Viloyat hokimi Ko‘kdala tumanida bolalar musiqa va san’at maktabi faoliyatini tashkil etish to‘g‘risida qaror qabul qildi.
Yoshlarga e’tibor
Unga asosan viloyatimizdagi eng yosh tumanda yoshlarning musiqa va san’atga bo‘lgan qiziqishini oshirish va ularning musiqiy ta’limga bo‘lgan talab va ehtiyojlarini qanoatlantirish maqsadida 26-son bolalar musiqa va san’at maktabi (BMSM) ochiladigan bo‘ldi. Uning faoliyati respublika hukumatining 2016-yil 5-maydagi qarori bilan tasdiqlangan nizom talablari asosida tashkil etilishi belgilanar ekan, mutasaddi tashkilotlar va mas’ul shaxslar zimmasiga yangi maktabning nizomini tasdiqlatish va belgilangan tartibda davlat ro‘yxatidan o‘tkazish, shuningdek, ushbu maskanda o‘quvchi yoshlarga musiqa va san’at sohasida sifatli ta’lim berishni yo‘lga qo‘yish, uni oliy ma’lumotli mutaxassis kadrlar hamda darsliklar, o‘quv-metodik qo‘llanmalar, zarur musiqa cholg‘u asboblari va badiiy adabiyotlar bilan ta’minlash bo‘yicha aniq vazifalar yuklatildi.
Shu o‘rinda ta’kidlash joizki, «Bolalar musiqa va san’at maktablari to‘g‘risida»gi nizomga asosan bunday maktablarning asosiy maqsadi yosh avlodning musiqa va san’at turlariga qiziqishi va qobiliyatini rivojlantirish, ijtimoiy faolligini oshirish, ularni xalqimiz an’analariga va milliy qadriyatlarimizga nisbatan hurmat ruhida tarbiyalash, ma’naviy va ma’rifiy saviyasini har tomonlama oshirishdan iboratdir. Bolalar musiqa va san’at maktabi o‘quvchilarning qiziqishlari va ehtiyojlariga ko‘ra, ularning ijodiy imkoniyatlarini yanada rivojlantirishga yo‘naltirilgan musiqa (fortepiano, torli cholg‘ular, estrada cholg‘u ijrochiligi, xalq cholg‘ulari, damli va zarbli cholg‘ular, an’anaviy cholg‘u ijrochiligi, an’anaviy xonandalik, akademik xonandalik, estrada xonandaligi) va san’at (xoreografiya, teatr san’ati, tasviriy va amaliy san’at) yo‘nalishlarida faoliyatini amalga oshiradi.
O‘z muxbirimiz