Sarhisob
Ma’lumki, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev “Bugun ma’naviyat boshqa sohalardan o‘n qadam oldinda yurishi, ma’naviyat yangi kuchga, yangi harakatga aylanishi kerak”, deya ta’kidlagan edi. Xo‘sh, ushbu so‘zlarning amaldagi ijrosi qanday?
Qarshi shahridagi Ma’naviyat maskanida Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi Qashqadaryo viloyati bo‘limi tomonidan ziyolilar, OAV vakillari va blogerlar ishtirokida tashkil etilgan brifingda shu haqda so‘z bordi. Unda Markaz viloyat bo‘limi rahbari, senator Komila Karomova 2025-yilda amalga oshirilgan ishlar hamda kelgusi vazifalar xususida ma’lumot berdi.
Qayd etilganidek, Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi Qashqadaryo viloyati bo‘limi tomonidan 2025-yilda ko‘plab ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar, festivallar, ijtimoiy loyihalar, kitob taqdimotlari o‘tkazildi, ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalar orqali aholi ma’naviyatini yuksaltirishga asosiy e’tibor qaratildi.
Xususan, raqamli targ‘ibot yo‘nalishida bo‘lim va bo‘linmalarning ijtimoy tarmoqlardagi 17 ta telegram hamda instagram sahifalari faoliyati yo‘lga qo‘yildi. #yangiruhiyat, #birdam_jamiyat, #yakdil_mintaqa, #xalqchil_davlat, #maromiylik heshtegi ostida 300 dan ortiq media mahsulotlar tayyorlanib, ijtimoiy tarmoqlarga joylashtirildi.
“Bir Vatan – bir maqsad” shiori ostida ma’naviy-ma’rifiy targ‘ibot tadbirlari, “Vatan uchun, millat uchun, xalq uchun!” shiori ostida “Umummilliy birdamlik” festivali bo‘lib o‘tdi. “Umummilliy birdamlik”, “Kitob marafoni”, “Farovon hayotga ilk qadam”, “Inson qadri”, “Baxtli bolalik sharafiga”, “Shijoat”, “Dildagi gaplar” kabi ijtimoiy loyihalarda minglab aholi vakillari qamrab olindi.
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 23-maydagi majlis bayoni ijrosi doirasida “Tamaddun, madaniyat va ma’rifat” mavzusidagi “Ma’rifat karvoni” ilmiy-ma’rifiy va madaniy targ‘ibot tadbirlari tashkil etildi. Shu asosda “Yangi O‘zbekiston – yangi Renessans poydevori” mavzusida ilmiy-ma’rifiy forum, “Olimlar va yoshlar uchrashuvi”, “Ijtimoiy g‘oyalar forumi”, “Kinokarvon”, “Farovon hayotga ilk qadam”, “Inson qadri” loyihalari amalga oshirildi.
Ma’lumki, Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi tomonidan har yili “Eng namunali tuman va shahar” hamda “Eng namunali vazirlik va idora” tanlovlari o‘tkazib kelinmoqda. Joriy yilning 12-dekabr kuni Milliy gvardiya ma’naviyat va ma’rifat markazida mazkur tanlovlarning yakuniy bosqichi va taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tdi. E’tiborlisi, “Eng namunali tuman va shahar” tanlovi Respublika bosqichida Qamashi tumani 1-o‘rinni qo‘lga kiritdi va 100 million so‘m pul mukofoti bilan taqdirlandi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Boshqaruv samaradorligi agentligi viloyat filiali bilan hamkorlikda davlat fuqarolik xizmatchilari o‘rtasida “Kitobxon davlat xizmatchisi” tanlovi, “Mahalla yettiligi” vakillari o‘rtasida bilimlar bellashuvi, viloyat oila va xotin-qizlar boshqarmasi bilan hamkorlikda “Kitobxon uy bekasi” tanlovi, talaba va o‘quvchilar o‘rtasida “Buyuk va muqaddassan, ona tilim!” mavzusida insholar tanlovi hamda qashqadaryo_ziyo telegram kanalida onlayn viktorinalar o‘tkazildi.
Viloyatning barcha hududlaridagi kitobxonlarni qamrab olish va rag‘batlantirishga qaratilgan “Kitoblararo 80 kun” loyihasi o‘tkazilib, jahon va o‘zbek adabiyotining sara namunalari bo‘yicha eng yuqori ball to‘plagan ishtirokchilar pul mukofotlari bilan taqdirlandi.
2025-yil kitoblar nashri borasida ham ancha samarali kechganini ta’kidlash joiz. Xususan, tarixchi va adiba Sharofat Ashurovaning Sohibqiron Amir Temur haqidagi “Ilohiy tun” romani Toshkent shahridagi “Ochun” nashriyotida 1000 nusxada nashr etildi.
Taniqli tarixchi olim Abdisabur Raimqulov muallifligidagi “Qashqadaryo vohasining VIII-XIV asrlar davri shaharlari va tarixiy topografiyasi” kitobi “Ochun” nashriyotida 1000 nusxada chop etildi.
Shomurod Sharapov hamda Anvar Shukurov muallifligidagi “Qashqadaryo vohasi ziyoratgohlari” kitob-alьbomi “Tamaddun” nashriyotida 1000 nusxada chop etildi.
Zamonaviy o‘zbek adabiyotida o‘z o‘rniga ega shoir Amir Xudoyberdining “Ummonlar orzusi” kitobi “Ijod-nashr” nashriyotida 1000 nusxada chiqarilib, adabiyot ixlosmandlari qo‘liga yetib bordi.
Adib va publitsist Hakim Sattoriyning yoshlar mavzusi qalamga olingan “Ostonada” kitobi “Akademnashr” nashriyotida 1000 nusxada chop etildi.
Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi viloyat bo‘limi bosh mutaxassisi Bekzod Sayfiyevning “Sirli saltanat javohirlari” kitobi “Akademnashr” nashriyotida 1000 nusxada chop qilindi.
Brifingda ma’naviy-ma’rifiy yo‘nalishdagi loyihalar 2026-yilda yangi shakl va mazmunda, raqamli targ‘ibotni yanada kuchaytirgan holda davom ettirilishi ta’kidlandi. Jurnalistlar va blogerlarni qiziqtirgan savollarga javoblar berildi. Ishtirokchilarga Markaz viloyat bo‘limi tomonidan chop ettirilgan kitoblar to‘plami sovg‘a qilindi.
NASRIDDIN