Qashqadaryo gazetasi Ilm-fan MATEMATIKA – KOINOT TILI VA TAFAKKUR QUDRATI
Ilm-fan

MATEMATIKA – KOINOT TILI VA TAFAKKUR QUDRATI

Insoniyat taraqqiyoti tarixiga nazar tashlasak, matematika eng qadimiy va eng muhim fanlardan biri ekanini ko‘ramiz. Minglab yillar avval odamlar yulduzlar harakatini kuzatish, vaqtni aniqlash, yer maydonlarini o‘lchash va savdo-sotiq ishlarini yuritish uchun matematik bilimlarga tayanganlar. Asrlar davomida bu fan takomillashib, bugungi kunda zamonaviy sivilizatsiyaning ajralmas poydevoriga aylandi.

Hozirgi hayotimizni matematikasiz tasavvur qilish deyarli mumkin emas. Qo‘limizdagi smartfonlar, kompyuterlar, internet tarmog‘i, sun’iy intellekt texnologiyalari, bank tizimi, tibbiyot, muhandislik va hatto ijtimoiy tarmoqlar ham murakkab matematik hisob-kitoblar asosida faoliyat yuritadi. Ko‘zga ko‘rinmaydigan bu hisoblar zamirida esa insoniyatning asrlar davomida to‘plagan ilmiy tajribasi mujassam.

Ko‘pchilik matematika haqida o‘ylaganda ko‘z oldiga formulalar, tenglamalar va murakkab hisob-kitoblar keladi. Biroq matematika bundan ancha keng va teran tushunchadir. U, avvalo, mantiqiy fikrlash san’ati, tartib va uyg‘unlik haqidagi fandir. Matematika insonga nafaqat hisoblashni, balki tahlil qilishni, sabab va oqibatni anglashni, muammolarga oqilona yechim topishni ham o‘rgatadi.

Buyuk olim Galileo Galiley shunday degan edi: “Tabiat kitobi matematika tilida yozilgan”. Bu fikrda chuqur haqiqat mujassam. Chunki tabiatning har bir burchagida muayyan matematik qonuniyatlar yashiringan.

Buning yorqin misollaridan biri – mashhur Fibonachchi ketma-ketligidir. Unda har bir son o‘zidan oldin kelgan ikki sonning yig‘indisiga teng bo‘ladi. Qizig‘i shundaki, bu oddiy matematik qonuniyatni tabiatning turli ko‘rinishlarida uchratish mumkin. Kungaboqar urug‘larining joylashishi, qarag‘ay shishkalari, daraxt shoxlarining tarmoqlanishi, dengiz chig‘anoqlarining spiralsimon shakli, dovullar harakati va hatto galaktikalar tuzilishida ham ushbu qonuniyatning izlari namoyon bo‘ladi. Bu holat tabiatdagi tartib va uyg‘unlik tasodifiy emasligini ko‘rsatadi.

Tabiatning yana bir hayratlanarli “matematik mo‘jizasi” – asalarilar qurgan uyalardir. Asalari kataklari olti burchak shaklida bo‘lishi bejiz emas. Olimlar aniqlashicha, barcha muntazam ko‘pburchaklar ichida aynan olti burchak eng kam material sarflagan holda eng ko‘p hajm va maydon hosil qilish imkonini beradi. Shu bilan birga, bunday tuzilish juda mustahkam bo‘ladi.

Eng hayratlanarlisi shundaki, asalarilar bu geometrik yechimni hech qanday hisob-kitoblarsiz, chizg‘ichsiz yoki formulalarsiz qo‘llaydilar. Go‘yoki tabiatning o‘zi ularga eng samarali arxitektura qonunini o‘rgatgandek. Bu esa matematika inson ixtirosi emas, balki koinotning o‘z qonuniyatlarini ifoda etuvchi universal til ekanini yana bir bor tasdiqlaydi.

Matematika nafaqat tabiatni tushunishga, balki kelajakni qurishga ham xizmat qiladi. Kosmik kemalarning parvozi, sun’iy yo‘ldoshlar harakati, iqlim o‘zgarishlarini bashorat qilish, yangi dori vositalarini yaratish va sun’iy intellektni rivojlantirish kabi ulkan vazifalarning barchasi matematik modellar va hisoblashlarga tayanadi.

Shu bois matematika faqatgina raqamlar va formulalar yig‘indisi emas. U inson tafakkurining qudratini namoyon etuvchi, tabiat sirlarini ochuvchi va taraqqiyotga yo‘l ko‘rsatuvchi bebaho ilmdir. Sonlar olamiga chuqurroq nazar tashlagan inson har bir raqam ortida mantiq, har bir qonuniyat ortida esa hayratomuz go‘zallik yashiringanini anglaydi.

Matematikani o‘rganish – bu faqat hisoblashni o‘rganish emas. Bu dunyoni anglash, mustaqil fikrlash va haqiqatni izlash yo‘lidir. Shuning uchun ham matematika azaldan barcha fanlarning poydevori, ilm-fan taraqqiyotining asosiy tayanchi sifatida e’tirof etib kelinadi. Insoniyat yangi kashfiyotlar sari intilar ekan, matematika hamon uning eng ishonchli yo‘ldoshi bo‘lib qolaveradi.

Gulzoda MUHIDDINOVA,

Qarshi xalqaro universiteti iqtisodiyot va muandislik kafedrasi katta o‘qituvchisi

Exit mobile version