Britaniya parlamenti hisob palatasi Vestminster saroyi binosi qismlaridan birida yangi eshik o‘rnatilishi fakti bo‘yicha tekshiruv o‘tkazish to‘g‘risida so‘rov oldi. Bu haqda Sky News manbasi yozgan.
So‘rov muallifi yuqori palata spikeri lord Jon Makfoll hisoblanadi. U eshik narxi o‘rnatilish vaqtida nega 60 foiz o‘sganiga aniqlik kiritishni talab qilgan. Bundan tashqari, uni qiymati 9,6 million funt bo‘lgan jihoz to‘g‘ri ishlamayotgani tashvishlantirgan. Bu, o‘z navbatida, haftasiga 2,5 ming funt qo‘shimcha xarajatga olib keladi.
Eshik lordlar palatasi a’zolari Vestminster saroyiga Eski saroy hovlisi tomonidan kirishi uchun o‘rnatilgan. Avvalida uning narxi o‘rnatish xizmati bilan 6,1 million funtni tashkil qilgan, yakunda esa qariyb 10 million funtga yetgan. Ma’lum bo‘lishicha, eshik faqat ichkaridan tugmani bosish orqali ochiladi. Shu sabab lordlar palatasi a’zolari undan kirishi uchun doimo eshik oldida qo‘riqchi navbatchilik qiladi.
Lordlar palatasi komissiyasi muammo qachon – ishlab chiqarish, yukni yetkazish yoki o‘rnatish bosqichida paydo bo‘lganiga aniqlik kirita olmagan. Shuningdek, eshik to‘g‘ri ishlashi uchun uning konstruksiyasiga qanday o‘zgarish kiritish kerakligi ham noma’lum.
Jon Makfoll hisob palatasidan loyihadagi eshik o‘rnatish, ishlab chiqaruvchini tanlash va tasniflash qarorining sifatini baholashni so‘ragan.