Qashqadaryo gazetasi Ma’naviyat KIM ILM O‘RGANSA-YU, AMMO NAFSINI SAQLAMASA, OLGAN ILMI UNGA FOYDA BERMAYDI
Ma’naviyat

KIM ILM O‘RGANSA-YU, AMMO NAFSINI SAQLAMASA, OLGAN ILMI UNGA FOYDA BERMAYDI

Saralangan satrlar

Bir gal Buxoroga yo‘l olarkanman, haydovchi yigit “gap yo‘g‘ida gap” dedimi, yo shunga odatlanganmi, xalqaro ahvoldan gurung bera ketdi. Qaysi davlat rahbari kecha nima deganiyu, yakun bilmayotgan urushning oqibati ne kechishigacha, televizordan ko‘rgani, internetdan eshitgani bo‘yicha siyosiy sharhlovchi maqomini bo‘yniga taqdi. Hartugul sheriklardan biri ziyoratga borayotgan ekan, menga ham son tegib: “Imom Buxoriy qabrini ham ziyorat qiling”, dedim. U kishi jamlagan hadislar to‘plami – “Sahihi Buxoriy” Qur’oni karimdan keyin turuvchi mo‘tabar manba ekani, 600 ming hadis ichidan eng ishonarli deb topilganlarini shu asarida jamlaganlari-yu butun dunyo islom ahli muhaddislar orasida eng zo‘ri deya Imom Buxoriyni tan olishgani, Xurshid Davron maqolasida yozgan lavha: sovet zamonida, aniqrog‘i, 1956 yilda Livandan Shayx Nadim al-Jisr ziyoratga kelgani, ammo qabrning xarob ahvolini ko‘rib, “Imom Buxoriy xoki turobini olib ketishga ruxsat beringlar, maqbara atrofidagi tuproqlarigacha beringlar, evaziga o‘sha tuproqning og‘irligi qancha bo‘lsa, o‘shanga teng hajmda tilla olib kelishga va’da beraman!” deganini so‘zlab berdim. Hamma qiziqib tingladi va boyagi “siyosiy sharhlovchi”, aniqrog‘i, haydovchi “Bo‘ldi, boramiz, Buxoroning qayerida?” deb qolsa deng. “Buxorodamas, Samarqandda, Xartangda, o‘z vaqtida nodon hokimlar quvg‘ini sabab o‘sha yerga ko‘chib ketishga majbur bo‘lgan”, deya bilganimcha aytdim…

Yuqoridagi so‘zlardan murod shuki, qo‘lda telefon, telefonda internet – go‘yo dunyodagi har neni bilamiz. Bilishimiz kerak narsalarni, ota-bobolarimizni, naf keltiradigan bilimlarni oyoq ostidagi matohdek bir chekkaga tepib ketgudek shashtimiz bor.

Aslida Imom Buxoriy haqida o‘zbek tilida badiiy asarlar ko‘p emas. Ahmad Muhammad Tursun qalamiga mansub “Sohilsiz dengiz” asari ular orasida eng ko‘p o‘qilayotgani, desak, mubolag‘a emas. Siz ham ushbu kitobni albatta o‘qib chiqing. Zinhor yutqazmaysiz.

*  *  *

Agar keyingilarda Imom Buxoriyni maqtash eshiklari ochiladigan bo‘lsa, uning madhiga qog‘ozlar yetmay, nafaslar toqat qila olmay qolur. Zero, u bamisoli sohili bo‘lmagan dengiz erur.

*  *  *

Ilm xuddi yugan ko‘rmagan asov otga o‘xshaydi. Astoydil tirishib, uni jilovlab olmasang, aslo tutqich bermaydi.

*  *  *

Kimda sabot bo‘lmasa, nabot bo‘lmaydi. Ulug‘larimiz aytishganki, kim Qur’onni o‘rgansa, uning qadr-qimmati oshadi. Kim fiqhni o‘rgansa, dinini teran tushunadi. Kim hadisni yozsa, hujjati kuchli bo‘ladi. Kim ilm o‘rgansa-yu, ammo nafsini saqlamasa, olgan ilmi unga foyda bermaydi! Nafsni saqlash va ixlosli bo‘lish fazilatlar asosidir.

*  *  *

Ilm olish muhim va nozik masala bo‘lishi bilan birga, unga ustoz tanlash ham o‘ta muhim va zarur masaladir. Ko‘p maslahat va kattalarning ko‘rsatmalarini olib, mazkur shart-sharoitlarning ko‘pini o‘zida mujassamlagan bir ustozni top! To uni tark etish va darslaridan qolishga ehtiyoj sezmagin! Mana shunda ta’liming barakotli va xayrli bo‘ladi. Ilming foyda beruvchi va o‘zing manfaatli ilm sohibi bo‘lish uchun ustoz huzurida sobit va mustahkam turasan. Bilginki, har bir ishda sabru chidam, qanoat hamda sabot kabi yuksak fazilat egasi bo‘lish, o‘sha ishni komil egallashda asl va asos hisoblanadi. Afsuski, ushbu fazilat insonlarda ko‘pda topilmaydigan, kam uchraydigan noyob xislatdir.

*  *  *

Rohavayh bir hadisni zikr qilaturib, Ato Qayharoniyning nomini tilga oldi. Shogirdlardan biri ustozdan “Qayharon nima degani?” deb so‘rab qoldi. Bu so‘z Is’hoq ibn Rohavayhning xotiriga kelmadimi yoki bu haqda ma’lumoti yo‘q edimi, harqalay javob bera olmay, soqolini tutamlaganicha bir dam xayol surib qoldi. Keyin bir narsa esiga tushganday, “yalt” etib Muhammadga qaradi. “Ey Abu Abdulloh, Qayharon degani nima o‘zi, joy nomiimi yoki biror qabilami?” deb shogirdi bergan savolni qaytardi. Imom Buxoriy o‘ylab ham o‘tirmay, tezda javob qildi: “Qayharon Yamandagi bir kentning nomidir. Muoviya xalifaligi davrida bir sahobiyni Yamanga yuborgan edi. O‘shanda Ato undan mana shu hadisni eshitgan”. Bunday to‘liq va mukammal javobni eshitgan Is’hoq ibn Rohavayh hayratini yashira olmadi: “Ey Abu Abdulloh, go‘yo sen o‘sha qavmning ichida bo‘lgandek hikoya qilasan-a!”

*  *  *

Fath ibn Nuh Naysoburiy shunday dedi: “Aliy ibn Madiniy huzuriga kelganimda ko‘rdimki, Muhammad ibn Ismoil uning o‘ng tomonida o‘tirar, ustoz har gal hadis aytayotganida Buxoriyga hadiksirab qarab-qarab qo‘yar edi”. Yana bir birodari Abu Amr Xaffof bunday dedi: “Agar Muhammad ibn Ismoil oldimga shu eshikdan kirib kelsalar, agar o‘shanda hadis aytib turgan bo‘lsam, qo‘rquvga to‘lib ketaman”.

*  *  *

Qanchalik totli va orombaxsh bo‘lmasin, har bir shirin damning o‘z intihosi bor. Qanchalik azobli va qayg‘uli bo‘lmasin, har bir musibatning o‘z nihoyasi bor.

*  *  *

Hazratimiz jisman nozik, jussada ozg‘in bo‘lsalar ham nafslarini bir maromda ushlaganlar. Taomni juda kam iste’mol qiladigan tamkinli insonlar. U kishining zuhdi-qanoati va taqvosi hammamizga ibrat bo‘larli. U zotning halqalariga qo‘shilganimdan buyon guvohmanki, ustoz nonning o‘zi bilangina kifoyalanib, turli xushta’m yeguliklar, nonxurushlardan tiyilganlar. Hayotlarida ko‘p kasalga chalinsalar ham umrlarining qirq yili mobaynida nonga biror xurush qo‘shmaganlar, deb eshitganman. Oxirgi betobliklarida tabiblar, shayxlar va ilm ahllari ko‘p iltimos qilishavergach, nonga biroz shirinlik qo‘shib yeydigan bo‘lgan ekanlar.

*  *  *

Bir kuni Hazratning nafaqalari tugab qolib, kimdan pul so‘rashga boshlari qotib qolibdi. Oxiri o‘ylay-o‘ylay oldinlari ham bir necha marta jonlariga ora kirgan Odam ibn Abu Iyozning huzuriga boribdilar. U xijolatda qolibdi, hozir olimga bergani puli yo‘qligini aytib, uzr so‘rabdi. Ustoz boshqadan pul so‘rashga haddilari sig‘may, noiloj ortga qaytibdilar. O‘shanda bir necha kun mobaynida o‘t-o‘lan yeb, kun ko‘rgan ekanlar. Ammo buni hech kimga bildirmabdilar. Hatto biz – shogirdlari ham u kishining hollaridan bexabar qolganmiz. Keyin o‘zlarining aytishlaricha, bir kuni hadis yozib o‘tirsalar, notanish kishi xonalariga kirib kelibdi. U tushiga marhum otasi kirib, “Falon joyda Allohning Muhammad ismli bir bandasi qiynalib qoldi, shunga yordamlashib yubor!” deb aytgan emish. U Hazratga bir hamyon oltin uzatib, “Manavini o‘zingizga ishlating!” deb chiqib ketibdi.

*  *  *

Imom Buxoriyga Alloh taolo o‘tkir zakovat, kuchli hofiza va har bir ishni puxta bajarish qobiliyatini berdi. Ushbu ilohiy ne’matlarning alomatlari u kishining go‘daklik chog‘laridanoq ko‘zga tashlana boshlaganini kotib yaxshi biladi. O‘n bir yoshli bola bo‘laturib, ustozi Doxiliyning xatosini tuzatgani ham bunga eng yaxshi dalil bo‘la oladi. Yana bunga Buxoriyning o‘zi kotibga so‘zlab bergan bolaligidagi bir voqea ham misol: yosh Muhammad o‘shanda otasining darsxonasida Abu Hafs Ahmad ibn Hafsdan Sufyonning “Jome’” kitobini  tinglar edi. Abu Hafs bir harfda xato qilgan edi, bola uning xatosini aytdi. Ikkinchi marta xato qilgan edi, yana aytdi. Uchinchi marta xato qilgan edi, yana undan qaytardi. Abu Hafs Muhammadni tanimas ekan shekilli, bir muddat sukut saqlab turdi-da:

– Bu bola kim o‘zi? – dedi.

– Ibn Ismoil ibn Ibrohim ibn Bardizba, – deyishdi.

– Buning aytgani to‘g‘ri ekan. Eslab qolinglar! Bu bir kuni albatta katta olim bo‘ladi, – dedi Abu Hafs.

*  *  *

Allohdan emas, maxluqdan qo‘rqish insonning shaxsiyatini buzadi, xorlik va sharmandalikka soladi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Abdulloh ibn Mas’ud roziyallohu anhuga shunday deganlar: “Mendan keyin men bilan ko‘rishishni, birga bo‘lishni istasang, Allohdan qo‘rquvni kuchaytir. Allohdan qo‘rquv insonni yaxshi amallarga yo‘llaydi… Allohdan qo‘rqqanlar ko‘p narsadan qo‘rqadilar, ehtiyot bo‘ladilar… Allohdan boshqasidan qo‘rqqanlarni esa Alloh hamma narsadan qo‘rqitadi…”

*  *  *

Imom Buxoriy otasidan katta mol-dunyo meros qolganiga, yurib turgan tijorati borligiga qaramay, hayotda o‘zini ko‘p narsadan qantarib-tiyib yashadi. Kiyinishda ham isrofdan qo‘rqdi, bir sidirg‘agina kiyim bilan kifoyalandi. Kiyimlari to‘zib, kiyimsiz qolgan paytlari ham ko‘p bo‘ldi.

*  *  *

Imom Buxoriy Firabrda dars berayotganida Buxoro tashqarisida sadaqai joriya sifatida bir rabot bino qilishga kirishdi. Uning rabot qura boshlaganini eshitgan buxoroliklar guruh-guruh bo‘lib yordamga oshiqishdi. Imomning o‘zi ham bir necha kun qurilishda ishlab, g‘isht tashidi, chuqur kavladi. Uning bu ishini ko‘rganlar “Siz qo‘yavering, boshqalar ishlayapti-ku!” deb qaytarmoqchi bo‘lishganida “Buning bizga foydasi bor”, degancha zambilni ko‘tarib ketdi.

Qurilish boshlanganida yuzga yaqin odam yordamga keldi. Buni kutmagan Imom hasharchilar uchun qoramol so‘ydirib, taom tayyorlatdi, Firabrdan non oldirib keldi. O‘zi esa suzilgan taomni hasharchilarga tashidi, ularni dasturxonga tinmay taklif qilib turdi.

*  *  *

Goho bir savdodan besh ming dirham foyda ko‘rgan kunlari ham bo‘ldi. Ammo u zot oxiratdagi hisob-kitobda mas’ul bo‘lmaslik uchun dunyo ne’matlarining baridan voz kechib yubordi. Har oyda topadigan besh yuz dirham foydasining hammasini ilm yo‘lida sarflab yubordi. Talabalarga yordam ko‘rsatishda hatto isrof qilish darajasiga borganini so‘zlashadi. Goh bir faqir talabaga boshdan-oyoq kiyim olib beradi. Ba’zan biror kitobga yetisha olmay yurgan shogirdiga uni xarid qilib topshiradi. Mablag‘larini ko‘pincha darsxona, masjid xarjlariga ham sarflab yuboradi. Odamlarning e’tirozlariga javoban “Bu sarfiyot Alloh yo‘lida bo‘lgani uchun yaxshi va boqiy qoluvchi sarfiyotdir”, deydi.

*  *  *

Imom Buxoriyning qabridan mushku anbar isi taralishi bir necha kungacha davom etdi. Oxiri qabrning ochilib qolishidan xavotirga tushgan shogirdlar uning atrofini panjara bilan o‘rashga majbur bo‘lishdi.

Dafn bo‘layotgan paytda odamlar Alloh taoloning yana bir mo‘jizasiga guvoh bo‘lishdi. Imom Buxoriyni qabrga qo‘yib bo‘lishgandan keyin oppoq nurli ustunlar osmonga ko‘tarilgancha bir muddat turib qoldi. Bu holni ko‘rgan bir necha odam baravariga takbir aytib yubordi. Dafn chog‘ida sodir bo‘lgan bu ajabtovur voqealar keyinchalik qator tarix kitoblarida ham qayd qilindi.

B.SAYFIYEV tayyorladi.

Exit mobile version