Qarshi davlat texnika universiteti talabalari mahallalarning bosh rejasini ishlab chiqishda ishtirok etmoqdalar.
Prezidentimiz raisligida joriy yil 23-yanvar kuni kamabag‘allikni qisqartirish va aholi bandligini ta’minlash bo‘yicha 2026-yilda amalga oshirilishi lozim bo‘lgan asosiy vazifalar yuzasidan o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida bu borada muhim topshiriqlar berilgan edi.
Ular ijrosini ta’minlash maqsadida universitetda amaliy ishlar boshlab yuborildi. O‘zbekiston mahallalari uyushmasi viloyat boshqarmasi, Boshqaruv samaradorligi agentligi viloyat filiali va Qarshi tumani hokimligi hamkorligida mazkur hududdagi Gulshan mahallasida seminar o‘tkazildi.
Seminarda mahalla bosh rejasini ishlab chiqish, qishloq ko‘chalarining zamonaviy qiyofada bo‘lishini ta’minlash, qurilish va energetika tizimlari loyihalarini hayotga tatbiq etish bilan bog‘liq muhim rejalar muhokama qilindi.
– Endilikda arxitektura ta’lim yo‘nalishidagi 800 nafarga yaqin talaba viloyatdagi 99 ta mahallaning bosh rejasini ishlab chiqishga jalb etiladi, – deydi universitetning o‘quv ishlari bo‘yicha prorektori Zafar Chorshanbiyev. – Talabalarning kelgusidagi ilmiy tadqiqot ishlari ham aynan shu hududlardagi muammolar va ularning yechimiga qaratiladi.
E’tiborli jihati, mahallalarga yangicha qiyofa olib kiradigan eng zo‘r loyihalarni ishlab chiqqan talabalar jamoasiga 100 million so‘mdan mukofot beriladi.
O‘z muxbirimiz