Oziq-ovqat xavfsizligi
Kitob tumanida 2025-2026-yillarda iqtisodiy samarasiz hamda eskirgan bog‘ va tokzorlar o‘rnida hamda tog‘oldi va qir-adirliklar, lalmikor yer maydonlarida yangidan sanoatlashgan intensiv mevali bog‘ va tokzorlar barpo etishga 61,5 milliard so‘mdan ortiq mablag‘ yo‘naltirish rejalashtirilgan.
Tuman hokimining joriy yil 17-noyabrdagi farmoyishi bilan tasdiqlangan ro‘yxatga muvofiq, joriy yil kuzda va kelgusi yil davomida 1 ming 208 gektar maydonda intensiv usulda yangi bog‘ va tokzorlar yaratish nazarda tutilgan, buning uchun loyiha tashabbuskorlari tomonidan qariyb 23 milliard so‘m o‘z mablag‘lari va 38,5 milliard so‘mdan ziyod bank kreditlari sarflanadi. Shu tariqa qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtirish va qayta ishlash hajmini ko‘paytirish barobarida tuman eksport salohiyatini oshirish va yuqori daromadli ish o‘rinlari tashkil etish ham mo‘ljallanmoqda.
Masalan, «Bog‘izar Varganza» mas’uliyati cheklangan jamiyati mulkdorlari Surum mahallasi hududidagi mavjud gilos bog‘ini kengaytirishga o‘z mablag‘i hisobidan 1,2 milliard so‘mni ajratishga qaror qilishgan bir paytda, «Nazarova Zaynab Nazarovna» fermer xo‘jaligi a’zolari 1 milliard so‘m o‘z mablag‘i va 200 million so‘m bank kreditini Samarqand mahallasida yangi bodom bog‘ini barpo etishga yo‘naltirishmoqchi. Shuningdek, «Lochintirnoq» va «Ergash bobo nabirasi Muzaffar» fermer xo‘jaliklarining har biri Jilisuv mahallasi hududidagi 8 gektar maydonda yangi tokzor tashkil etish va ushbu loyihalarga 700 million so‘mdan mablag‘ sarflashni reja qilishgan. «Xolmurodov Shuxrat Eshmurodovich» fermer xo‘jaligi esa Qatlos mahallasida limon yetishtirish biznesini kengaytirish yo‘lida o‘z mablag‘idan 500 million so‘m ajratib, bankdan 3 milliard so‘m kredit jalb qilishni mo‘ljallayapti.
Umuman olganda, Kitob tumanida intensiv usulda bog‘ va tokzorlar barpo qilish yo‘nalishi bo‘yicha ikki yil ichida 30 ga yaqin mahalla hududida 65 ta loyihaning amalga oshirilishi va agrar sohaning aynan shu sektorida 400 ga yaqin yangi ish o‘rni yaratilishi prognoz qilinmoqda.