Qashqadaryo gazetasi Jamiyat Jeynovlik Safar Hakimov Germaniyada o‘qigani bilan bog‘liq hujjatlarni nega yo‘q qilib yuborgan?
Jamiyat

Jeynovlik Safar Hakimov Germaniyada o‘qigani bilan bog‘liq hujjatlarni nega yo‘q qilib yuborgan?

O‘tgan asrning 20-yillarida Germaniyaga o‘qishga yuborilgan va qatag‘onga uchraganlar orasida qashqadaryolik talabalar ham bo‘lgan. Ulardan biri jeynovlik Safar Hakimovdir. «Qashqadaryo vohasi tarixidan lavhalar» kitobida qayd etilishicha, Safar Hakimovning bobosi Gulmurodboy 300-400 qo‘ylik chorvador boy bo‘lgan. U Qashqadaryodan Buxoroga qo‘y sotib savdogarlik qilgan. Otasi Hakim Gulmurodov o‘rtahol dehqon bo‘lib, miroblik qilgan. Keyinchalik Hakimboy ham ota kasbi savdogarlik bilan shug‘ullanib, o‘z do‘konida Buxorodan keltirilgan manufaktura mollarini sotgan.

Qashqadaryoga oid

1916-yili Hakim Gulmurodov vafotidan so‘ng o‘g‘li Safar Hakimov o‘qish maqsadida Buxoroi sharifga borib, jadid maktabida tahsil ola boshlaydi. 1922-yili Buxoro Xalq Respublikasi hukumati tomonidan Germaniyada tahsil olish uchun tanlangan 56 nafar iqtidorli yigit orasidan Safar Hakimov ham joy oladi.

10 yoshdan 16 yoshgacha bo‘lgan 18 nafar bola, jumladan, Safar Hakimov ham Shimoliy Germaniyadagi Kyosling shahridagi gimnaziyaga joylashtiriladi. O‘zbekiston SSR tuzilgach, sho‘ro hukumati ma’murlari Germaniyada tahsil olayotgan talabalarning mafkuraviy holatini tekshirish uchun Meyyerson rahbarligida komissiya yuboradi. Meyyerson talabi bilan barcha talabalar Kyoslingdan Berlinga olib kelinadi. Meyyerson talabalar mafkuraviy ishonchsiz degan bahona bilan SSSRga qaytishini talab qiladi. Shu vaqtda achchiq ustida toshkentlik Ahmadjon Shakuriy qayerdandir to‘pponcha topib, Meyyersonga o‘q uzadi. SHo‘ro ma’murlari bu holdan foydalanib talabalarni zudlik bilan ortga qaytarishga kirishadi.

Vatanga qaytgan Safar Hakimov Qashqadaryo viloyatida xalq xo‘jaligini rivojlantirishga kirishadi. Tez orada o‘ziga yarasha obro‘ qozonadi. 1936-yili  Toshkentga yo‘l olib, 1943-yili qishlog‘iga qaytib keladi.

 1943-yil 16-oktabr kuni Ichki ishlar xalq komissarligi Qashqadaryo viloyat bo‘limi Safar Hakimovni 1922-1929-yillarda Germaniyada o‘qigan, oliy ma’lumotli deb O‘zbekiston SSR Jinoyat kodeksining 66-moddasi ikkinchi qismi bilan ayblovchi qarorni imzolaydi. U 1943-yil 19-oktabr kuni berilgan order asosida qamoqqa olinadi.

Safar Hakimovning Germaniya bilan bog‘liq na biror hujjati, na diplom, na surat topiladi. Ular allaqachon yo‘q qilib yuborilgandi. Uzoq davom etgan tergov jarayonida ham u o‘zining Germaniyada o‘qiganini mutlaqo rad etadi. Shu bois bugungi kunda ham Jeynovdan Germaniyaga borib tahsil olgan vohadoshimiz borligini ko‘pchilik bilmaydi.

Xullas, Safar Hakimovga qo‘yilgan ayblovlar o‘z isbotini topmaydi. 1944-yil 5- maydagi qayta sud Safar Hakimovning umuman aybsizligini tan olib, oqlashga majbur bo‘ladi.

Chaqar nima degani?

Qarshi shahrida Chaqar nomli mahalla bor. Xo‘sh, bu so‘zning ma’nosi nima? Atoqli olim To‘ra Nafasov hamda jamoatchilik faoli Shuhrat Tursunov muallifligidagi «Qarshi shahri mahalla va ko‘cha nomlari» risolasida qayd etilishicha, Beshkentariqning o‘ng qirg‘og‘idagi qadimiy mahalla, guzar Chaqar deb atalgan.

XI asrda turkiy tilda tor va kichik yo‘lni chag‘ir deb atashgan. Bunday yo‘l aholi maskanlari ichida emas, asosan dala-dashtda bo‘lgan. «Chag‘ir» so‘zi tovush jihatidan o‘zgarib, «chaqar» shakliga o‘tishi mumkin bo‘lsa ham, Chaqar nomiga daxldor deb qarash qiyin. Chunki Chaqar degan guzar, mahallalar shahar va yirik aholi maskanlarida bo‘lgan.

«Boburnoma»da «Temurbekning nabirasi Jahongir mirzoning o‘g‘li Muhammad Sulton mirzo Samarqandning tosh qo‘rg‘onida – chaqarda bir madrasa solibtur» jumlasi bor. Bundan ko‘rinadiki, chaqar – tosh qo‘rg‘on ma’nosini ifodalaydi.

Eski o‘zbek tilida shahar qal’asidan tashqarida, sal nariroq masofada girdi devor bilan qurshalgan joy chaqar deb atalgan. Bunday chaqarning devori toshdan, pishiq g‘ishtdan qilingan, poydevori mustahkam qilib tosh qalangan.   Samarqand, Buxoro, Toshkent, Marg‘ilon, Jizzax kabi qadimiy shaharlarda Chaqar degan guzar, mahallalar bor. Respublikaning ko‘pgina tumanlarida ham shu nomdagi guzar, mahalla, qishloqlar borligi ma’lum. Yakkabog‘, G‘uzor tumanlarida Chaqar qishlog‘i mavjud.

G‘alaba paradida qatnashgan g‘uzorlik jangchi

Ma’lumki, Ikkinchi jahon urushida fashizm ustidan qozonilgan g‘alaba munosabati bilan 1945-yil 24-iyunda Moskva shahri markazidagi Qizil maydonda G‘alaba paradi o‘tkaziladi. Paradda qatnashish uchun urushning boshidan oxirigacha ishtirok etgan, janglarda qahramonlik ko‘rsatgan jangchilar tanlab olingan.

Tor-mor qilingan fashist armiyasining 200 ta bayrog‘ini mavzoleyning poyiga soldatlar kolonnasi tashlaydi. Mana shu soldatlar ichida g‘uzorlik Chori Nazarov ham bor edi. Paradga marshal K.K.Rokossovskiy qo‘mondonlik qilib, paradni Oliy bosh qo‘mondon o‘rinbosari, marshal G.K.Jukov qabul etadi. Paraddan so‘ng ishtirokchilarga marshal K.K.Rokossovskiyning faxriy yorliqlari topshirilgan.

Chori Nazarov 1923-yil 1-aprelda G‘uzor tumanidagi Yangikent qishlog‘ida dehqon oilasida tug‘ilgan. Kolxozda mexanizator bo‘lib ishlab yurgan vaqtida armiyaga chaqiriladi. Harbiy xizmat tugash arafasida Ikkinchi jahon urushi boshlanadi.

1941-yil dekabrdan 1945-yil mayigacha Chori Nazarov 453-o‘qchi polkda xizmat qilib, Ukraina va Yevropaning qo‘plab shahar va qishloqlarini nemis fashist bosqinchilaridan ozod qilishda ishtirok etadi. Janglarda ko‘rsatgan qahramonliklari uchun Chori Nazarovga polk komandiri Memedovning shaxsan o‘zi faxriy yorliq va medallarni topshirgan. Bu hol o‘sha paytlar jangi uchun sharaf va yuqori taqdirlanish bo‘lgan.

1985-yil 9-may kuni Moskva shahridagi Qizil maydonda G‘alabaning 40 yilligi munosabati bilan o‘tkaziladigan harbiy paradda ishtirok etish uchun Chori Nazarov ikkinchi bora faxriy veteran sifatida Moskvaga chaqiriladi. O‘sha kuni u «G‘alabaning 40 yilligi» medali bilan taqdirlanadi.

Chori Nazarov 2007-yil 9-sentabrda 84 yoshida bu olamni tark etdi. 

«Yulduzlar mangu yonadi» qissasida ta’riflangan kitoblik polvon kim?

Tog‘ay Murodning «Yulduzlar mangu yonadi» qissasida shunday lavha bor:

«Kitoblik Sayfiddin Xodiyev bor-ku, yaqinda o‘sha bilan o‘tirib qoldim. Trenerlar meni jahon chempioni qilib yetishtirdim, deb suyunadi, bilmaydilarki, men bolaligimdan to‘ylarda olishib yurgan tayyor polvon edim, deydi.

– Aytganday, shu bola ikki marta jahon chempioni bo‘ldi-ya.

– Ha-da, Mo‘g‘ulistonda qanday qilib jahon chempioni bo‘lganini gapirib berdi. Olish vaqti tugashiga bir necha soniya  qolganda yonboshga olib urib ochko oldim, deydi. Bunday hunar boshqa biror olishda yo‘q, faqat bizning olishimizda bor, deydi.

– Ota-bovamizning hunarini mahkam ushlasak, jahonning eng zo‘r polvoni biz bo‘lamizku-ya, nima dedingiz, sho‘ro bova?»

Qissada tilga olingan mashhur o‘zbek kurashchisi, sambo bo‘yicha ikki karra jahon chempioni Sayfiddin Xodiyev 1950-yilda Kitob tumanining Yangiqishloq qishlog‘ida tug‘ilgan.

U 1966-yilda hududdagi umumiy o‘rta ta’lim maktabini tamomlab, 1967-yilda O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport institutiga  o‘qishga kiradi.

Yoshligidan sport bilan shug‘ullanib, to‘ylarda kurash tushib katta bo‘lgan Sayfiddin Xodiyev institutda ham o‘zining abjirligi, mahorati bilan tezda ko‘zga tashlanadi. Sambo bo‘yicha ko‘plab musobaqalarda ishtirok etib, g‘olib va sovrindorlar safidan o‘rin egallay boshlaydi. Natijada uning iqtidori yosh va taniqli murabbiy Gennadiy Kaletkin e’tiborini tortadi. Kaletkin Sayfiddin Xodiyevni o‘z jamoasiga qabul qilib, shug‘ullantira boshlaydi.

Sayfiddin Xodiyev 1967-1974-yillarda O‘zbekiston va sobiq ittifoq miqyosida o‘tkazilgan ko‘plab musobaqalarda ishtirok etib,  yuqori o‘rinlarni zabt etdi. Sobiq ittifoq terma jamoasi safiga qabul qilindi.

1974-yilning 26-29-iyul kunlari Mo‘g‘ulistonning Ulan-Bator shahrida bo‘lib o‘tgan sambo bo‘yicha jahon chempionatida Sayfiddin Xodiyev sobiq ittifoq terma jamoasi safida ishtirok etib, 48 kilogramm vazn toifasida oltin medalni qo‘lga kiritadi.

1975-yilda Belorussiyaning Minsk shahrida o‘tkazilgan sambo bo‘yicha jahon chempionatida ham avvalgi natijasini takrorlab, shohsupaning eng baland pog‘onasiga ko‘tariladi.

Toshkentdagi Respublika oliy sport maktabida murabbiy bo‘lib ishlash asnosida o‘zi ham ko‘plab shogirdlar chiqaradi.

Sayfiddin Xodiyev 1980-yillar boshida Toshkent davlat yuridik universitetida o‘qib, huquqshunoslik mutaxassisligiga ham ega bo‘ldi. Shundan so‘ng umrining so‘ngiga qadar advokat sifatida faoliyat yuritdi.

B.SAYFIYEV tayyorladi.

Exit mobile version