Saralangan satrlar
Gapni biroz uzoqdan boshlasak.
Bilasiz, irlandiyalik yozuvchi Jeyms Joysning “Uliss” romani dunyo adabiyoti oyog‘ini osmondan qilib tashlagan. Muallifning o‘zi bu haqda “…shunchalik ko‘p boshqotirma va topishmoqlarni yig‘dimki, asrlar bo‘yi olimlar ularni yecha olmay bosh qotirsinlar, bu mening abadiy o‘lmas bo‘lishimga kafolatdir”, deya yozgan.
Semyuel Bekket romanga “Ingliz adabiy tilida yozilmagan, umuman yozilmagan… u faqat ko‘rish va eshitishga mo‘ljallangan” matn sifatida ta’rif bergan. Shu bois asar yaratilgandan keyin fransuz va italyan tillariga to‘liq tarjima qilingan bo‘lsa-da, Yevropadagi boshqa tillarga o‘girilmagan. Sosrealizm qolipidagi sovet adabiyotshunosligi romanni “XX asrning eng ma’yus, pessimistik ruhdagi asarlardan biri – “Uliss” romanida o‘zining to‘liq ifodasini topgan Joysning nigilizmi (har qanday me’yor, prinsip va qonunlarni inkor etish) modernizm “yevangeliye”siga aylandi”, deya sub’yektiv tarzda baholab, uni tarjima qilishga shoshilmagan.
Yozuvchi Nazar Eshonqul roman va uning o‘girmasi haqida quyidagi fikrlarni bayon etadi: “Ko‘lami va salmog‘i jihatidan XX asrning eng yirik va eng shov-shuvli asari hisoblangan, butun G‘arb madaniyatini larzaga keltirgan “Uliss” dunyoning qaysi tiliga tarjima qilinmasin, o‘ziga xos milliy hodisa sifatida e’tirof etiladigan asarlar sirasiga kiradi. Bu asar tarjimasi har qanday tilni sinovdan o‘tkazadi, uning qudratini ko‘rsatadi, imkoniyatlarini kengaytiradi. Tarjima uchun taniqli tarjimon Ibrohim G‘afurovning jasoratiga alohida tasanno aytish kerak. Chunki “Uliss” har kim ham tarjima qiladigan yoki tarjima qilishga jazm etadigan asar emas. Bu asarni mashhur Virjiniya Vulf “roman-ensiklopediya” degan bo‘lsa, boshqa bir tadiqiqotchi undagi mavzular va sharhlar qamrovini butun boshli ilmiy tekshirish institutiga tenglashtirgandi”.
Psixiatr, psixolog va faylasuf olim Karl Yung asarni o‘qib, bunday degan: “Bo‘shliqni o‘ziga jo etgan yetti yuz ellik sahifa bu – oppoq qog‘oz belgilari emas, aslo, aksincha ular tig‘iz va o‘ta zich mag‘izdor matn bilan to‘ldirilgandir. Siz o‘qiyverasiz, o‘qiyverasiz, o‘qiyverasiz va xuddi o‘zingizni bir narsa o‘qiyotgandek tasavvur etasiz. Ba’zi vaqtlarda ba’zi jumlalarga duch kelib, o‘zingizni havo bo‘shlig‘i teranliklariga qulaganday sezasiz va shu tariqa taqdirga tan berganingizdan so‘ng, nihoyat o‘qishga o‘rganasiz…”
“Uliss”ning aksariyat qismi impressionistik ruhdagi stenogramma shaklida yozilgan bo‘lib, bu asosan matnda “ong oqimi”ni aks ettirish niyatida qo‘llanilgan.
Ana endi asosiy mavzuga yaqinlashdik. Gap shundaki, shuncha shov-shuvlarga, bahs-munozaralar-u e’tirof va inkorlarga sabab bo‘lgan “Uliss” romani uslubi va yozuv texnikasini Joys fransuz adibi Eduard Dyujardin qalamiga mansub “Dafnalar kesildi” romani ta’sirida kashf qilganini aytgan ekan!
E’tiborlisi, ayni shu asar o‘tgan yili “Alp” nashriyotida yosh tarjimon Alisher Fayzullayev tarjimasida o‘zbek kitobxonlari qo‘liga yetib bordi. Yangi nashriyotning ilk kitoblaridan biri!
Aslida asarda u qadar olamshumul gaplar ham yo‘q. Daniyel Prinsning kechki olti yarimdan yarim tungacha bo‘lgan hayoti va o‘y-xayollari. “Uliss”da ham shunday: bir kunlik voqealar tilga olinadi. “Dafnalar kesildi”da Parij manzaralarini ko‘rsak, “Uliss”da Dublinning jug‘rofiy xaritasi gavdalanadi. Qahramon yolg‘iz, tabiat go‘zalliklariga oshufta, ehtimol uning yagona yupanchi ham tabiat. Yosh aktrisa qizga ko‘ngil qo‘ygan, qiz uchun esa yigit pul undirish vositasi, xolos. Qachon qaramang, arzimas muammolar girdobida, buni esa kamxarj yigit mo‘may pul bilan bartaraf etishi kerak.
Bilasiz, qadimgi Rimda urushlarda g‘alaba qozonganlar boshiga lavr yaprog‘ini qo‘yib, muzaffarlik, g‘oliblikni shu orqali aks ettirganlar. Dafnalar kesilishi esa umidlarning o‘lishi, sevgi-muhabbatning poyoniga yetishiga ishoradir.
“Dafnalar kesildi” romanini o‘qib ko‘ring. Ong oqimi yo‘nalishidagi birinchi asar mazmuni nima ekanini anglash, yangiligi, dunyo adabiyoti rivojiga bergan ulushi ne ekanini tushunish uchun ham mutolaadan chetda turmang.
* * *
Va shakllar tartibsizligi aro, joy va makonlar, ko‘payuvchi va tug‘iluvchi hodisalar illyuziyasida biri qolganlaridan, biri qolganlari kabi, boshqasi boshqalaridan farq qilmaydigan, xuddi qolganlaridek yana bir cheksiz mumkin bo‘lgan hayotlarning biridan men chiqib kelaman; nihoyat zamon va makon paydo bo‘ladi; bu hozir; bu shu yer; soatlar zang uradi; va hammayoqdan hayot ufuradi; vaqt, joy, aprel oqshomi, Parij, yorug‘ g‘ira-shirada quyosh botadi, yakrang ovozlar, oppoq uylar, sharpalar oqimi; yoqimli shom hamda kimdir bo‘lish shodonligi, sayr; ko‘chalar va odamlar oqimi, uzoq osmonning – ko‘kning hadsizligi; atrofda Parij kuylaydi va noaniq shakllar tutunida sassiz o‘ylarni shaklga keltiradi.
* * *
Qani endi o‘sha yerda, qishloqda, otamning uyida bo‘lib qolsam, tungi dalalarda yolg‘iz, yolg‘iz, yolg‘iz kezsam! Kechasi qishloqda tayoq ko‘tarib, qaddingni rostlab, har xil narsalarni orzu qilish, jimjitlikda, ulkan qishloqlarda, uzoq yo‘llarda kezish buncha yaxshi, buncha yaxshi!..
* * *
U o‘ziga ishonadi, demak, baxtiyor.
* * *
Ajoyib kunlarning birida u o‘ta tasodif bilan ko‘rishib qolgan xonimcha; xonimchaki, shahar parkiga ikki dugonasi bilan borgan; keyin yigit uni rosa kuzatgan; keyin xat tutqizgan; yana olti oy o‘zidan taqvodor yasaydi; xonimcha esa agar u jur’at qilganida birinchi safardayoq “xo‘p” dermish. Anavi onaxon ham; mayda sudxo‘r; albatta, tul bo‘lsa kerak; biron zobitning bevasi; o‘zini Yansenda g‘imir-g‘imir qilib yurgandek ko‘rsatadi; abadiy muhabbat romansi. U nima degan bo‘lardi, bizning go‘l muhandis? Ha, ular yigitga ehtiyotkorona munosabatda bo‘lishibdi. U o‘zini sevaman deb tasavvur qiladi, qila boshlaydi, allaqachon qiladi ham; o‘zini o‘zi laqillatganini hali bilmaydi; ikki oydan keyin bari noz-u firoq o‘tib ketishini xayoliga ham keltirmaydi; uylanadi. Haqiqiy sevgi bunday bo‘lmaydi, bunday tuzilmaydi, dunyoga kelmaydi bunday, va yuragimiz qinidan chiqsa ham bu go‘zal kunlarning birida, Monso parkida shlyapado‘z-u bevalarning bechora qizlariga qarmoq tashlab, uch go‘zal qarshisida Paris rolini o‘ynab izg‘iganingda sodir bo‘lmaydi…
* * *
Oqshomgi bekorchilikda, dyeraza oldida xayol surish, sevging, sevikli yoring haqida o‘ylash hamda osoyishta oqshomni tomosha qilib, orzu qilish yaxshi; baxtiyor kechada sevgi haqida, pok va ma’sum bo‘lishi mumkin bo‘lgan sevikli yor haqida xayol surib o‘tirish yaxshi; oqshom sakinatida xayol surish yaxshi…
* * *
Biror narsaga kirishsang, he yo‘q-be yo‘q undan voz kechish yaramaydi.
* * *
Soddagina mayin ko‘tarilayotgan qo‘shiq va oddiy ritm; muzdek yaproqlar ichra, tasodifan, imi-jimi chiqqan tovushlar ostida, o‘suvchan, chinqiroq, ingichka ovoz, mayin qo‘shiq, bir maromdagi ibodat, ohista raqsning qat’iy ritmi; muhabbat shunday paydo bo‘ladi…
* * *
…Cheksiz hayotlar ichra yakka-yolg‘iz, faqat shundagina o‘z yo‘limni tutaman, boshqalar orasida butunlay yolg‘iz.
* * *
Umid deganlari bunchalar olis bo‘lmasa!
* * *
Muhabbat sevikli ko‘ngilda barq uradi; istak chorlar va jazb etar; muhabbat ohanrabo degani.
* * *
Oh, buncha og‘ir, o‘limdek zil-zambil bo‘lmasa bu zerikish! Aqldan ozaman; axir men baxtli emasmi, bo‘lishim kerakmasmidi?..
* * *
Shunchaki kutish-u qay olamdaligingni bilmaslikdan dahshat narsa yo‘q.
* * *
– Sevsa bo‘ladigan ayol judalar kam; ko‘pchilik muhabbat izhor qilgan ayolni aslida hech kim sevmaydi.
Uning o‘zidan buni eshitish noxush; bu gapga nima desa bo‘ladi, uni ranjitmaslik uchun? nega sevikli emas u ayollarning bari; ularning o‘zi buni istamasa kerak.
– Agar ayol, – deyman, – sevikli emas ekan, ko‘pincha u buni istamasligidan.
…Chunki har qanday ayol, u aybdormi yoki munosib – nima qilganda ham suymaganga sherik.
* * *
Deraza romiga, bog‘ga, daraxtlar orasiga, derazam ortidagi baland og‘ochlar ichiga qo‘ngan ajib oqshom, bo‘m-bo‘sh va quruqshagan ulkan bog‘, ochiq derazadan kelayotgan tunning muattar isi; keyin esa – bo‘m-bo‘sh ko‘chalar-u suronli xiyobonlarda sayr qilayotgan tun, sharmanka-yu sodda laparlarda, qorong‘ida ham o‘sha-o‘sha mayinligi sezilgan yana xuddi o‘sha tun…
B.SAYFIYEV tayyorladi.