Bundan o‘n besh-yigirma yil muqaddam hozirgi Ko‘kdala tumanining O‘tamayli, Ko‘kdala, Harduri va boshqa qator qishloqlari dehqonlari ertachi tarvuz yetishtirish tajribasini o‘zlashtirib, bu ishdan yaxshi daromad ola boshlashgan edi. Ko‘p o‘tmay bu usul butun tuman bo‘ylab ommalashdi va bugunga kelib ertachi tarvuz Ko‘kdalaning asosiy brendlaridan biriga aylandi.
Ayni paytda ko‘kdalalik dehqonlar yetishtirayotgan hosil nafaqat mamlakatimiz, balki xorij bozorlarida ham mashhur. Buni quyidagi raqamlar ham anglanib turibdi.
O‘tgan 2024-yilda tuman dehqonlari 15 ming gektar maydonda ertachi tarvuz parvarishlashgan edi. Yetishtirilgan hosilning asosiy qismini ichki bozorlarimizga yetkazib berish bilan bir qatorda, 8,5 million dollarlik tarvuz eksporti ham amalga oshirildi.
Joriy yilda esa hududdagi ertachi tarvuz parvarishlangan maydonlar hajmi 22 ming gektarga yetdi. Shunga ko‘ra, mahsulotning eksporti ham kamida 10 million dollardan oshishi kutilmoqda.
Hozirda yig‘ib olinayotgan hosil peshma-pesh ichki va tashqi bozorlarga yetkazib berilmoqda. Dehqonning cho‘ntagiga daromad kirayapti.
Tumanning O‘tamayli qishloІi hududida joylashgan «Bayramali-Jasurbek» fermer xo‘jaligi a’zolari ham 2 gektar maydonga tarvuzning «Dolbi – F1» nomli ertapishar turini ekishgan edi. Hosil kutilganidan ham yaxshi bo‘ldi.
– Yerlarimiz lalmikor maydonlar, – deydi fermer Shuhrat Nazarov. – Yer ostidan suv olib, dehqonchilik qilamiz. Bu yil yanvar oyi boshidayoq ishga kirishib, kichik issiqxonalarda urug‘larni o‘ndirishni boshlagan edik. Keyin ularni dalaga o‘tqazdik. Ob-havo injiqliklaridan himoya qilish uchun plyonka ostida parvarishladik. Qilgan mehnatimiz samarasida may oyining boshidanoq tarvuzlarimiz pishib yetildi. Hosilning asosiy qismini Q‘ozog‘istonga eksport qildik. Shuningdek, mamlakatimizning turli hududlaridan tadbirkorlar kelib, olib ketishmoqda.
Ayni paytda tumanda eksportni amalga oshirish bo‘yicha maxsus shtab tashkil etilgan bo‘lib, tegishli mutaxassislardan iborat guruh daladan uzilgan mahsulotning o‘z vaqtida xorij bozorlariga chiqarish uchun sutkasiga 24 soatlik rejimda ish olib borishmoqda.
Sobir NARZIYEV
Muallif olgan suratlar.