Qashqadaryo gazetasi Ma’naviyat KO‘NGILGA YO‘L
Ma’naviyat

KO‘NGILGA YO‘L

(Esse)

Bir muallim tanishim bor. Ajoyib odam. Yana uning qiziq bir odati bor. Yon daftarchasiga mashhur hofizu, kino yulduzlari, nomdor sportchilarning imzolarini qo‘ydirib, ko‘ngil yetar og‘aynilariga, tanish-bilishlariga ko‘rsatib, maqtanib yuradi. Men uchun qizig‘i uning kundaligida elimizning sevimli shoiri Muhammad Yusufning ham dastxati borligi bo‘ldi. Undan bu qanday ro‘y berganini so‘radim.

26 aprel – O‘zbekiston xalq shoiri Muhammad Yusuf tug‘ilgan kun

“ – O‘tgan asrning 90-yillari edi. Qishloqdagi maktabda muallim bo‘lib ishlardim. Kunlarning birida kitob axtarib kutubxonaga borgandim, mudira opa menga:

– Hozirgina sizni eslab turgandim. Bilasiz, hozir joylarda Abdulla Oripovning ellik yilligi keng nishonlanmoqda. Tumanimizga ham kelarmish. Eng qizig‘i, bizning kutubxonada shoir bilan  uchrashuv va she’rxonlik bo‘lar ekan. Hozirgina kattalarimiz qo‘ng‘iroq qilishdi. Shunga hozirlik ko‘rishim kerak. Sizdan iltimos, maktab o‘quvchilaridan guruh tuzib, shoirning sara she’rlaridan yod oldirsangiz…

Men mudiraga bajonidil yordam berishimni aytdim va a’lochi o‘quvchilarni saralab, shoirning she’rlarini tarqatdim. Shu orada qandaydir bir jur’at bilan o‘zim ham shoirga atab bitgan  hazil she’rimni ikkinchi sinfda o‘qiydigan Sanobar ismli qizchaga yod oldirdim.

Nihoyat, bizlar orziqib kutgan kun keldi. Sevimli shoirimiz Abdulla Oripov safdoshlari Muhammad Yusuf, Ismoil To‘xtamishev va boshqalar bilan qishlog‘imizga keldi. Tabriklar, she’rxonlik ancha davom etdi. So‘ngra navbatni kaminaning o‘quvchilariga berishdi. Ichimda: “Ishqilib, birortasi shoirning she’rini aytishda adashib ketmasin-da”, degan hadik bilan turibman. Shunda deng, haligi kaminaning  yozganini  ham boyagi  qizcha dona-dona qilib yoddan o‘qib berdi, deng…  She’r ko‘pchilikka manzur bo‘ldi, ozgina qiyqiriqlar bilan  qarsaklar chalindi. Abdulla aka esa kulimsirab, yonida o‘tirgan Muhammad Yusufning qulog‘iga allanimalar deb qo‘ydi. Ko‘nglim joyiga tushib, hatto ozina gerdayib   ham qo‘ydim. Axir Abdulla akaday shoirga atab she’r bitish va ma’qul keltirish hammaning ham qo‘lidan kelavermaydi, shunday emasmi?..

*  *  *

Uchrashuv tugab, mehmonlar bir piyola choyga taklif etilgach, kimdir meni chaqirganday bo‘ldi. Burilib qarasam, xo‘jalik raisi ekan. Yoniga bordim.

 Rais menga:

– Domla, juda pishiq odamsiz-da, shunday zo‘r tanishingiz bor ekan-u, nima  qilib yuribsiz maktabda, ketmaysizmi yonlariga, – dedi.

– Qanday tanish?-  dedim hayron bo‘lib.

– Shoir sizni so‘rayapti, – deya Muhammad Yusuf tomonga ishora qildi.

Qarasam, ishonsangiz, haqiqatdan ham Muhammad Yusuf men tomonga jilmayib qarab turibdi. Ichki hayajon bilan borib salomlashdim.

Shoir men bilan tanishgach, so‘radi.

– Anovi qizcha aytgan she’rni siz yozganmisiz?

– Ha.

– Abdulla akaga yoqdi, agar imkoni  bo‘lsa, o‘sha she’rning oxirgi misrasini yana ayting?..

– Men shoshilib aytdim:

Soqol qo‘ymasangiz, shoir amaki,

Ishonmaymiz hatto yuzga kirsangiz…

– Yaxshi topibsiz. Yana bir gap, siz shoirni jiyan deb atabsiz, shu gap rostmi?

– Ha, ona tarafi bizlardan, – dedim o‘zimni biroz o‘nglab olib.

Keyin shoirni  kimdir chaqirdi, men esa eski odatim qolmay dastxat yozib berishni iltimos qildim. Shoir daftarimga imzo qo‘ydi va  safdoshlari yoniga qaytdi.

*  *  *

Adashmasam, oradan ikki yoki uch yil o‘tib, poytaxtga malaka oshirish kursiga o‘qishga bordim va  kunlarning birida ko‘chadagi e’longa ko‘zim tushdi. Unda xonanda Toshpo‘lat Matkarimov kontserti va Muhammad Yusufning ham unda faxriy mehmon bo‘lishi haqida bitilgan edi. O‘sha yillarda shoirning ayniqsa “Turkman qiziga” atab yozgan she’ri xushovoz xonanda Oxunjon Madaliyev  tomonidan qo‘shiq  qilingan, radio va televizorda erta-yu kech  jaranglardi. Surxonlik hamxonam bilan  chipta olib, tomosha bo‘ladigan joyga ertaroq bordik.  Qarasam, bizdan  uch-to‘rt  qadam narida Muhammad Yusuf birov bilan suhbatlashib turibdi. Borib salomlashmoqchi bo‘ldim-u, ammo hayolimga:

“Hoy, nodon, o‘zi uzoq bir qishloqdan kelgan muallim bo‘lsang, senga kimning ko‘zi uchib turibdi?” degan o‘y keldi.

Shunda deng, shoirning ko‘zi  bexosdan menga tushib: “Ey, jo‘ra, keling, men sizni darrov tanidim”, deb yonlariga chaqirdi.  Nodonligimdan uyalib ketdim. Ammo, sir boy bermadim. Tahsil olgani kelganimni va unga atab bir nima  bitganimni ham aytdim.

 Muhammad Yusuf menga qaradi va har doimgidek:

– Qani, bo‘lmasa, o‘sha she’rning oxirini o‘qing-chi? – dedi qiziqib.

 Men ham bo‘sh kelmadim va aytdim:

Ey, Muhammad, Alloh senga tuzim bersin,

Nabirangga yovmit turkman qizin bersin.

 Shoir kuldi va so‘radi:

– Yovmit degani nimasi?

– Turkman qardoshlarning urug‘la-ridan biri.

Biz birgalikda madaniyat saroyiga kirdik. O‘sha kuni shoirning “Oq tulpor” she’ri Toshpo‘lat Matkarimov tomonidan ilk bor qo‘shiq tarzida  ijro etilgan edi, nazarimda…”                                              

*  *  *

Kunlarning birida o‘sha dastxat yig‘uvchi muallim tanishimni yo‘lda tajang   ahvolda uchratdim va hol so‘radim.

– Ey, so‘ramang, uyimga o‘g‘ri oralabdi, ammo u hech narsaga tegmasdan kunora  bir  varaqlamasam ko‘nglim joyiga tushmaydigan kitobimni olib ketibdi.

– Demak o‘g‘ri ham anoyi emas ekan, –  dedim kulib.

– Shunaqaga o‘xshaydi…

So‘ngra oradan ikki kun o‘tib, uni yana uchratdim. U  salomlashgach, dedi:

– Aytganingiz to‘g‘ri chiqdi. O‘g‘ri qo‘shnimizning yaqinda harbiydan kelgan o‘g‘li ekan. Unashtirilgan qiziga she’r aytish kerak bo‘lib qolganmish… Kichkintoy o‘g‘ilchamizni velosipedda “kataysa” qildirgan ekan, olib chiqib beribdi. Chaqirib  rosa koyidim, o‘ziyam. So‘ngra “Yod olgan she’ringni ayt!” dedim.

Qizarib-bo‘zarib shoirning “Muhabbat, sen chiroylisan, muhabbat, sen go‘zalsan”ini aytdi. Omadni qarang, qizining ismi ham Muhabbat ekan. “Shoir og‘am shu she’rni mening nomimdan yozgan”, deydi, bezrayib.  Saxiyligim tutib, kitobni sovg‘a qilib yubordim. U xazina topgandek quvonib: “Uydagilarga bera-man, kelinning sepiga so-lishadi”,  dedi.

– Kimning kitobini?

– Kimniki bo‘lardi, Muhammad Yusufniki-da…

*  *  *

O‘sha muallim tanishim bir kuni yana gurung berdi.

– Adashmasam, 80-yillar edi. Qo‘limga yosh adib va shoirlarning ijod namunalari jamlangan al’manax tushib qoldi. Menga ayniqsa, Muhammadjon Yusupov deganning yozgani ma’qul keldi. She’rning mazmuni shunday: Yigit shaharda o‘qiydi. Pinhona sevib yurgan qizi esa qishloqda qolgan. Nihoyat, yigit ta’tilga keladi va bexosdan to‘yning ustidan chiqadi. Hech narsadan bexabar bobosi esa to‘yga borganini, to‘y zo‘r bo‘la-yotganini, ammo kelinchakning negadir sim-sim yig‘laganini nabirasiga so‘zlab beradi. Sevganidan ayrilgan yigit pinhona ich-ichidan qon yig‘laydi, ammo dardini oshkor qilolmaydi. O‘sha she’rning oxirgi misralarini  eshiting:

Bilmaydi, eh bobom bilmaydi,

Men, men axir sevardim uni!

Saltanatning oti nimaydi,

O‘sha sochi uzun qizini…

Bilsangiz, do‘stim, bu she’rning muallifi keyinchalik el-yurtga shoir Muhammad Yusuf bo‘lib tanildi.                                           

*  *  *

Kunlarning birida tanishimni xushnud holda uchratdim.  U qo‘lidagi gazetani menga ko‘rsatib dedi:

– Mana, hukumatimizning O‘zbekiston xalq shoiri Muhammad Yusuf tavalludini nishonlash to‘g‘risidagi qarori chiqibdi. Bu sodda va kamtarin ijodkorga ko‘rsatilgan ehtiromning namunasidir. Garchi shoir qisqa umr ko‘rgan bo‘lsa ham o‘zidan so‘nmas nazmiy bog‘ qoldirdi. Uning samimiy va xalqona she’rlari minglab  muxlislar qalbidan joy egalladi. Shular qatorida men ham borman, dedi va she’r o‘qidi.

Dunyoda shoir ko‘p,

She’rlar  ham bisyor.

Barisin muxlisi, ishqibozi bor.

Men uchun azizi Muhammad Yusuf,

Samimiyat bordir unda betakror.

Muallim tanishimning kuyinchakligi va she’rparastligiga, qolaversa yurtparvarligiga havasim keldi. Eh, uning ko‘nglidagi ezgulikka bo‘lgan tashnalik va oshiftalik-chi? Keyin esa uning sababini anglagandek bo‘ldim. Bu shoir Muhammad Yusuf she’ri-yatining ta’siri edi. Demak, el ko‘ngliga yo‘l topa olgan  ijodkorning nomi mangu yashaydi. 

O‘rolboy QOBIL,

O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi

Exit mobile version