Qashqadaryo gazetasi Ilm-fan Jahon rekordi o‘rnatilishida qashqadaryolik yosh robototexniklarning ham hissasi katta
Ilm-fan

Jahon rekordi o‘rnatilishida qashqadaryolik yosh robototexniklarning ham hissasi katta

Xabaringiz bor: Mustaqillik kuni arafasida poytaxtdagi Yangi O‘zbekiston bog‘ida 1946 nafar iste’dodli yosh muhandis 1946 ta kichik robotni yig‘ib, Ginnes rekordlar kitobiga kiritilgan jahon rekordini yangilashga muvaffaq bo‘ldi. E’tiborlisi, ushbu tarixiy natijani qo‘lga kiritishda 100 nafardan ortiq qashqadaryolik o‘quvchi va talaba ham munosib hissa qo‘shdi.

Yangi O‘zbekiston bunyodkorlari

Ginnes rekordlar kitobining rasmiy saytida qayd etilishicha, bir vaqtning o‘zida eng ko‘p odam tomonidan robotlar yig‘ish bo‘yicha jahon rekordi 1946 kishini tashkil etadi va bu ko‘rsatkichga O‘zbekiston Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi tomonidan 2025-yil 18-avgust kuni Toshkent shahrida erishilgan.

– Har bir ishtirokchiga aniq o‘rin ajratilib, muayyan rangdagi futbolkalar taqdim etildi, shuning uchun ham rekord o‘rnatish jarayonida qush parvozi balandligidan yoshlar safi O‘zbekiston davlat bayrog‘i bo‘lib ko‘rinib turdi, –  deya ma’lum qilinadi guinnessworldrecords.com internet-saytida. – Belgilangan vaqt o‘tgach, yig‘ilgan robotlar sonini sanash va ularning o‘z vazifasi, ya’ni paxta terish funktsiyasini bajara olishini tekshirish vaqti keldi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, aktsiyada ishtirok etgan 2 ming nafarga yaqin yosh muhandisdan 1946 nafari bu ishni belgilangan vaqtda a’lo darajada uddaladi. Shu bois bundan ikki yil oldin hindistonliklar tomonidan o‘rnatilgan jahon rekordi (o‘shanda bir vaqtning o‘zida 1459 kishi robot yiqqan edi) yangilangani e’tirof etilib, Ginnes rekordlar kitobining rasmiy vakili tomonidan Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vaziriga buni tasdiqlovchi maxsus sertifikat topshirildi.

– Bu jarayon nafaqat yoshlarning ilmiy-texnik salohiyatini namoyish etdi, balki ularning izlanuvchanligi, jamoaviy hamjihatligi va yangilik yaratishga bo‘lgan intilishini ham yorqin ko‘rsatdi, – deyiladi Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligining xabarida.

«Qarshi davlat texnoparki» davlat muassasasi rahbari Javohirbek Eshmurodovning aytishicha, Yangi O‘zbekiston bog‘ida jahon rekordini o‘rnatish jarayonida mazkur texnoparkda «Robototexnika» yo‘nalishi bo‘yicha tashkil etilgan o‘quv kursida ta’lim olgan yoshlar ham faol ishtirok etgan.

– Rekord o‘rnatishda qatnashgan qashqadaryolik 102 nafar yoshdan 10 nafari maktab o‘quvchilari bo‘lsa, 92 nafari Qarshi davlat texnika universiteti talabalaridir, – deydi QDTUning texnologik jarayonlarni avtomatlashtirish va boshqaruv kafedrasi assistent-o‘qituvchisi Shohruh Mirzayev. – Texnoparkdagi «Robototexnika» kursida o‘qigan 180 nafar o‘quvchi va talaba orasidan saralangan bu yosh muhandislarni kafedramiz katta o‘qituvchisi Islomnur Ibragimov bilan birgalikda muayayn vaqt davomida qo‘shimcha tayyorlaganmiz, shuning uchun ham barchasi paxta terish uchun mo‘ljallangan 20×20 santimetr kattalikdagi robotlarni yig‘ish vazifasini qiyinchiliksiz bajargan. Rekordchilarimizning boshqa yutuq va muvaffaqiyatlari haqida gapiradigan bo‘lsak, ular tomonidan qishloq xo‘jaligi, ijtimoiy xizmatlar ko‘rsatish, turizm, xususan, mehmonxona biznesi hamda boshqa sohalarda foydalanish uchun turli xil robotlar yaratilgani alohida e’tirofga loyiqdir. Ishonchim komilki, yosh robototexniklarimizning ixtirolarini tez orada nafaqat viloyat va respublika, balki jahon miqyosidagi innovatsion texnologiyalar ko‘rgazmalarida ham ko‘rish mumkin bo‘ladi.

O‘z muxbirimiz

Exit mobile version