Qashqadaryo gazetasi Iqtisodiyot Kabel mahsulotlari uchun import o‘rnini bosuvchi xomashyo
Iqtisodiyot

Kabel mahsulotlari uchun import o‘rnini bosuvchi xomashyo

Sho‘rtan gaz kimyo majmuasiga qarashli «Qarshitermoplast» sexi hududidagi sanoat zonasida ishlab chiqariladi

Joriy yilda viloyatimizda yuqori kuchlanishli elektr kabellarining izolyatsiya qatlamini hosil qilishda keng qo‘llaniladigan import o‘rnini bosuvchi mahsulot – to‘qilgan polietilen ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yiladi.

Mahalliylashtirish

Mutaxassislarning izoh berishicha, bunday polietilenning kimyoviy tarkibi saqlangan holda ichki molekulyar tuzilmasi o‘zgartirilib «to‘qilishi» evaziga zichligi, mustahkamligi va issiqlikka bardoshlilik darajasi nisbatan yuqori bo‘ladi. Shu bois to‘qilgan polietilendan izolyatsiya materiallari va isitish tizimi quvurlari, xususan, «issiq pol» tarkibiy qismlarini ishlab chiqarishda keng foydalaniladi. O‘zbekistonda ham bu turdagi polietilenga talab katta bo‘lsa-da, hozircha ushbu yuqori likvidli xomashyo faqat xorijdan olib kelinadi.

Mamlakat Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 2023-yil 24-25-oktabr kunlari viloyatimizga tashrifi davomida yirik sanoat korxonalari va tadbirkorlik subyektlari o‘rtasida kooperatsiya aloqalarini kengaytirish orqali sanoat mahsulotlari hajmini oshirish bo‘yicha berilgan topshiriq va vazifalar ijrosini ta’minlash maqsadida o‘tgan yil noyabr oyida «O‘zeltexsanoat» uyushmasida vohamizdagi «SHo‘rtan gaz kimyo majmuasi» MCHJ, Toshkent viloyatidagi «Techno Cable Group» qo‘shma korxonasi va Xitoyning «Hainan Xin’ao Chen Supply Chain Management Co., Ltd» kompaniyasi o‘rtasida o‘zaro hamkorlik memorandumini imzolangan edi. Unga asosan yurtimizda kabel mahsulotlari ishlab chiqarish uchun xorijdan olib kelinayotgan to‘qilgan polietilen («sshitiy polietilen») xomashyosini mahalliylashtirish bo‘yicha SHo‘rtan gaz kimyo majmuasiga qarashli «Qarshitermoplast» sexi hududidagi sanoat zonasida qo‘shma loyiha amalga oshiriladigan bo‘ldi.

Bizdagi ma’lumotlarga ko‘ra, yaqin kunlarda «Sho‘rtan gaz kimyo majmuasi» MCHJ, «Techno Cable Group» qo‘shma korxonasi va Xitoyning «Hainan Xin’ao Chen Supply Chain Management Co., Ltd» kompaniyasi o‘rtasida qo‘shma korxona tuzilib, loyihaning asosiy qismiga start beriladi. Uning birinchi bosqichi doirasida joriy yilning bahor oylarida viloyatimizga to‘qilgan polietilen ishlab chiqarish uchun mo‘ljallangan texnologik asbob-uskunalar keltirilishi va yiliga 4 ming tonna import o‘rnini bosuvchi mahsulot ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yilishi kutilmoqda.

O‘z muxbirimiz

Exit mobile version