Salohiyatli kadrlar zaxirasiga kiritilgan, bugungi kunda MFY tizimida faoliyat yuritib kelayotgan davlat fuqarolik xizmatchilari “Bilimlar bellashuvi”da kuch sinashishdi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Boshqaruv samaradorligi agentligi Qashqadaryo viloyati filiali, Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi viloyat bo‘limi hamkorligida tashkil etilgan bellashuvda “MFY raislari”, “Hokim yordamchilari”, “Yoshlar yetakchilari”, “Xotin-qizlar faollari”, “Ijtimoiy himoya zukkolari” hamda “MFY soliq inspektorlari” jamoalari ishtirok etib, bilim va iqtidorlarini namoyon etishdi.
Mazkur tanlovlar “mahalla yettiligi” tizimida samarali faoliyat yuritib kelayogan davlat fuqarolik xizmatchilarining bilim va malakalarini yanada oshirish, intellektual salohiyatini yuksaltirish, o‘z imkoniyatlarini jamoatchilik oldida to‘la namoyon etish, qizg‘in va murosasiz bahslarda esa muvaffaqiyat qozonish, liderlik va g‘oliblik sifatlarini rivojlantirishga xizmat qilishi bilan ahamiyatlidir.
Tanlov ishtirokchilari O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi, “Davlat fuqarolik xizmati to‘g‘risida”gi Qonun, Vazirlar Mahkamasining “Davlat fuqarolik xizmatchilari tomonidan odob-axloq qoidalariga rioya etilishini ta’minlash bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi 595-sonli qarori hamda mantiqiy fikrlash bo‘yicha sinovdan o‘tkazildi.
Tanlov 5 raunddan iborat bo‘ldi, har bir raundda jamoalarga 3 tadan savol berildi. Yakuniy natijalarga ko‘ra, “Hokim yordamchilari” jamoasi 1-o‘rinni qo‘lga kiritdi. “MFY raislari” jamoasi 2- va “Yoshlar yetakchilari” jamoasi 3-o‘rinni egallashdi.
Tanlov g‘oliblari diplom va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.
B.SAYFIYEV