Qashqadaryo gazetasi Ma’naviyat MAVJUD BOYLIKLARIMIZ EMAS, ULARDAN QANDAY FOYDALANISHIMIZ BIZNI BUYUK MILLATGA AYLANTIRADI
Ma’naviyat

MAVJUD BOYLIKLARIMIZ EMAS, ULARDAN QANDAY FOYDALANISHIMIZ BIZNI BUYUK MILLATGA AYLANTIRADI

Teodor Ruzvelt – amerikalik siyosatchi, davlat arbobi, tarixchi va yozuvchi sanaladi. U AQShning 26-prezidenti sifatida mashhur. 1906 yilda Tinchlik sohasida Nobel mukofoti bilan taqdirlangan.

Adabiyot olamida “Drakula” asari bilan tanilgan yozuvchi Brem Stoker u bilan suhbatlashib, shunday degan: “Kun kelib u prezident bo‘ladi. Bu odamni na avrab, na qo‘rqitib, na sotib olish mumkin”.

Albatta, u o‘z davrining katta siyosatchisi edi. Binobarin, Lotin Amerikasi mamlakatlariga nisbatan bosqinchilik siyosati, jumladan, Kubaning okkupatsiya qilinishi, Panama kanali zonasi egallab olinishi aynan uning davrida yuz bergan. O‘z o‘rnida, lozim paytda tinchlikparvar siyosat ham olib borgan. Jumladan, uning xalqaro miqyosda e’tirof etilishiga rus-yapon urushiga nuqta qo‘ygan muzokaralari sabab bo‘lgani aytiladi.

Ruzvelt ancha kitobxon bo‘lgan va o‘zi ham asarlar yozgan. Undan adabiy meros sifatida qolgan kitoblar 37 tani tashkil etadi.

Quyida Ruzveltning “Liderlik qonunlari” kitobidan diqqatga loyiq fikrlarni saraladik. Ushbu kitob mutolaasi foydadan xoli bo‘lmaydi. Amerika “dunyoning eng rivojlangan mamlakati” degan maqomga o‘z-o‘zidan erishmagan albatta. Qat’iyatli, chinakam liderlik xususiyatlariga ega shaxslargina mamlakatni taraqqiyot pillapoyalaridan yuqoriga tortgan. Alqissa, 26-prezidentdan o‘rgansa bo‘ladigan jihatlar ancha ko‘p.

Saralangan satrlar

*  *  *

Chinakam lider uchun eng muhimi – harakatchan voqelik bilan yaqin va to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqada bo‘lishdir. So‘zda emas, amalda yasha va lider bo‘l.

*  *  *

Qarshiliklarning har qandayini – norozilik, shikoyatlar, xavotir, tushunmovchiliklarni yengib o‘t. Bunday yengib o‘tish jarayonida o‘zingning eng yaxshi fazilatlaring namoyon bo‘lishiga shukrona qil. Zo‘riqishlaringni namoyon qilaver.

*  *  *

Ming afsuski, zo‘riqib ishlashning muqobili yo‘q. Agar sening maqsading – kompaniyang uchun almashtirib bo‘lmas xodimga aylanish bo‘lsa, boshqalardan ko‘ra ko‘proq, tezroq va zo‘riqibroq ishlashing shart.

*  *  *

Janjalga sababchi bo‘lish – muzokaraning yaxshi usuli emas. Ammo ba’zan shunday bo‘ladiki, o‘z fikringni o‘tkazish uchun har qanday vositadan foydalanishga to‘g‘ri keladi. Shunday ham qil. Ehtimol, ayni damda hech narsaga erisha olmassan, ammo sening obro‘ying – bebaho boyliklaringdan biridir.

*  *  *

Odamga beriladigan eng yomon maslahat: boshqalarga qo‘yib ber, keyin esa ulardan nolib yur.

*  *  *

Agar seni boshqarishga (rahbarlikka) o‘rgatishsa, faktlarni sovuqqonlik bilan tahlil etib qaror qabul qilishni o‘rganishing kerak. Shu bilan birga, qalbingda yashaydigan samimiy, teran va g‘aroyib tarzda jozibali ishtiyoq manbasidan aloqani uzmasliging shart.

Murakkab qarorlarga duch kelganingda esa u yoki bu yo‘lni tanlab nimalarni his qilishingni tasavvur qil. Shundan keyingina keraklisini tanla.

*  *  *

Butun umrini g‘alaba va mag‘lubiyatlardan xoli tussiz g‘ira-shiralikdan iborat hayotda o‘tkazadigan irodasi sustlarga qo‘shilib yashagandan ko‘ra omadsizlikdan hadiksiramay, yuksak maqsadlar va haqiqiy zafarlar uchun tavakkal qilgan a’lo.

*  *  *

Xodimlarga dalda ber, ko‘ndir, ishtiyoqlantir va talab qil. Boshida bular omadsizliklarga olib kelishi, sen va jamoangga zarar keltirishi mumkin. Ammo kelgusida yuksak intilishlar har qanday kompaniyaga chinakam buyuklikka yetaklovchi moddiy va ma’naviy ustunliklar baxsh etadi. Bu esa kelajakda muvaffaqiyatlarga erishish imkoniyatini sezilarli darajada oshiradi. Bu muvaffaqiyat o‘rtamiyonalikning g‘ira-shiraligida qo‘lga kiritilganidan ko‘ra olamshumulroq bo‘ladi.

*  *  *

O‘g‘il bola uchun o‘n bir yoshida maktab sport jamoasi kapitani bo‘lish foydali. Ammo oradan yigirma yil o‘tib u haqda faqatgina futbolga, beysbolga yoki boksga qiziqishi va qachonlardir kapitan bo‘lganini bir umr yodida saqlashini aytishsa – juda yomon.

*  *  *

Katta olomonni aytmasa, menga tansoqchi kerak, deb o‘ylamayman. Agar suiqasd qilmoqchi bo‘lgan qotilga duch kelish ehtimoli mavjudu, kishining o‘zi qat’iyatli va jismonan baquvvat bo‘lsa, tansoqchidan ko‘ra o‘zini yaxshiroq himoya qila oladi.

*  *  *

Hayot – buyuk sarguzasht va sizlarga shuni aytmoqchiman: uni boricha qabul qiling. G‘alaba uchun jon boricha kuch sarflang. G‘alaba qo‘ldan chiqib ketgan taqdirdayam, shikva qilmasdan olg‘a intilishda davom etishga, bor kuchingiz bilan ishlash va natijalarni qo‘lga kiritishga tayyor turing.

*  *  *

Bir kishi hamma uchun, hamma bir kishi uchun – yaxshi shior. Ammo har bir kishi boshqalarga yuk bo‘lmaslikka urinib, bor kuchi bilan ishlagandagina bu shior o‘zini oqlaydi.

*  *  *

Amerikani nima yo‘q qilishi mumkin? Qanday bo‘lmasin farovonlikka, tinchlikka erishish, burchni qadrlash o‘rniga bexatar yashash, osuda hayotni istash va tezroq boyib ketishga ishtiyoq – mana shular mamlakat kushandalaridir.

*  *  *

Agar qaysi birini tanlashda ikkilansang, hamisha eng qiyinini tanla.

*  *  *

Tolstoy – buyuk yozuvchi. U o‘z qahramonlari xatti-harakatlarini hech qachon izohlab o‘tirmasligini payqaganmisan? U qahramonlarining o‘ylari va ishlarini hikoya qilarkan, bular yaxshi-yomonligini o‘quvchiga bayon qilib o‘tirmaydi. Fukidid ham tarixni shunday yozgan – uning asarlarini yomonday ko‘rsatgan narsa aslida yomon faktlarning o‘zidir.

*  *  *

Haqiqatni axtar. Haqiqatni bil. Agar yalang‘och haqiqat yoqmasa, uni o‘rab-chirmaganing bilan baribir mohiyatini o‘zgartirolmaysan. Mavjud voqelikni qabul qil. Haqiqiy lider voqelikdan ko‘z yummaydi.

*  *  *

Jasurlik – liderning muhim sifatidir. Agar senda jasurlik yetishmasa, uni tarbiyala. Seni qo‘rqitgan vaziyatlardan chetga qochma. Qo‘rquvni his qil, ammo ongli tarzda jasur harakat qil. Tez-tez va to‘laqonli qo‘rqinchli vaziyatlarni yengib o‘t – jasur odamga aylanasan.

Hayotingdan qoniqish hosil qilmaysanmi? O‘zingni o‘zgartir! O‘zing o‘zgarmasang – olam o‘zgarmas!

*  *  *

O‘z xodimlaringga kabinetingda o‘tirmagan holda o‘rgat. Odamlar oldiga chiq, ular bilan yuzma-yuz uchrash. O‘rgata turib o‘rgan.

*  *  *

Prezidentlik – fe’lingni tiyishni o‘rganish uchun ayni mos o‘rin.

*  *  *

Obro‘ va hukmronlik kishiga ulkan g‘urur baxsh etishi mumkin. Har qanday yetakchida o‘z hissiyotlariga erk berish istagi paydo bo‘ladi. Bu istakka qarshi kurashgin. Sening o‘rning qanchalar yuksak bo‘lsa, shunchalar vazmin bo‘lishing kerak. Seni gijgijlashmoqdami? O‘ngacha sana. Unut. E’tiboringni to‘lig‘icha ishga qarat.

*  *  *

millat sharafini xatarga duch kelib uni yengganlar, mashaqqatlarga uchrab ularni bosib o‘tganlar tashkil qiladi. Yo‘llari chamanzorlardan o‘tgan, qiyinchiliklar va qo‘rquvni bilmaganlar bunday sharafga loyiq emas.

*  *  *

Badbinlik – bu tormoz, harakatlantiruvchi emas. Nekbin bo‘lish, shunday yashash va qolish uchun ishonchli uslubni axtar. Bu haqiqiy lider uchun yagona ishonchli yo‘ldir.

*  *  *

Ikki narsa ustida bosh qotiring. Birinchidan, har mahal hayotingizni maroqli va qiziqarli qiling, zero, bujmaygan aft haligacha hech kimga foyda keltirmagan. Ikkinchidan, arzirli biror narsa qilmoqchi bo‘lsangiz, jon-jahdingiz bilan ishlang va zarur ishni bajaring.

*  *  *

Aniq manbalarga murojaat qil, passivlikdan qoch va harakat uchun bo‘yningga mas’uliyat ol (“qaror qilindi” emas, “men qaror qildim”). Eng muhimi, buni xohlamasang ham haqiqatni ayt.

*  *  *

Daryo o‘z manbasidan yuqoriga oqmaydi.

*  *  *

Millatimizning bir nuqsoni bor – biz mavhum jumlalar bilan gapirishga moyilmiz. Latcha tuxumni so‘rgan payti uning po‘chog‘igina qoladi. Siz mavhum so‘zlardan foydalanganingizda, odamning esida nutqingizdan hech narsa saqlanib qolmaydi.

*  *  *

Agar insonning o‘zi o‘zgalarga qiladigan pand-nasihatlari asosida yashamasligi ma’lum bo‘lib qolsa, juda noqulay ahvolga tushadi.

*  *  *

Jinoyatni oching va jinoyatchilarni ta’qib qiling. Ammo yodingizda bo‘lsin, jinoyatni ochish jarayoni qo‘l uchida olib borilib, faqat xo‘jako‘rsinga amalga oshirilsa, shuning o‘zi jinoyatdan ko‘ra jamiyatga katta zarar keltiradi.

*  *  *

Qo‘rqoqning qo‘liga eng yaxshi qurolni berib qo‘ysang ham kaltak tutgun botirdan yengiladi.

*  *  *

Yulduzlarga tikil, ammo oyog‘ing yerda mahkam tursin.

*  *  *

Agar sizning idealingiz uyda yaxshiyu, tashqaridagi hayotga to‘g‘ri kelmasa, uni yaxshilab tekshiring, tahlil qiling va tashlab yuboring.

*  *  *

Tez chopayotgan chavandozning ortidan omadsizliklar yetolmaydi.

*  *  *

Omadsizlik og‘ir. Ammo muvaffaqiyatga erishishga sirayam urinmaslik yanada dahshatliroq!

*  *  *

Konstitutsiya odamlarga xizmat qilishi kerak, odamlar konstitutsiyaga emas.

*  *  *

Mavjud boyliklarimiz emas, ulardan qanday foydalanishimiz bizni buyuk millatga aylantiradi.

*  *  *

Bajarmasligini bilib turib va’da beruvchi kishi haqli ravishda ta’naga loyiqdir. U har qanday odamning bebaho boyligi – sha’ndan mahrum bo‘ladi.

B.SAYFIYEV tayyorladi.

Exit mobile version