Prezidentimizning «Yoshlar kuni munosabati bilan yurtimizning faol va tashabbuskor yosh avlod vakillaridan bir guruhini mukofotlash to‘g‘risida»gi farmoniga muvofiq, ko‘plab yoshlar «Kelajak bunyodkori» medali bilan mukofotlandilar. Ular orasida Qarshi davlat texnika universitetining tayanch doktoranti Sitora Hodiyeva ham bor.
Iqtidor
Sitoraning bunday nufuzli mukofotga sazovor bo‘lgani bejiz emas. U talabalik yillaridan ilmiy tadqiqot ishlari bilan jiddiy shug‘ullandi. Olima bo‘lishni o‘z oldiga maqsad qilib qo‘ydi va bu yo‘lda izlanishdan to‘xtamadi.
– Bugungi kun yoshlariga havas qilamiz, – deydi qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtirish va qayta ishlash texnologiyasi kafedrasi mudiri, professor Muabara Hakimova. – Sababi ularning o‘z iqtidori va qobiliyatlarini amalda namoyon etishlari uchun katta imkoniyatlar yaratilgan. Sitora ana shu imkoniyatlardan unumli foydalana olgan va ilm yo‘lida barakali mehnat qilib kelayotgan yosh olimalardan biri hisoblanadi. Talabalik yillaridan beri tanlovlarda yuqori o‘rinlarni egallab keldi. Xalqaro forumlarda faol ishtirok etdi. Magistraturada tahsil oldi. 2022-yili O‘zbekiston Respublikasi Yoshlar akademiyasi tomonidan o‘tkazilgan «Bo‘lajak olim» tanlovida «Soya donidan oqsilga boy tofu mahsulotini olish» mavzusidagi startap loyihasi bilan qatnashib, g‘olib bo‘ldi va uning bu loyihasi 380 million 800 ming so‘m mablag‘ bilan moliyalashtirildi.
Bu g‘oya bugungi kunga kelib real faoliyatga aylandi. Sitora Hodiyeva loyiha uchun ajratilgan mablag‘ evaziga tofu mahsulotini ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘ydi. 5 nafar talabani ish bilan ta’minladi.
Tofu va uning foydali jihatlari haqida kishilar yetarli ma’lumotga ega emaslar. Bu mahsulot yuqori sifatli o‘simlik oqsili manbai hisoblanadi. Tarkibida xolesterin miqdori kam bo‘lib, yurak-qon tomir kasalliklari xavfini kamaytirishga yordam beradi. Tofu past kaloriyali, sog‘lom vaznni saqlashga xizmat qiladi, vitaminlar va minerallarga boy. Qandli diabet bilan og‘rigan bemorlar uchun ham foydali mahsulotdir.
Soya donidan oqsilga boy tofu mahsulotini olish g‘oyasi Sitora Hodiyevaning «tashrif qog‘ozi»ga aylangan. Yosh olima kelgusida bu mahsulotni u sevib iste’mol qilinadigan Xitoy, Janubiy Koreya kabi davlatlarga eksport qilishni mo‘ljallayapti.
– Shu paytgacha olgan bilimlarimiz, ilmimiz, tajribamiz – hamma-hammasi Prezidentimiz tomonidan e’tirof etilgani biz uchun, ayniqsa, qishloq xo‘jaligi sohasida ilmiy ish qilayotgan tadqiqotchi qizlar uchun juda katta kuch berdi, – deydi «Kelajak bunyodkori» medali sohibasi Sitora Hodiyeva. – Bizga bildirilgan bu ishonch har birimizga katta mas’uliyat yuklaydi. Bundan-da katta g‘oyalar ustida ishlashga, ulkan maqsadlar sari intilib yashashga undaydi.
Darhaqiqat, «birniki – mingga» deganlaridek, iqtidori va intilishlari rag‘bat topayotgan, munosib taqdirlanayotgan yoshlar tengdoshlari uchun namuna bo‘ladilar. Ularni ham izlanishga undaydilar, yangi g‘oyalar sari ilhomlantiradilar. Bularning barchasi yosh avlodga bo‘lgan e’tibor, g‘amxo‘rlikning mevasidir.
Abdurazzoq MURODOV