiyotining yangi, yuksak bosqichiga kirayotgan hozirgi paytda bizga jadid bobolarimiz kabi g‘arb ilm-fan yutuqlari bilan birga, milliy qadriyatlar ruhida tarbiya topgan yetuk kadrlar suv bilan havodek zarur”, deya ta’kidlagan edi.

Ma’lumki, jadidlar faoliyatini yaqindan bilish uchun ularning ilmiy-ijodiy ishlarini, asarlarini puxta o‘rganish, mutolaa etish darkor. Mazkur tanlov shu maqsad ro‘yobiga qaratilgani bilan ahamiyatlidir.

Dastavval o‘qish zarur bo‘lgan asar e’lon qilindi. Buning uchun jadid ma’rifatparvari Abdurauf Fitratning “Najot yo‘li” asari tanlandi. Ma’lumki, ushbu asar millat taraqqiyoti, ma’rifat, din va jamiyatni yangilashning asosiy dasturi sifatida yozilgan bo‘lib, jaholat va qoloqlikdan qutulishning birdan-bir yo‘li ILM ekani ko‘rsatiladi. Shuningdek, dinni soxta talqinlardan tozalash zarurligi, odamlar faol bo‘lishi va atrofidagi muammolarga befarq qaramasligi, jamiyatning sog‘lom bo‘lishi yosh avlod tarbiyasi va oila madaniyatiga bevosita bog‘liqligi aniq misollar bilan tushuntiriladi.

Tanlov ishtirokchilari insho va savol-javob shartlari asosida baholab borildi.

Yakuniy natijalarga ko‘ra, Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi Kasbi tumani yetakchi mutaxassisi Yulduz Rahmatova 1-o‘rinni egalladi. Markaz viloyat bo‘limi bosh mutaxassisi Latif Qambarov 2- va Yakkabog‘ tumani bo‘linmasi yetakchi mutaxassisi Nasiba Rahmonova 3-o‘rinni qo‘lga kiritdi. Ma’naviyatchilar qo‘shimcha nominatsiyalar bo‘yicha ham rag‘batlantirildi.

B.SAYFIYEV

Suratlarda: tanlovdan lavhalar.

Exit mobile version