Oliy ta’lim
Mamlakatimizda amalga oshirilayotgan «Kelajakka qadam» dasturi doirasida Qashqadaryoning ikkita oliy ta’lim muassasasida bitiruvchilarni ishga joylashtirishga ko‘maklashuvchi markazlar ochildi.
Vazirlik mutasaddilarining ma’lum qilishicha, joriy yil 28 mart holatida «Kelajakka qadam» markazlari Toshkent shahridagi 12 ta va respublikamiz boshqa hududlarida joylashgan 21 ta oliy ta’lim muassasasi, shu jumladan, viloyatimizdagi Qarshi davlat universiteti va Shahrisabz davlat pedagogika institutida ish boshlagan.
– Mazkur markazlar yoshlarning kasbiy rivojlanishi, zamonaviy mehnat bozori talablariga mos malakali kadr bo‘lib shakllanishi hamda amaliy tajriba orttirish, stajirovka va ish bilan ta’minlanish jarayonlariga ko‘maklashish kabi muhim vazifalarni bajaradi, – deyiladi Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligining Telegram messenjeridagi kanalida. – Ushbu tashabbus Prezident qaroriga asosan amalga oshirilib, oliy ta’lim tizimi bitiruvchilarining bandligi va raqobatbardoshligini oshirish yo‘lida keng imkoniyatlar yaratadi.
Haqiqatan ham, davlatimiz rahbarining joriy yil 14 fevraldagi qaroriga ko‘ra, Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi va «O‘zmilliybank» aksiyadorlik jamiyati hamkorligida ro‘yobga chiqarilayotgan «Kelajakka qadam» dasturida o‘z biznes g‘oyalarini amalga oshirish istagi bo‘lgan oliy ta’lim tashkilotlarining bitiruvchi bosqich talabalari uchun mazkur bank tomonidan biznes g‘oyani tayyor loyihagacha olib borish jarayonida to‘liq hamrohlik qilish, shu jumladan, qulay shartlarda moliyalashtirish hamda bitiruvchi va quyi bosqich talabalari o‘rtasida sohalar bo‘yicha ochiq tanlovlar o‘tkazib, g‘oliblarni ish bilan ta’minlashga ko‘maklashish nazarda tutilgan. Dastur hududlarda tashkil etiladigan «Kelajakka qadam» markazlari orqali amalga oshirilib, barcha oliy ta’lim tashkilotlari uning ishtirokchilari hisoblanadi va talabalarni ishga joylashga ko‘maklashish bo‘yicha markazlar bilan hamkorlik kelishuvlarini tuzadi.
– Markazimiz va Shahrisabz davlat pedagogika instituti o‘rtasidagi hamkorlik kelishuvi shu yil 24 martda imzolangan bo‘lsa, keyingi ikki kun ichida bitiruvchi talabalar bilan uchrashuvlar o‘tkazilib, dasturning mazmun-mohiyati hamda maqsad va vazifalari batafsil tushuntirildi, – deydi SHDPIda tashkil etilgan «Kelajakka qadam» markazi yetakchisi Abdulaziz Rahmatullayev. – Xususan, tadbirkorlikni boshlash istagida bo‘lgan bitiruvchilar uchun imtiyozli kreditlar va moliyaviy yordam mexanizmlari, haq to‘lanadigan amaliyot-stajirovka dasturlariga ajratiladigan grantlar, startap-loyihalarni rivojlantirish va g‘oyadan loyihagacha bo‘lgan jarayonda davlat va xususiy sektor bilan hamkorlik imkoniyatlari haqida keng ma’lumotlar berildi.
Darvoqe, qarorga asosan «Kelajakka qadam» dasturi doirasida salohiyatli ish beruvchi tashkilotlar, shu jumladan, yirik korxonalarning oliy ma’lumotli mutaxassislarga ehtiyojini aniqlash va mutaxassislarga qo‘yiladigan talablarni shakllantirish amaliyotini yo‘lga qo‘yish rejalashtirilgan bo‘lib, bitiruvchi talabalar o‘rtasida o‘tkaziladigan tanlov g‘oliblari ish beruvchilar buyurtmasiga ko‘ra individual kasbiy ta’lim dasturlari asosida kasbga dastlabki tayyorlanadi va bu boradagi tadbirlar belgilangan tartibda moliyalashtiriladi. Ayni paytda individual kasbiy ta’lim dasturlarida ishlab chiqarish obyektlarida amaliyot o‘tash va chet eldagi oliy ta’lim tashkilotlarida qisqa muddatli o‘quv kurslarida qatnashish imkoniyati ham yaratiladi.
O‘z muxbirimiz
