Qashqadaryo gazetasi Jarayon Loyihalarning aksariyati ichki yo‘llarni ta’mirlashdan iborat
Jarayon

Loyihalarning aksariyati ichki yo‘llarni ta’mirlashdan iborat

«Ochiq budjet» portalida «Tashabbusli budjet» jarayonining 2025-yilgi ikkinchi mavsumi dastlabki yakunlari e’lon qilindi. Ularga ko‘ra, viloyatimizda umumiy qiymati 293 milliard 958 million so‘mga teng 191 ta loyiha g‘olib deb topildi va tez orada hayotga tatbiq etiladigan bo‘ldi.

«Tashabbusli budjet»

openbudget.uz saytida ochiqlangan ma’lumotlarga qaraganda, bu yilgi ikkinchi mavsumning dastlabki bosqichida (15-iyuldan 3-avgustgacha) viloyatimiz shahar va tumanlarida yashovchi faol fuqarolar tomonidan 1 ming 748 ta tashabbus ilgari surilib, ro‘yxatga olingan. Keyingi saralash bosqichida (4-18-avgust kunlari) tashabbuslarning 271 tasi tegishli organlar (masalan, shahar va tumanlar obodonlashtirish boshqarmalari, «Yagona buyurtmachi xizmati» injiniring kompaniyasi, «Hududiy elektr tarmoqlari» AJ filiali va hokazolar) xulosalariga asosan muayyan sabablarga binoan rad etilib, qolgan 1 ming 477 tasi tasdiqlangan. Uchinchi bosqichda (19- 21-avgust kunlari) loyihalar targ‘iboti o‘tkazilgan bo‘lsa, to‘rtinchi bosqichda (22-31-avgust kunlari) ovoz berish jarayoni davom etgan. Viloyatimizdagi loyihalar uchun jami 1 million 538,1 mingta ovoz to‘plangan va mazkur ko‘rsatkich bo‘yicha Qashqadaryo respublika hududlari orasida birinchi o‘rinni egalladi.

E’tiborlisi, «Tashabbusli budjet» jarayonining 2025-yilgi ikkinchi mavsumida respublika miqyosida eng ko‘p ovoz to‘plagan loyiha ham viloyatimizdan. Mazkur tashabbus Sherzod Jumanov tomonidan ilgari surilgan bo‘lib, Chiroqchi tumani Chambil mahallasidagi umumiy uzunligi 2 ming 991 metrga teng ichki yo‘llar (piyodalar yo‘lakchalari, yo‘l o‘tkazgichlar)ni ta’mirlashga qaratilgan. Qiymati 1,5 milliard so‘mni tashkil etadigan ushbu loyiha uchun jami 18 ming nafardan ortiq kishi ovoz bergan. 

Viloyatimizda g‘olib deb topilgan loyihalarning eng ko‘pi (169 tasi) ichki yo‘llar (piyodalar yo‘lakchalari, yo‘l o‘tkazgichlar)ni ta’mirlash bilan bog‘liq tadbirlar amalga oshirilishini nazarda tutadi. Qolganlari umumta’lim maktablarida qo‘shimcha o‘quv binolari, faollar zali va sport maydonlari barpo etish, sog‘liqni saqlash muassasalari moddiy-texnika bazasini yaxshilash, ichimlik suvi va elektr energiyasi ta’minoti tizimini tiklash, maktabgacha ta’lim tashkilotini ta’mirlash, qabristonni obodonlashtirish va dehqon bozorida ko‘cha chiroqlari va ayvonlar o‘rnatish, kanalizatsiya tizimi holatini yaxshilashga qaratilgan.

Umuman olganda, «Tashabbusli budjet»ning joriy yilgi ikkinchi mavsumi yakunlariga ko‘ra, respublika bo‘yicha qiymati 3,2 trillion so‘mlik 2 ming 332 ta loyiha g‘olib deb topildi. Tashabbuslari eng ko‘p g‘olib bo‘lgan hududlar uchligiga Farg‘ona (274 ta), Toshkent (230 ta) va Samarqand (220 ta) viloyatlari kirdi.

Suratlarda: Chiroqchi tumani Chambil mahallasidagi ichki yo‘llarning ayni ahvoli aks etgan.

Exit mobile version