Qashqadaryo gazetasi Faoliyat MAVSUM YAQIN, PILLACHILAR TARADDUDDA
Faoliyat

MAVSUM YAQIN, PILLACHILAR TARADDUDDA

Sharh

Bahor kelib, borliq yashillikka burkandi. O‘t-o‘lan, turli daraxtlar qatorida tutlar ham barg yozdi. Bu pillachilik mavsumi yaqinligidan darak. Prezidentimizning joriy yil 6 martdagi «Ipakchilik sohasini yangi tizim asosida rivojlantirish hamda ozuqa bazasini mustahkamlashga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi qarori pillachilar uchun imkoniyatlar eshigini yanada kengroq ochganidan ilhomlangan tarmoq fidoyilari bugun taraddudda. Marralar belgilab olindi, ularga erishish asnosida qishloq iqtisodiyotini qayta shakllantirish, odamlarning turmush tarzini o‘zgartirish, yangi daromad manbalarini yaratish strategiyasi ham amalga oshirilishi nazarda tutilgan.

Qisqa va lo‘nda qilib aytganda, qarorning maqsadi respublikamizda ipakchilikni yanada rivojlantirish, ipak qurtini parvarishlash, ozuqa bazasini mustahkamlash, pilla yetishtirish jarayonlarini takomillashtirish hamda ipakchilik korxonalari quvvatlarini oshirish hisobiga aholi bandligini ta’minlashdan iborat.

REJA MA’LUM, RAG‘BAT ZO‘R

Qarorda 2030-yilgacha ipakchilik sohasini rivojlantirish hamda ozuqa bazasini mustahkamlashning asosiy maqsadli ko‘rsatkichlari belgilangan. Unga ko‘ra, respublikada tirik pilla yetishtirishni 2026-yilda 30 ming tonna, 2030-yilda 36 ming tonnaga, eksport hajmini esa mos ravishda 120 million AQSH dollaridan 300 million AQSH dollariga yetkazish ko‘zda tutilgan. 200 million tup tut ko‘chati ekish orqali ozuqa bazasi 45 foizga oshiriladi. Pillani chuqur qayta ishlash darajasi 2026-yilda 30 foizga, 2030-yilga borib 75 foizga yetkaziladi. Har yili kamida 500 ming kishi mavsumiy va 50 ming kishi doimiy ish o‘rni bilan ta’minlanadi.

Mazkur hujjatda yurtimizda ipakchilikni rivojlantirishning aniq maqsadlari, amalga oshirilishi lozim bo‘lgan muhim vazifalar, imtiyozlar batafsil o‘z ifodasini topgan. Unga ko‘ra, endi Kambag‘allikni qisqartirish davlat maqsadli jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan pilla yetishtiruvchilarga, ya’ni ipak qurti boquvchi bo‘ladimi, kasanachimi, ularga «mahalla yettiligi»ning kollegial qarori asosida pillachilik klasteri haqiqatda pilla uchun to‘lab bergan mablag‘larning 35 foizi miqdorida subsidiya ajratiladi.

Yana bir jihati, O‘rmon va yashil hududlarni ko‘paytirish, cho‘llanishga qarshi kurashish agentligi balansidagi yer maydonlarida tashkil etiladigan tutzorlarda pilla kooperativi tuzish maqsadlari uchun ushbu kooperativ a’zosi hisoblanadigan kambag‘al oilalarga, ya’ni bitta oilaning bir nafar a’zosiga faqat bir marta 4 million so‘mdan subsidiya ajratiladi.

Urug‘chilik korxonalariga ipak qurti urug‘larini tayyorlash faoliyatiga jalb etiladigan har bir mavsumiy ishchi oylik ish haqining 50 foizi, biroq mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdorining ikki baravaridan oshmagan qismi kompensatsiya qilib beriladi.

Bundan tashqari, ipak qurtini parvarishlashda zarur bo‘ladigan asbob-uskuna va jihozlarni sotib olish uchun kasanachilarga 3 yil muddatga bazaviy hisoblash miqdorining 50 baravarigacha miqdorda foizsiz ssuda beriladi.

TUT EKISH – BU FAQAT IPAKCHILIK UCHUN EMAS

Ipakchilikning asosi – tut daraxti. Qarorda aynan shu masalaga katta urg‘u berilishi bejiz emas. Chunki ozuqa bazasi bo‘lmasa, pillachilik ham rivojlanmaydi.

Tut esa shunday ekinki, u nafaqat iqlimga mos, balki yerni «tiriltiradi», uning unumdorligini oshiradi. Demak, tut ekish – bu faqat ipakchilik uchun emas, balki ekologiya va yer uchun ham foyda. Eng muhimi, qarorda nazarda tutilganidek, bu jarayonda qishloq aholisi yangi ish va daromad manbaiga ega bo‘lishi.

Ozuqa bazasini 2026-2030 yillarda bosqichma-bosqich kengaytirish maqsadida mamlakatimizda 8 ming gektar maydonda yangi tutzorlar barpo etiladi. «Yashil makon» umummilliy loyihasi doirasida 41,5 ming gektar maydonda yakka qator tut ko‘chatlari ekiladi. 15 ming gektardagi tutzorlar rekonstruksiya qilinadi. Bu davrda 64 ming 539 gektar maydonga 198 ming 894 tup tut ko‘chatlari o‘tqaziladi.

Tutzorlar maydonining kengayishi mahsulot hajmining oshishini ta’minlaydi. Natijada pilla yetishtirish ko‘rsatkichlari ham ortib boradi. 2030-yilga qadar umumiy qiymati 200 million dollarlik 21 ta investitsiya loyihasini amalga oshirish xom ipakni qayta ishlash hajmini 3 ming tonnaga yetkazish hamda 18,5 million pogon metr ipak mato ishlab chiqarish imkonini beradi.

Qarorda Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlarda pillachilik klasterlari tomonidan 2026-2028-yillarda 450 ta yangi qurtxona qurilishi rejasi ham aks etgan.

Yana bir muhim yangilik – klaster tizimi. Bu tizim orqali tut ekishdan tortib, tayyor mahsulotgacha bo‘lgan barcha jarayonlar bir zanjirga birlashtiriladi. Bu nima beradi? Avvalo, ishlar tizimli tashkil etiladi. Ikkinchidan, mahsulot sifati oshadi. Uchinchidan esa har bir ishtirokchi, fermerdan tortib ishchigacha manfaat ko‘radi.

MEHNATNING «MEVA»SI HAM BO‘LADI

Mehnatning samarasi yaratilgan imkoniyat va shart-sharoitlarga ko‘p jihatdan bog‘liq. Qarorda ipakchilikni rivojlantirish borasida bir qancha soliq imtiyozlari ham belgilangan. Xo‘sh, bu imtiyozlar nimalardan iborat?

– 2026-yil 1-yanvardan 2029-yil 1-yanvarga qadar pillachilik klasterlarining pilla yetishtirish va saqlash uchun foydalaniladigan bino va inshootlari mol-mulk solig‘idan hamda ular egallagan yer uchastkalari yer solig‘idan ozod qilinadi, – deydi viloyat soliq boshqarmasi davlat soliq bosh inspektori Suhrob Boqiyev. – Bu davrda ipakchilik faoliyatidan, ya’ni sertifikat asosida «4 A» va undan yuqori sifatdagi xom ipak, ipak momig‘i, ipak kalavasi, ipak mato, ipakdan tayyor mahsulotlar uchun olgan daromadlari joriy hisobot (soliq) davri yakunlari bo‘yicha jami daromadining kamida 70 foizini tashkil etgan ipakchilik korxonalariga foyda solig‘i stavkasi 2 foiz miqdorida belgilanadi.

Qarorda ipak mato va ipakdan tayyor mahsulotlar ishlab chiqarishni joriy qilgan korxonalar uchun ijtimoiy soliqni 1 foiz stavkada belgilash ham ko‘zda tutilgan. Bunda ushbu imtiyoz har oyda o‘rtacha ish haqi miqdori mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdorining ikki baravaridan kam bo‘lmagan miqdorda hisoblangan va ushbu mahsulotlarni ishlab chiqarish faoliyatidan olgan daromadlari joriy hisobot (soliq) davri yakunlari bo‘yicha jami daromadining kamida 60 foizini tashkil etgan korxonalarga taqdim qilinadi.

E’tiborli jihati, ipak qurti urug‘larini tayyorlash va qurtxonalarda pilla yetishtirish bo‘yicha mavsumiy ishlarga jalb qilingan aholining mazkur faoliyatdan olgan daromadi jismoniy shaxslardan olinadigan daromad va ijtimoiy soliqlarning soliqqa solish obyekti sifatida hisoblanmaydi.

Yangi qarorning eng ahamiyatli jihatlaridan biri – inson manfaatining ustuvorligidir. Endi pilla yetishtiruvchi oddiy oila ham o‘z mehnati natijasini yaqqol his qiladi. 35 foizlik subsidiya, foizsiz ssudalar, kam ta’minlangan oilalar uchun ajratiladigan mablag‘lar – barchasi odamlarning bu sohaga qiziqishini oshirishga xizmat qiladi.

83 TA QURTXONA YANGIDAN QURILADI

Qashqadaryo – mehnatkash insonlari, keng dalalari va qishloq xo‘jaligi sohasidagi o‘ziga xos tajribalari bilan tanilgan hudud. Ana shu imkoniyatlardan unumli foydalanish lozim.

– Viloyatimizda 2030 yilga qadar tirik pilla xomashyosini yetishtirish hajmini 3 ming 475, xom ipak tayyorlashni esa 386 tonnaga yetkazish rejalashtirilgan, – deydi «Qashqadaryo agropilla» MCHJ bosh agronomi Bahodir Shoymardonov. – Qarorga ko‘ra, pilla  xomashyosini qayta ishlash hajmining    77 foizga yetkazilishi natijasida  2 ming 980 pogon metr ipak mato ishlab chiqarishga erishiladi. 2026-2028-yillarda vohamizda qiymati 16,6 milliard so‘mlik 83 ta qurtxona yangidan quriladi.

2026-2030-yillarda 5 ming 367 gektar maydonda 14,6 million tup tut ko‘chatini o‘tqazish mo‘ljallangan. Bundan tashqari, yangi barpo qilinadigan 1 ming 102 gektar tutzorlarda 4,7 million tup tut niholi ekiladi. «Yashil makon» umummilliy loyihasi doirasida 4 ming 102 gektar yerda 9,09 million tup tut ko‘chatini ekish mo‘ljallangan. Shuningdek, bu davr mobaynida viloyatdagi mavjud 7 ming 864 gektar maydondagi tutzorlardan 163 gektari rekonstruksiya qilinadi.

Joriy yilda viloyatimiz pillakorlari 48 ming 391 quti pilladan 2 ming 904 tonna hosil olishni maqsad qilishgan. Bu ko‘rsatkichlar yillar kesimida o‘sib boradi va 2030-yilga borib jami 3 ming 475 tonna pilla tayyorlash ko‘zda tutilgan.

Kitob, Shahrisabz va Yakkabog‘ tumanlarining tog‘ oldi hududlarida pillachilik komplekslarini tashkil etish maqsadida yirik tut plantatsiyalari barpo etiladi.

BARCHASI MAMLAKAT TARAQQIYOTIGA XIZMAT QILADI

Yangi qaror bilan avvalo mamlakatimizda ipakchilik sohasini rivojlantirishning yangi davri boshlandi. Aniq maqsadli ko‘rsatkichlar keyingi to‘rt yildagi natijalarni tahlil qilish imkonini beradi. Pilla yetishtiruvchilar va aholining daromadi ortadi. Band bo‘lgan kishilar soni ko‘payadi. Mehnatga munosabat yaxshilanadi.

Yana bir gap, ipakdan tayyorlangan mahsulotlar xorijiy mamlakatlarda ancha xaridorgir bo‘lib, qimmat baholanadi. Shundan kelib chiqib, ipakchilik bilan bog‘liq hunarmandlik turlarini rivojlantirish ham dolzarb hisoblanadi. Bu, bir jihatdan, viloyatda turizmni rivojlantirish borasidagi muhim omillardan biri bo‘lishi aniq.

Sohaga raqamli texnologiyalarni keng joriy qilish ham shu kunning muhim masalalaridan biri. Ozuqa bazasining hisobi, korxonalar reyestri, sohadagi hisobotlar va hisob-kitoblarni elektron shaklda yuritish bo‘ladimi, urug‘lik va pilla xomashyosi hajmlari, pilla qabul qilish punktlarini real vaqt rejimida monitoring qilish jarayonlarini qamrab olgan yagona axborot tizimi ishlab chiqish bo‘ladimi – barchasi mamlakat iqtisodiyotini rivojlantirishga xizmat qiladi.

Abdurazzoq MURODOV

Exit mobile version