Saralangan satrlar
Tarixdan yaxshi bilasiz, Eronning so‘nggi shohi Muhammad Rizo Pahlaviy 1979-yilda taxtdan ag‘darilgan va mamlakatdan chiqib ketishga majbur bo‘lgan. AQSH, Buyuk Britaniya va sovet ittifoqi bosimi ostidagi mamlakatda o‘sha yildan e’tiboran monarxlik tuzumiga chek qo‘yilgan. Pahlaviyning keyingi hayoti esa xor-u zorlikda kechgan. Muttasil u davlatdan – bu davlatga ko‘chishlar, siyosiy xo‘rlik va bir necha og‘ir kasalliklar oqibatida so‘nggi shoh bu yorug‘ olamni tark etgan.
Muhammad Kozim Mazinoniy qalamiga mansub “So‘nggi (sh)oh” romani XX asrning mashhur va munozaralarga boy davlat arboblaridan biri sifatida tarix sahifalaridan o‘rin olgan, Erondek mavqei baland davlatni 37 yil mobaynida boshqargan shoh Muhammad Rizo Pahlaviy hayotining so‘nggi, ayanchli kunlari haqida hikoya qiladi.
Hozirgi zamon Eron shoiri, adibi va tanqidchisi Yusuf Ali Mirishkor “So‘nggi (sh)oh” romani Mazinoniyning shoirlik, tarixnavislik va nosirlik iste’dodi qorishmasi hosilasi bo‘lib, asar fors adabiyotiga magik realizm tamoyillarini olib kirdi, roman zamonaviy fors adabiyotida alohida o‘rinni egallab ulgurdi. Boshqacha qilib aytganda, “So‘nggi (sh)oh” “Nasrda yozilgan tarixiy she’rdir”, deya ta’rif bergan bo‘lsa, zamonaviy Eron adibasi Bilqis Sulaymoniy romanni “tavbanoma” deb atagan.
Asarni o‘zbek tiliga taniqli adib Xurshid Do‘stmuhammad o‘girgan.
* * *
Tarix senga mana shunday – ko‘z ko‘rib, quloq eshitmagan eng mudhish va kulgili davrlarda shohlik martabasiga erishish va jirkanch o‘lim topish qismatini ravo ko‘rgandi. Podshohlik taxtida o‘tirar ekansan, ado etayotgan martabangdan mast bo‘lib hammaning va har bir kishining ko‘z o‘ngida mayna bo‘lding. O‘zingni shafqatsiz ko‘rsatmoqchi bo‘lar edingu aslida o‘taketgan nozik nihol eding, kurashmoqqa shay turgandek edingu o‘taketgan qo‘rqoq eding.
* * *
Xuddi mana shu joyda bir yosh ayol og‘ir kasal go‘dagini o‘lib qoldi degan xayolda qor bo‘ralab yog‘ayotgan va bo‘ron zabtiga olgan bir paytda sag‘ana qorovuli ixtiyoriga topshirganu erining ortidan poytaxtga jo‘navorgan. Qorovul keyin dafn etarman degan o‘yda mayitni otxonaga olib borib qo‘ygan. Ona esa o‘sha ob-havo sharoitida poytaxtga yetib borishiga ko‘zi yetmay iziga qaytgan va otxonaga kirib ne ko‘z bilan ko‘rsaki, bolasi tirik! Muzlaganidan o‘lar holga tushgan, lekin eshaklarning issiq nafasida jon saqlagan o‘sha go‘dak men… men edim… Men – Rizo Pahlaviy edim!
* * *
Vorisi bo‘lmagan shohning paymonasi ayanchli tugashi muqarrar: yuz karra ishonch bilan aytish mumkinki, bunday podshoh oxir-oqibat mahv etiladi! Mamlakatga egalik – maynabozchilik yoxud o‘yin emas. Istiqbol borasida hech bir banda avvaldan bashorat qilolmagay.
* * *
Ehromlarni ko‘ryapsanmi? Ming yillardan buyon turibdi ular vaqt zalvarini zimmalariga ortib. Hayot sharpasidan mosuvo bo‘lgan bu mahobatli inshootlar o‘limni qo‘riqlash maqsadida bunyod etilgan – fir’avnlar o‘limni masxaralash maqsadida o‘z jasadlarini mumiyolab ularning ichiga joylashtirib qo‘yganlar, ehtimol ular o‘limning ustidan toabad mayna qilish uchun ham shunday qilishgan chiqar? Ayni shu boisdan ham na qushlar, na gullar, na-da daraxtlar ehromlar bilan do‘st tutinadilar…
* * *
Uch vallomat-rahnamodan faqat Stalin onang va egizak singling bilan birgalikda qabuliga taklif qildi; va mamlakatingda “irib-chirigan monarxlik tuzumi”ga barham berishni – shu yo‘l bilan sen tarixda ezgu iz qoldirishing mumkin, degan taklifni aytdi. Taklifga shunchaki iljayish bilan javob qaytarding, xolos. Dunyoni larzaga solib turgan davlat boshliqlari-yu ularning bu qadar bepisandliklarini hech qachon yodingdan chiqarmaysan va ularga qaqshatqich zarba berish fursati kelishini orziqib kutasan.
* * *
Eng og‘ir kunlarda sendan yuz o‘girgan nusxalar qurbonlikka atalajak lahm etlar ilinjida to‘planib turishibdi. Ko‘nglingga kelgan gapni o‘zingcha takrorlab qo‘yding: “Mag‘lubiyat – yetim, g‘oliblikka ota bo‘lish da’vosidagilar esa istagancha topiladi”, degan naql qanchalar to‘g‘ri-ya!”
* * *
Kuzning shu oltin kunlarida o‘z fuqarolaringni o‘z ko‘zing bilan ko‘rib, kuzatib g‘alati holatga tushding. Ular odamdan ko‘ra tuproqqa, haydalgan yerga o‘xshaydi. Jazirama oftobda kuyib qoraygan chehralar, qo‘llari ishlatilgan xom g‘ishtlardek kuyib yorilib ketgan; nazaringda, tirikka ham o‘xshamas edilar.
* * *
Ahvol shu darajaga yetdiki, qaysar qari mulla taxt minbaridan turib hayqirdi:
– Janob shoh, men seni ogohlantirib qo‘yay… Men sening haqiqiy shoh bo‘lishingni istayman, yollanma malay emas…
Sen esa yana uning gapiga quloq osmading, buning ustiga, uni vatandan badarg‘a qilding. Shunday choralar orqali noroziliklar ildiziga bolta urishni mo‘ljallading… Vaholanki, o‘sha qariya – mulla kelajakni oldindan ko‘ra bilgan, sen esa ko‘ra bilmagan ekansan. “Mening tarafdorlarim beshiklarda yotibdi”, degandi-ya.
* * *
– Ne sababdan shu-uncha tasvirlar orasida birorta ayol kishining siymosi ko‘rinmaydi? – sovet hukumatining rahbari shunday deb savol qotdi va unga o‘xshatib javob qaytarding:
– Aks holda forslar mana shunday tamaddunga erishmagan bo‘lur edilar!
* * *
Dunyoning qaysi bir burchagida qaysi bir monarxni taxtdan ag‘darsalar, sen oyoq qo‘yib turgan zamin qo‘porilganday, go‘yo sening paymonang to‘lganday tuyular, ustiga-ustak, taxtdan ag‘darilgan rahnamoni o‘zingga yaqin his qilish ham emas, uning yeri bilan yaqinlik yoxud olislik sening halovatingni o‘g‘rilar edi. Afg‘oniston qiroli yurtidan quvilib, ko‘chada qolgan gadodek Rimda sandiroqlab yurganida sen uning uchun dang‘illama uy sotib olib berding va hamma xarajatlarini o‘z yoningdan to‘lading, hatto tamakisi uchun ham pul o‘tkazganding; har oyda o‘n ming dollardan to‘lovni-ku, aytmasa ham bo‘ladi. O‘sha qirolning o‘g‘lini, qizini ishga joylaganing-chi! Axir sen o‘zingni dunyodagi barcha shohlarning, ularning farzandlarigacha xaloskori deb hisoblarding.
* * *
Esimda, sovet elchisi to‘satdan: “Nima sababdan Amerika birinchi raqamli josusni Eronga elchi qilib jo‘natdi?” deb so‘rab qoldi. Bosh vazir shu qadar nazokat bilan javob qaytardiki, sho‘rolar elchisini mulzam ham qilib qo‘ydi: “Negaligi ravshan: ular bizning do‘stlarimiz-da, shuning uchun ham bizga o‘ninchi darajali elchini ravo ko‘rishmagan!” desa bo‘ladimi?!”
* * *
Marokash qiroli bizning yurtga tashrif buyurganida ochiqchasiga havaslar qilgandi-ya! U qaytib ketgach, SAVAK xizmati uning Ramser saroyidagi xonalardan birida o‘z qo‘riqchilari boshlig‘i bilan suhbatini yozib keltirgandi: “Shunday boyliklar kimga nasib etganini qarang, – degandi u. – Tog‘lar, cho‘llar, o‘rmonlar, ikki dengiz, neft va gazni aytmaysizmi! Xudo haqqi, shular menda bo‘lganida bormi, nimalar qilgan bo‘lar edim!” Shunday gaplarni aytgan janob, mana, quyoshning qahriga uchrab, kuyib kul bo‘layozgan yurtidan quvib chiqarmoqda.
* * *
Eng mustahkam imorat ham zilziladan vayron bo‘lmaydi, balki ularni chumolilar kemirib bitiradi!
* * *
Gohida vaqtidan ilgari kelishdan ko‘ra o‘z vaqtida yetib kelgan ma’qul!
* * *
Hech qanday iltifotga o‘rin qolmagan muzokaralarda o‘q muhokama tiliga aylanadi.
* * *
Bu rezgi davlatning bosh vaziri nima deb kepti degin: bir million dollar zarur bo‘lib qolibdi!.. Bu davlatning hisoblarida qumga tushgan suvdek yo‘q bo‘lib ketgan pullarim ko‘z o‘ngimdan o‘tdi va har qanday iltifotni yig‘ishtirib qo‘yib, javobini berdim: “Bu taxlit kelishingiz risoladagidek emas…” U ham aylantirib o‘tirmadi. “Siz o‘zi xalqingiz vatanidan quvib yuborgan darbadarsiz-da…” dedi bezrayib. Umrim bino bo‘lib rasmiy odamdan bu qadar tuban muomalani eshitmagandim…
* * *
Yodimda, Sovet ittifoqiga borganimda Xrushchev kishi bilmas qilib, o‘z mamlakatining qudratini pisanda qilganida, men, “Oramizdagi farq shundaki, bizning osmonimizda hamon Parvardigor bor…” deganman. U churq etolmay qolgan.
* * *
Miyadan boshqa barcha a’zolar faoliyatdan to‘xtadi. Miyang muzlashi qoldi. Umring mobaynida biror marta ongu shuuring bu qadar holdan ketmagandi. Markaziy asab tizimi qariyb harakatdan to‘xtadi, ong-u idroking tomon million xabarlar uzatishdan qoldi. Miyaning odatdagi vazifalaridan yengil tortishi va uning yangi imkoniyatga yetishuvi shu: fosfor shu’lasi singari va inson ko‘rmagan dunyoni anglamog‘i uchun miltillab turishi mana shu. O‘limdan keyingi hayotga kirib borish va ruh koinot zarralariga qo‘shilib ketishi uchun yagona lahza, soniya mana shu.
* * *
Shohdir, gadodir, har banda o‘z amallarining mevasini u dunyoda o‘zi ko‘radi.
B.SAYFIYEV tayyorladi.