Bilasiz, XX asr boshlarida Turkistonda jadidchilik harakati keng yoyilgan. Ushbu harakatda alohida iz qoldirgan, matbuot va maorif rivojiga hissa qo‘shganlardan biri Mo‘minjon Muhammadjon o‘g‘li Toshqin edi. U Ufa shahridagi Oliya madrasasida tahsil olib, dunyoqarashi ancha o‘zgargan va “Turmush urinishlari” asarida fikrlarini bayon etgan. Toshkentdagi faoliyatida jadid yetakchilaridan bo‘lmish Munavvar qori Abdurashidxon o‘g‘li unga yo‘l-yo‘riq ko‘rsatadi. Mo‘minjon Toshqin Marg‘ilon, Andijon, Xorazmda, qozoq qishloqlarida muallimlik qiladi. “Sadoyi Turkiston”, “Ishtirokiyun” gazetalari, “Maorif”, “Mushtum” jurnallarida faol ishtirok etadi. “Chayon”, “Mo‘minjon Toshkandiy”, “Toshqin”, “Mehtarbod” taxalluslari bilan maqolalarini e’lon qiladi. “Mushtum” jurnalida Abdulla Qodiriy, G‘ozi Yunus bilan birga ishlaydi. Andijonda, Cho‘lpon hovlisida maktab ochib, muallimlik qiladi.
Mo‘minjon Muhammadjon o‘g‘li Ikkinchi jahon urushi va urushdan keyingi yillarda O‘zbekiston Fanlar akademiyasining Sharqshunoslik institutida faoliyat olib borgan. 1964-yilda vafot etgan.
Quyida jadid ma’rifatparvarining “Nasihat al-atfol” (“Bolalarga nasihat”) asaridan diqqatga sazovor parchalarni jamladik. Vaholanki, 1914-yilda nashr etilgan ushbu mo‘jaz kitobda ahamiyatli fikrlar nihoyatda ko‘p. Ushbu asar yangi davr ilk muallimining yangicha dunyoqarashli o‘g‘il-qizlarning maydonga kelishi yo‘lidagi o‘ziga xos xitobi edi…
Saralangan satrlar
* * *
Maktab siz va bizning foydamiz uchun solingan muborak uydir. Dunyoda maktablar bo‘lmasa, odam bolalari to‘qaydagi bo‘rilardek yomon va tarbiyasiz bo‘lub o‘sar edilar.
* * *
Umrning eng shirin vaqti maktabda o‘quydirgan kunlardir.
* * *
Ey o‘g‘lonlarim, odam bolasining shul tirikligi oyga o‘xshaydir: oy boshida kichkina bo‘lib chiqar. So‘ngra bir kun oz-oz ortib borib, ulg‘ayib borur. O‘n to‘rt kechalik bo‘lg‘och to‘lur. Ondan keyin kundan-kunga kamayur. Bora-bora yo‘q bo‘lib ketub asri ham qolmas. Shuningdek, dunyo va zamonlar bir holda turmas, o‘zgarib turur. Kundan keyin kun, haftadan keyin hafta, oydan keyin oy, yildan keyin yil kelur. Borgan sari ilm va har xil hizillar yer yuziga chiqar.
Bulardan foydalangan kishilar ziyrak va fikr egasi bo‘lurlar. Har ishning ko‘zini bilub ishlaydurlar. Dunyoda rohat birla yashab, oxiratda ham daraja va martabalari bilan bo‘lur. Hozirgi zamonga keraklik har xil ilm va hizillardan xabarsiz kishilarning din va dunyosi rivoj topmas. Kambag‘al bo‘lib har kishidan tam’a qiladirgan bo‘lur. O‘g‘rilik qilur. Odam o‘lturishdan ham toymas.
* * *
Ilm va maorif: bilmagan narsalarni o‘qub va o‘rganub bilmakdir. Hayvonlardan bizning ayirguchi aql bo‘lganidek, aql va fikrni tarbiya qilg‘uchi ilm va maorifdir. Ey aziz bolalar! Yoshliklaringizda o‘yin-kulguga aldanmay, ilm va maorif olib qolingiz. O‘qish boshlanmasdan bir soat yoki ondan ko‘broq ilgari maktabga kelingiz. Yozadurgan yoki o‘rganadurgan saboqlaringizni tayyorlab turingiz. To‘y yoki qarindosh-urug‘laringiznikiga bormakni bahona qilib, sheriklaringizdan qolmangiz. Chunki: yoshlik va kichkinalikda o‘qish g‘animatdir. Unuta ko‘rmangiz. Bu qimmatbaho va topilmaydirgan vaqtlaringizni bir daqiqa ham bo‘sh o‘tkazmangiz.
* * *
Ko‘b kishilarni ko‘rursizki, maktabda o‘qiydurgan vaqtlarida o‘yinga аldanub, hech bir narsa bilolmay qolganlaridan qo‘llarini hasrat ila tashlab: “Oh! Yana qaytadan yosh bo‘lsam nihoyatda ixlos ila o‘qir edim!” deb o‘kinurlar, hech foyda bermas.
* * *
O‘qishlaringizni bitirub, shahodatnomalaringizni olub, chiqg‘oningizdan so‘ngra o‘zingizdan ulkan, kichik yoki barobar odamlar ila aralashursiz. Shu vaqtlarda dunyo va oxiratlik ishlaringizni tuzatmakka eng ulug‘ yordamchingiz yoshliklaringizda topgan ilm va maorifingiz bo‘lar. Ilm va maorif kerakligi to‘g‘risida so‘zlagan so‘zlarni xayoliy, bir safsata deb bilmangiz. Bunga oyat va hadisdan dalillar ko‘bdir. Alloh Taoliy: “Bilgan kishilar ila bilmagan kishilar barobarmu?” dedi. Payg‘ambarimiz Muhammad alayhissalom: “Ilm Xitoyda bo‘lsa ham izlangiz!”, “dunyo va oxiratning yaxshiligi ilm ila; iymonligi, nodonligi va omiligi ilm ila; xotin va er musulmonlarga ilm va maorif izlang; farzdir” deydilar. Hazrat Ali rozialloh: “Kishining ilmi qancha oz bo‘lsa, qadr va darajasi shuncha oz bo‘lur” debdirlar.
* * *
Payg‘ambar alayhissalom: “Aql ko‘ngilda bo‘lgan bir nurdirki, buning ila haqdan botil va nohaqlik ayrilur” deydilar. Va ba’zi faylasuflar: “Aql jonning tirikligiga va jon tanning tirikligiga sababdir” demishdirlar.
* * *
Bir kun hazrat Jabroil, hazrat Odamning qoshlariga kelub: “Ey Odam! Sizga uch narsa kelturdim, birini ixtiyor qilingiz” dedilar. Hazrat Odam: “onlar nimalardir?” deb so‘radilar. Hazrat Jabroil: “aql, hayo va din” deb javob berdilar.
Hazrat Odam aqlni havoyiladilar. So‘ngra hazrat Jabroil hayo ila dinning oldiga bordilar. Va onlarga: “Hazrat Odam aqlni havoyiladilar, siz ikkovingiz qaytarsiz” dedilar. Hayo ila din: biz ikkimiz aql ila birga turmakka buyurilganmiz, deb unamadilar. Mana chirog‘larim: mundan bilinadirki, aql qancha tarbiya topub yuqorilansa, din va hayo ham shuncha qut topar ekan. Unuta ko‘rmangiz!
* * *
Siz yoz kunlari chumolini ko‘rgandirsiz: o‘zlari nihoyatda kichkina va qutsiz jonzot bo‘lsalar ham, harakatlari soyasida o‘zlaridan ming marotaba ortug‘roq va ulug‘ tog‘lardek uyalar solurlar. O‘zlari bir yilgina yashasalar ham, necha yillarga yetadurgan oziq yig‘adirlar.
Siz albatta chumolilardan ulug‘roq, aqlliroq va qutliroqsiz. Alloh taolo sizga ehson qilg‘on g‘araz aqllaringiz sa’y va g‘ayrat qilub, har xil ilm olmakka yoshlik vaqtlaringizda kirishingiz. Janobi Haq: “insonga o‘z sa’y va harakati ila topgan narsasidan boshqa hech narsa yo‘qdir” demishlar.
* * *
Muallim va ustozingizni har vaqt ulug‘lab turmakingiz kerakdir. Chunki: u bilmagan narsalaringizni bildirur. Ruhingiz “joningiz”ni tarbiya qilur. Nodonlik qayg‘usidan chiqarub, ilm va fozil ziynati ila ziynatlar. O‘rgatub anglatur. O‘zingiz va foydalanadurgan yo‘llarni ko‘rsatur. O‘zingizga foyda va zararlik narsalarni bilub, kishi bo‘lmakingizga sabab bo‘ladurgan narsalarni ko‘ngil va xotirangizga solur.
* * *
Muallimingizdan adab, yumshoqlik, shirin so‘zlik ila o‘ylab va fikrlab o‘zingiz fahmlamay qolgan saboqlaringizni so‘rangiz, lekin: bahslashub, janjallashub o‘tirmangiz. Bilmaydigan narsalaringiz yaxshilab o‘ylab qarasangiz, maqtovli ishlarga qiziqtirgan bo‘lsa, hammasi ila amal qilingiz. Ustoz ham otadek bo‘lur. Otalar o‘g‘illariga yomonlikni xohlarmu? Albatta xohlamas.
* * *
Bir necha kishilar bir bolani ko‘rdilarkim, otasini so‘kub, nihoyatda xafa qilub turubdur. Bu kishilar bolaning qilgan ishidan, nodonlik va aqlsizligidan ajabga qoldilar. Otasi bularga qarab “bolamning bu ishiga hayron qolmangiz. Chunki men ham yoshlik vaqtimda otamga shundoq yomonliklar ko‘rsatub ranjitgan edim, qariganimdan keyin menga ham Alloh taolo bolalarimdan ko‘rsatdi” dedi. Maqollar: gul ekkan kishi gul terar, tikon ekkan kishi tikon terar. Bug‘doy sochgan kishi arpa o‘rmas.
* * *
Chirog‘larim! Vataningizni o‘z haqqi ila suymagingiz nihoyatda kerakdir. O‘z haqqi ila suymak vatandoshlaringiz bo‘lgan boshqa millatlar ila ilm va huzurda, rohat va mashaqqatlarda dehqonchilik, savdogarchilik, fabrikachilik, zavodchilik ilmlarini o‘qumakda va bularga maxsus ikki-uch qabatlik sinf-sinfga ayrilgan ulug‘ mudarris va maktablar solmakda barobar bo‘lmakingiz ila bo‘lur. Agar mundog‘ bo‘lmasangiz tirikchilikda qattig‘liklar va mashaqqatlar ko‘rursiz. O‘z vataningiz o‘zingizga yomon ko‘rinur. Boshqa o‘zingizdan ham xomroq va aqlsizroq, hozirgi zamonning hollaridan boxabar qozoqlarni aldab, boy bo‘lmak uchun joningizdan aziz bo‘lgan vataningizni, qarindosh va urug‘laringizni tashlab, Qozog‘istonga chiqub ketarsiz. Vatanni suymak bu emasdir.
* * *
Har kishi ulug‘ daraja va yuqori martabalarga yetishur, to‘g‘rilik ila yetishur. Janob Haq bandalariga “Ey, shundayin yomon quturgan kishilar illatdan qo‘rqingiz va to‘g‘rilar ila bo‘lingiz” demishdir. Suyukli o‘g‘lonlarim! Shunday bo‘ladurg‘on bo‘lsa, to‘g‘rilikni o‘zingizga kerak odat qilub olingiz. To‘g‘rilikdan boshingizga o‘lim kelsa hecham oyrilmangiz.
* * *
Bir millatning orasindagi ayb va hukm so‘rmakdagi kamchilik va kelushilmagon odatlar, qop ila mexni yoshurganda uchi chiqub qolub, ko‘runub turgan kabi ochiq va zohir bo‘lub turgon bir haqiqatdir.
* * *
Qadimda qavmi najib deb yuritilgon go‘zal (unvon) olg‘on turk bolasi, bugun juvonbozlik mubtalosi, millat balosi bo‘ladi. Qishloq, qishloqlarda, mehmonxonalarda bachcha o‘ynatmak, shaharlarda bazm qilmak bu jumladandir. Endi bu ishlar jaholatdan kelur desak, ko‘pdin endi tolibi ilmlarga ham saroyat etganligi ma’lumdir.
* * *
Yangigina tug‘ilg‘on, yangigina dunyog‘a kelgon bolalarni beshukg‘a solmasdan va quloqlarig‘a azoni Muhammadiy choqirmasdan avval go‘dakning latiq quloqchalarig‘a eng avval childirma sadosi, ashula nidosi eshitilur. Bundan-da jaholat, bundan-da vahshat va hayvoniyat butun olamda bu kung‘acha sibqat qilg‘on emas.
B.SAYFIYEV tayyorladi.