Ayonki, Kitobning dovruqli begi Jo‘rabek va Shahrisabz begi Bobobek shaxsiga qiziqish sobiq sho‘rolar davrida ham, mustaqillik yillarida ham to‘xtagani yo‘q. Ularning bosib o‘tgan yo‘llari haqida qator maqolalar yozilgan. Yozuvchi, jurnalist Murod Xidir o‘tgan asrning 70-yillarida birinchilardan bo‘lib «Guliston» jurnalida general Jo‘rabek haqidagi shov-shuvli maqolasini e’lon qilgani ma’lum. Taniqli yozuvchi Ne’mat Arslonning modern uslubidagi «Ikki qutb orasida» romani ham shular jumlasidandir.
O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasida taqdimoti o‘tkazilgan taniqli jurnalistlar Norqobil Jalil va Ro‘zimboy Hasanning «General Jo‘rabek: davr va qismat» nomli kitobi ham Jo‘rabek Qalandar qori o‘g‘li haqida.
Yangi kitob
Marosimda ishtirok etgan yurtimizning taniqli adabiyotshunos olimlari, tarixchilar, ijodkorlar Jo‘rabekning o‘z davrida Markaziy Osiyo zaminida muhim o‘rin tutgan yirik shaxs bo‘lganini hamda bu kitob jiddiy izlanishlar, mashaqqatli ijodiy mehnat samarasi ekanini alohida e’tirof etishdi. Xalqimizning ulug‘ligiga mezon bo‘ladigan Jo‘rabekday shaxslarni qadrlashimiz, xotirasini abadiylashtirishimiz lozimligi haqida xolis fikrlar bildirildi.
…1840-yil Kitob tumanidagi Gulgunpo‘sh qishlog‘ida tug‘ilgan, 18 yoshida Buxoro amiri to‘qsabo etib tayinlagan va 20 yoshida Kitob begi bo‘lgan Jo‘rabek Qalandar qori o‘g‘li shaxsi uzoq yillardan beri g‘oyat murakkab va ziddiyatli bo‘lib kelgani ma’lum. Aslini olganda, uni ko‘rgan, bilgan va u bilan suhbatlashgan zamondoshlari tomonidan Jo‘rabek shaxsiga juda yuqori baho berilgan. Tug‘ma askar, ilm-ma’rifatli, sharq tillari va adabiyoti bilimdoni, mohir mergan, qat’iyatli, mard, O‘rta Osiyo tarixida katta rol o‘ynagan siymo va hatto Buxoro amirligiga eng munosib nomzod, deya e’tirof etilgan. Jo‘rabekka jadidchilik harakati asoschisi Ismoil Gaspirali, rus sharqshunos olimi Vasiliy Bartold, tarixchi va etnograf Dmitriy Logofet, shved sayyohi Sven Gedin, amerikalik sayyoh Yujen Skayler, shoir Furqat va boshqalar katta hurmat va ehtirom bilan munosabatda bo‘lgani ularning yozib qoldirgan xotiranomalari orqali hammaga ma’lum.
Bevosita Jo‘rabek dodxoh xususida so‘z ochilsa, hozirgi kunda ham qashqadaryolik keksalar, tarixga qiziquvchilar uning el-ulus manfaatini ko‘zlab katta ishlar boshida turganini alohida mehr bilan tilga olishadi. Masalan, tuman markazidagi qadimiy jome masjidi 1864-yilda Jo‘rabek tomonidan qurilgani haqida ham gap-so‘zlar bor.
Kitoblik nuroniylardan biri Chorshanbe bobo Shonazarov aynan bekning sa’y-harakatlari bilan Makrid cho‘lini o‘zlashtirish uchun Qashqadaryoning o‘ng qirg‘og‘idan 20-25 kilometr masofada ariq qazdirilgani, Navro‘z qishlog‘ida hozir ham ana shu ariq izlari borligi, el orasida «Jo‘rabek arig‘i» degan ibora o‘sha zamondan qolgani, 70-yillarda tuman rahbari bo‘lgan rahmatli Abduvohid Karimov («paxta ishi» ortidan gdlyanchilar tomonidan hibsga olinib, Sibir qamoqxonalarida jazo muddatini o‘tagan va mamlakatimizning Birinchi Prezidenti Islom Karimov tomonidan avf etilgach, yurtga qaytayotgan mahali jon taslim qilgan Buxoro viloyatining sobiq rahbari) «Anhor-2» kanalini qazdirganida aynan Jo‘rabek arig‘i asos bo‘lgani hali-hali tillarda yuradi.
Yoki Jo‘rabek va Bobobeklar tarixi haqida bundan 30-40 yil avval ko‘plab ma’lumotlar to‘plagan va ushbu ibratli kitob sahifalarida jurnalist Norqobil Jalil tilga olgan Usmon ota Mirov ham nevarasining nomini ehtirom bilan Jo‘rabek deb qo‘yganini bilamiz. Kitob tumanining birinchi hokimi Abdurahmon Ashurov (Alloh rahmat qilsin) mustaqillik yillarida shahrimizning markaziy ko‘chasiga Jo‘rabek nomini berib, xotirasini abadiylashtirgani ma’lum. Keyinchalik ayrim sabablar tufayli bu nom o‘zgartirilgan edi. Endi esa bu xatolikni tuzatish vaqti yetdi, deb o‘ylayman.
Asosiysi, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi homiyligi ostida «Adabiyot» nashriyotida chop etilgan Norqobil Jalil va Ro‘zimboy Hasanning «General Jo‘rabek: davr va qismat» deb nomlangan tarixiy-hujjatli badiasi endi bu tabarruk zotlarning muborak xotirasi oldidagi insoniy qarzimizni uzmog‘imiz uchun muhim bir qadam, deb hisoblashga izn beradi. Bunga avvalo kitobni o‘qigach, unda keltirilgan asosli tarixiy fakt va dalillar bilan batafsil tanishib, yana bir bor amin bo‘ldim.
Shunday ajoyib kitobning dunyo yuzini ko‘rishida O‘zbekiston Qahramoni, O‘zbekiston san’at arbobi, adabiyotshunos olim Ibrohim G‘afurov, filologiya fanlari doktori, professor, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi, yozuvchi Xurshid Do‘stmuhammad, O‘zbekiston xalq shoiri, uyushma raisi Sirojiddin Sayyid, O‘zbekiston xalq yozuvchisi Erkin A’zam va mas’ul muharrir, siyosiy fanlar doktori Baxtiyor Yakubovning ulkan xizmatlari borligini alohida ta’kidlash lozim.
To‘g‘ri, yuqorida eslaganimizdek, hozirga qadar ham Jo‘rabek Qalandar qori o‘g‘li hamda Bobobek haqida ayrim tadqiqotlar olib borilgan, maqolalar yozilgan. Lekin Norqobil Jalil va Ro‘zimboy Hasan tomonidan tayyorlangan mazkur kitobda bu munozarali shaxslar to‘g‘risidagi tarixiy ma’lumotlar atroflicha o‘rganilgan, puxta tahlil va tadqiq etilgan. Eng muhimi, umumlashtirilgan holda, yangi manbalar bilan boyitilgan.
Olaylik, ikki asr oralig‘ida Turkistonda chiqqan gazeta va jurnallardagi maqolalardan, Moskva, Sankt- Peterburg shaharlaridagi muzeylarda saqlanayotgan manbalardan, Qo‘qon, Buxoro, Toshkent tarixiga oid arxiv materiallaridan foydalanib, davr ruhi fonida Jo‘rabek siymosi yanada yorqinroq yoritilgan.
Shu ma’noda kitobning «General Jo‘rabek: davr va qismat» deb nomlanishida ham jiddiy mantiq bor. Chunki mualliflar tarixiy dalil, asoslar bo‘lmagan ba’zi o‘rinlarda Jo‘rabek shaxsidan kelib chiqqan holda o‘z shaxsiy fikr-mulohazalari bilan bo‘shliqni to‘ldirishga urinishgan. Jumladan, Jo‘rabekning general Fon Kaufman ma’muriyatida tarjimon bo‘lganida mahalliy aholidan kelgan xatlar, shikoyatlar bilan ishlashda ulus manfaatini ko‘zlab, ko‘plab xatlarni o‘zi mustaqil va adolatli hal qilganligi bo‘yicha mulohaza yuritilgan. Yoki Jo‘rabek va Bobobekning Skobelev bilan birga Qo‘qon, Farg‘ona, Samarqandda ko‘tarilgan isyonlarni bostirishga qaratilgan yurishlarda millatdoshlariga qarshi harbiy harakat qilgani haqida biror-bir manbada yozilmagani aytib o‘tilgan.
Ma’lumki, shu vaqtgacha Jo‘rabek dodxohning fojiali o‘limi haqida tarixchi-ziyolilar hamda oddiy odamlar orasida turlicha qarashlar bor. O‘z davrida chor hukumatiga xayrixoh matbuot uning o‘ldirilishini talonchilikka bog‘lagan. Kitob mualliflari esa, aksincha, vahshiyona o‘lim bilan bog‘liq ta’ziyanomalardagi fikrlarni mushohada qilib, ko‘plab hamkasblari qatori uning o‘limi aynan chor Rossiyasi ma’murlari tomonidan uyushtirilganini e’tirof etishadi.
Darvoqe, kimsan, yana deng rus sharqshunosi Vasiliy Bartoldga tap tortmasdan:»Chor hukmronligi xuddi mo‘g‘ul istibdodiga o‘xshaydi. Ularda ham, bularda ham yuqori lavozimlarga yomon kishilar, xudbin, shaxsiyatparast va molparastlar qo‘yilgan», deganidan, yangi oq podsho taxtga o‘tirganida turkistonliklar nomidan sovg‘a yuborilishiga qarshi chiqqanidan, qonxo‘r Chernyayevni ochiqchasiga tanqid qilganidan bilish mumkinki, Jo‘rabek Qalandar qori o‘g‘li ham, Bobobek ham allaqachon chor hukumatining chirkin siyosati maqsad-mohiyatini anglagan, ularga nisbatan salbiy munosabati shakllangan va o‘z hayotiy pozitsiyasini belgilab olgan.
Tarixdan ma’lumki, o‘z yo‘liga to‘g‘anoq bo‘ladigan har qanday shaxsni oradan olib tashlash, mahv etish chor hukumati siyosatiga xos dahshatli usul bo‘lgan. Bu siyosatni Jo‘rabek o‘ldirilganidan 20 yil o‘tar-o‘tmas boshlanib ketgan ommaviy qatag‘onlar ham isbotlab bergan edi.
Ushbu kitobda general Jo‘rabek, polkovnik Bobobekning jadidchilik harakati yo‘lboshchisi Ismoilbek Gaspirali bilan uchrashuvlari, Kitobdagi va Qorasuvdagi kutubxonalari, ilm-ma’rifatga homiylik qilgani, xalqparvarligi, «Tarjumon» gazetasi bilan hamkorligi uning jadidchilik harakati tarafdori bo‘lganiga, boshqacha aytganda, uni jadid deyishimizga asos bo‘lishi mumkinligi ko‘rsatilgan. Nafaqat kutubxonalari, birgina Peterburgda bo‘lib o‘tgan sharqshunoslarning III xalqaro kongressida o‘qigan tarixiy ma’ruzasi orqali uning yuksak salohiyatiga, ilm-ma’rifatiga oyna tutilgan.
Xudoyorxonning sevimli ayoli Og‘acha begim bilan Jo‘rabek o‘rtasidagi munosabatlarga ham kitobda aniqlik kiritishga harakat qilingan. Jumladan, Og‘acha begim fon Kaufmanga o‘zi va bolalarini Orenburgdan Toshkentga qaytarishni so‘rab yozgan arizasi bilan tanishgan Jo‘rabek ayolga pul va ozuqa yuborgani, taxminlarga ko‘ra xon ayoli Jo‘rabekning Qorasuvdagi uyida bir muddat bolalari bilan yashagani haqida ma’lumotlar berilgan. Ayrim maqolalardagi Jo‘rabekning xon ayoli qo‘lini so‘ragani haqidagi fikrlarga ham xolisona munosabat bildirilgan.
Adabiyotshunos olim, O‘zbekiston Qahramoni Ibrohim G‘afurov general Jo‘rabek Qalandar qori o‘g‘lining musibatli va sharafli qismati butun murakkabliklari bilan Lev Tolstoyning «Urush va tinchlik» romaniday epopeyalarga munosib mavzu ekanini ta’kidlab, bir paytlar Toshkentning Eski shahar mavzesida yashab o‘tgan nuroniy otaxon va onaxonlar uning nomini Jo‘rabek dodxoh, deya nihoyatda hurmat bilan tilga olishganini aytadi. Dodxoh fors tilida adolat istovchi, degan ma’noni bildiradi. Vazifa nuqtai nazaridan Buxoro amirligida arzchilar shikoyatini amirga, javobini shikoyatchilarga yetkazuvchi amaldor bo‘lgan. Demakki, mualliflarning Jo‘rabek Turkiston general gubernatorligi mahkamasida tarjimonlik qilib, ariza va shikoyatlar bilan ishlash jarayonida yurtdoshlarini qo‘llagani haqidagi fikrlarida haqiqat aks etganini xalqning yuksak ehtirom ko‘rsatib eslaganidan ham bilsa bo‘ladi.
Shuningdek, kitobda Jo‘rabekning kuyovi, Xudoyorxonning o‘g‘li, jadidchilik harakatining faol ishtirokchisi va aynan shu sababli chor Rossiyasi «qora ro‘yxati»ga kirgan Fansurullobek hayoti bilan bog‘liq voqealar ham bor. Shoir Furqat domlaning Fansurullobek bilan do‘stona munosabatlari, hatto «Saboga maktub» she’rida uning nomini ham tilga olgani, maslakdoshi Munavvarqori bilan oldinma keyin qamoqqa olinib, turmada sirli ravishda o‘lim topgani haqida ma’lumotlar berilgan.
Jo‘rabek Qalandar qori o‘g‘li haqida eshitgan, u haqdagi ma’lumotlar bilan tanishgan kishi shaxsi qanchalik ziddiyatli bo‘lmasin, bekni o‘zbekning ulug‘ vakillaridan biri, deb hisoblaydi. Bu ziddiyatlarga barham berilishini, Jo‘rabek haqidagi yangi-yangi manbalar topilishini istaydi.
Ehtimol, shunday bo‘lar. O‘zbekiston Qahramoni Ibrohim G‘afurov yozganidek, Jo‘rabek haqidagi materiallar, hatto kundaliklar ham yo‘q bo‘lib ketmagandir. Ular Sankt-Peterburg, Moskov singari markaziy shaharlar muzeylari, yerto‘lalarida saqlanayotgandir…
Demak, izlanishlar hali davom etadi!
Lola O‘ROQOVA,
O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi
