Qarshi shahridagi Ma’naviyat maskanida “Kitoblararo 80 kun” marafoni viloyat bosqichi g‘oliblari aniqlandi.
Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi Qashqadaryo viloyati bo‘limi tomonidan tashkil etilgan mazkur loyiha aholi, xususan, yoshlarni yanada ko‘p kitob o‘qishga chorlash, ularning intilishlarini qo‘llab-quvvatlash, joylarda adabiy muhit shakllanishiga erishish, yoshlar ongida Vatanimiz tarixi, milliy va umuminsoniy qadriyatlar, ijtimoiy hayot haqidagi tushuncha va bilim-ko‘nikmalarini yanada yuksaltirish kabi maqsadlarni qamrab olgani bilan ahamiyatlidir.
Qayd etish joiz, marafonga shu yilning sentabr oyida start berildi. Kitobxonlar 80 kun davomida o‘zbek va jahon adabiyotining sara namunalari, jumladan, “Turkiy guliston yoxud axloq”, “Farengeyt bo‘yicha 451 daraja”, “Kambag‘allar”, “Saodat sohili”, “Oy va sariq chaqa”, “Abadiyat qonuni”, “Mantiq ut-tayr”, “Martin Iden” hamda “Puankare” asarlarini mutolaa qilishdi.
– Ijtimoiy tarmoqdagi qashqadaryo_ziyo kanalimizda har bir asardan savollar e’lon qilib borildi, – deydi Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi viloyat bo‘limi rahbari, senator Komila Karomova. – Eng ko‘p javob topgan, faol qatnashgan kitobxonlar yakuniy – final bosqichida ishtirok etish huquqini qo‘lga kiritishdi. Ishtirokchilar orasida turli soha vakillari borligi ham alohida e’tiborga molik.
Marafonning yakuniy final bosqichi 2 shart asosida tashkil etildi. “Asar bilimdoni” shartida ro‘yxatdagi asarlardan syujetga oid epizod, surat va raqamlar havola etildi. Ishtirokchilardan ushbu epizod yoki suratni sharhlash, asar mazmun-mohiyati, g‘oyasi va ahamiyatini tushuntirib berish so‘raldi. “Tezkor savol-javob” shartidagi savollarga esa asardagi faktlarga befarq bo‘lmagan, xotirasi kuchli, mantiqiy fikrlaydigan kitobxonlar oson javob topishdi.
Shu tariqa 1-o‘rinni Qarshi shahridagi 23-maktab 11-sinf o‘quvchisi Maftuna Temirova egalladi. 2-o‘ringa kosonlik Komiljon Mingiboyev loyiq ko‘rilgan bo‘lsa, Qarshi davlat universiteti tayanch doktoranti Jobir Ismatulloyev 3-o‘rinni egalladi.
Marafon g‘oliblari hamda faol ishtirokchilarga diplom va esdalik sovg‘alari topshirildi. Shuningdek, 1-o‘rin sohibiga – 5 million so‘m, 2-o‘ringa – 3 million so‘m hamda 3-o‘rin egasiga 2 million so‘m pul mukofotlari berildi.
B.SAYFIEV