Qashqadaryo gazetasi Jarayon Joriy yilgi xatlovda 167 TA MAHALLA qamrab olinmoqda
Jarayon

Joriy yilgi xatlovda 167 TA MAHALLA qamrab olinmoqda

Inson va qonun

Tan olish kerak, Qashqadaryoda yillar davomida o‘zboshimchalik bilan egallab olingan yer uchastkalari hamda ularda qurilgan binolar va inshootlar kam emas. Ularga bo‘lgan huquq masalasi yuzaga chiqqanda esa boshi qotganlar ham talaygina. Xuddi shunday vaziyatda O‘zbekiston Respublikasining 2024–yil 8– noyabrda kuchga kirgan «O‘zboshimchalik bilan egallab olingan yer uchastkalari hamda ularda qurilgan bino va inshootlarga bo‘lgan huquqlarni e’tirof etish to‘g‘risida»gi Qonuni ko‘pchilikning mushkulini oson qilgani ham bor gap.

Ushbu hujjat talablari asosida shu kungacha yuzlab o‘zboshimchalik bilan egallab olingan yer uchastkalari hamda ularda qurilgan bino va inshootlarga bo‘lgan huquqlar e’tirof etildi. Ana shu masalada muammosi bo‘lib, unga yechim kutib turganlar navbati esa uzun.

Ma’lumki, qonunda o‘zboshimchalik bilan egallab olingan yer uchastkalarini hamda ularda qurilgan binolar va inshootlarni yoppasiga emas, har yilgi reja-jadval asosida bosqichma-bosqich xatlovdan o‘tkazish belgilangan. Xatlov natijalariga ko‘ra, agar belgilangan asoslarga mos kelsa, huquq tegishli tartibda e’tirof etiladi.

Kadastr agentligi tomonidan tasdiqlangan reja-jadvalga muvofiq, 2026-yil davomida Qashqadaryo viloyatining 167 ta mahallasida xatlov ishlari o‘tkazilishi belgilangan. Bu jarayonda fuqarolar va yuridik shaxslar tomonidan foydalanilayotgan yer uchastkalari hamda ularda joylashgan bino-inshootlarning haqiqiy holati o‘rganladi, kadastr ma’lumotlari aniqlashtiriladi va mavjud ma’lumotlar bazasi takomillashtiriladi. Ya’ni yer uchastkalarining amaldagi chegaralari aniqlanadi; mavjud kadastr hujjatlari bilan haqiqiy holat taqqoslanadi; davlat ro‘yxatidan o‘tmagan uy-joy va boshqa ko‘chmas mulk obyektlari o‘rganiladi; o‘zboshimchalik bilan egallangan yer uchastkalari va ularda qurilgan obyektlar haqida ma’lumotlar yig‘iladi; qonunchilikda belgilangan talablar asosida mulkiy huquqlarni rasmiylashtirish imkoniyatlari baholanadi.

Misol uchun, fuqarolar tomonidan 2018-yil 1-mayga qadar yakka tartibda uy-joy qurish orqali o‘zboshimchalik bilan egallab olingan yer uchastkasiga bo‘lgan ijara huquqini hamda unda qurilgan binolar va inshootlarga bo‘lgan mulk huquqini e’tirof etish uchun quyidagi shartlarning barchasiga rioya etilganligi asos bo‘ladi, agar: mazkur yer uchastkasi boshqa jismoniy va yuridik shaxslarga ajratilmagan yoki elektron onlayn-auksionga qo‘yilmagan bo‘lsa; mazkur yer uchastkasidan foydalanish yuzasidan jismoniy va (yoki) yuridik shaxslar o‘rtasida nizo mavjud bo‘lmasa; mazkur yer uchastkasi uchun yer solig‘i bo‘yicha, unda qurilgan binolar va inshootlar uchun esa mol-mulk solig‘i bo‘yicha qarzdorlik mavjud bo‘lmasa.

Bugun qonun ijrosi doirasida amalga oshirilayotgan tadbirlar aholi va tadbirkorlik subyektlarining mulkiy huquqlarini muhofaza qilish, davlat kadastri ma’lumotlarining aniqligi va ishonchliligini ta’minlash, shuningdek, yer munosabatlarini tartibga solishga xizmat qilayotgani bilan ham ahamiyatli.

Exit mobile version