Qashqadaryoga oid
Mang‘it nomli urug‘, qishloqlar haqida eshitgansiz albatta. Bu nomning ma’nosi haqida hech qiziqib ko‘rganmisiz?
To‘ra Nafasovning «Qashqadaryo qishloqnomasi» kitobiga ko‘ra, mang‘it o‘zbek xalqi tarkibidagi eng qadimiy yirik qabila bo‘lib, oqmang‘it, qoramang‘it, cholmang‘it, boyg‘undimang‘it, to‘qmang‘it, o‘nikki, chalamang‘it kabi bo‘linmalari, temirxo‘ja, esaboy, esat, guvalak, ko‘sa, toz, qorabayir, baqirchi, chovqay, kulatamg‘ali, mang‘itqozoq, galabotir, beshkal, cholbakchak, uz, uvolay kabi urug‘ tarmoqlari bo‘lgan. Ayni shu bo‘linma va urug‘ tarmoqlaridan ham ko‘pgina qishloqlarimiz ma’nosini yanada yaqinroq bilib olsak bo‘ladi.
«O‘zbekiston joy nomlarining izohli lug‘ati»da qayd etilishicha, mang‘it – turkiy, mo‘g‘ul, tungus-manjur tillariga, ya’ni ularning o‘tmishdagi oltoy bobotiliga tegishli so‘z bo‘lib, mo‘g‘ulcha shakli «myangat», ya’ni «minglar» demakdir. Mo‘g‘ulcha-ruscha lug‘atda bu so‘zga «mongol qabilasi» deb izoh berilgan, ming soni mo‘g‘ul tilida «manga»(n) so‘zi bilan ifodalangan. Myangat – mingtalik degani. Urug‘-qabila nomlarida uch, besh, olti, yetti, to‘qqiz, qirq, yuz, ming sonlari qo‘llanganini e’tiborga olib, mutaxassislar mang‘it etnonimini «minglar» deya izohlashgan.
Mang‘it degan nom O‘zbekistonning qariyb barcha tumanlarida uchraydi. Xususan, Qarshining shundoq biqinida To‘qmang‘it, G‘uzorda Mang‘itguzar, Qamashida Mang‘itto‘p, Ishtixonda Mang‘ittepa, Pastdarg‘om va Urgutda Oqmang‘it, shuningdek, Xo‘jaobod, Jondor, Buvayda, Dang‘ara tumanlarida mang‘it nomi bilan atalgan joylarni ko‘rish mumkin. Xorazmning Gurlan, Hazorasp tumanlarida Mag‘itsolma, Mang‘ityop kabi qishloqlar ham bor.