Qashqadaryo gazetasi Ilm-fan Mehnat bozori uchun raqobatbardosh kadrlar tayyorlanmoqda
Ilm-fan

Mehnat bozori uchun raqobatbardosh kadrlar tayyorlanmoqda

Mamlakatimizda kambag‘allikni qisqartirish, aholi bandligini ta’minlash va mehnat bozorida raqobatbardosh kadrlar tayyorlash davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri sanaladi. Shunga monand, keyingi yillarda inson resurslarini rivojlantirish, mehnat bozorini isloh qilish, bandlikning zamonaviy shakllarini tatbiq etish orqali kambag‘allikni qisqartirish bo‘yicha sohada ko‘rsatilayotgan davlat xizmatlari sifatini oshirish, xalqaro andozalar asosida munosib mehnat munosabatlarini keng joriy qilish maqsadida  katta amaliy sa’y-harakatlarga qo‘l urildi. 

Prezidentning 2024-yil 4-oktabrdagi «Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik sohasida davlat siyosatini takomillashtirish va samaradorlikni oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qaroriga muvofiq Qarshi shahridagi «Ishga marhamat» monomarkazi negizida tashkil etilgan kasbiy ko‘nikmalar markazi ana shu o‘zgarishlarga bir misol bo‘la oladi.  

Markazning yillik o‘qitish quvvati 2 ming 400 nafar tinglovchiga mo‘ljallangan. Bu yerda 2025-yil davomida mehnat bozorida talab yuqori bo‘lgan 32 yo‘nalishda kurslar tashkil etildi. Ular zamonaviy kasblar, xorijiy tillar, raqamli texnologiyalar va tadbirkorlik ko‘nikmalarini o‘z ichiga oladi. Barcha o‘quv xonalari va ustaxonalar Jahon banki hamda Bandlikka ko‘maklashish davlat jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan zarur zamonaviy jihozlar bilan ta’minlangan.

Bizga taqdim etilgan ma’lumotlarga ko‘ra, yanvar-oktabr oylarida 1 ming 985 nafar fuqaro ushbu kurslarga jalb etildi. Ulardan 1 ming 371 nafari yo‘llanma, 67 nafari vaucher va 547 nafari shartnoma asosida muayyan kasb yo‘nalishida ta’lim olish maqsadida kelgan. 

Bitiruvchilari bandligini ta’minlash ham markazning asosiy diqqat-e’tiboridagi masalalardan sanaladi. Joriy yilning 11-noyabr holatiga ko‘ra, 1 ming 709 nafar fuqaro o‘quv kurslarini muvaffaqiyatli yakunlagan bo‘lsa, shulardan 1 ming 500 nafari (87,7 foiz) ish bilan ta’minlangan.

Nogironligi bo‘lgan shaxslarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida markazda 95 nafar fuqaro inklyuziv ta’lim asosida o‘qitildi. Ulardan 87 nafari kasb-hunar kurslarini tugatib, mehnat bozoriga kirib bordi. Bu, shubhasiz, ijtimoiy adolatni ta’minlash va imkoniyati cheklangan fuqarolarni faol hayotga jalb etish yo‘lidagi muhim qadamdir.

Bugungi kunda markaz 272 ta korxona va tashkilot bilan hamkorlik aloqalari o‘rnatgan. Bu hamkorlik tinglovchilarga real ish muhitida amaliyot o‘tash va ish tajribasiga ega bo‘lish imkonini yaratmoqda.

Shuningdek, Migratsiya agentligining Qashqadaryo viloyati hududiy filiali bilan hamkorlikda xorijda ishlashni rejalashtirgan fuqarolar uchun xorijiy til va kasb    kurslari ham tashkil etilgan. 2025-yilning yanvar-may oylarida 81 nafar fuqaro markazda ingliz, nemis, rus va koreys tillarini o‘rgandi.

Davlat rahbarining joriy yil 17-yanvardagi «2025-yilda aholi bandligini ta’minlash va kambag‘allikni qisqartirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qaroriga asosan markazda mehnat bozorida talab o‘sib borayotgan to‘rtta mutaxassislik bo‘yicha yangi kurslar – elektromobillarga xizmat ko‘rsatish ustasi, lift xizmati mutaxassisi, quyosh panellari bo‘yicha chilangar va kompyuter grafikasi operatori yo‘nalishlari tashkil etilgani ham ahamiyatga molik.

Bundan tashqari, yaqin vaqtlar ichida avtotyuning mexanigi, interyer dizayneri va alyumin hamda plastik profillar bilan ishlash ustasi kurslarini ochish ham rejalashtirilgan.

Aytilishicha, hozir markaz jamoasi viloyatdagi 12 ta yirik ish beruvchi korxonadan 776 nafar fuqaroni o‘qitish uchun olingan    buyurtma ijrosini ta’minlash borasida faol ishlamoqda. Shu asosda bugungacha 461 nafar fuqaro tikuvchi, oshpaz, qandolatchi va parda tikish mutaxassisligi bo‘yicha o‘quv   kurslarini tamomladi.

Muxtasar qilib aytganda, Qarshi shahridagi kasbiy ko‘nikmalar markazi bugungi kunda mehnat bozorida talab yuqori bo‘lgan mutaxassislarni tayyorlashda ilg‘or tajriba va yangi yondashuvlarni amaliyotga joriy etmoqda. Markaz bitiruvchilari nafaqat ish bilan ta’minlanmoqda, balki o‘z tadbirkorlik faoliyatini yo‘lga qo‘yib, joylarda yangi ish o‘rinlari yaratishga ham hissa qo‘shayotgani tahsinga sazovor.

O‘z muxbirimiz

Jamshid NORQOBILOV olgan suratlar.

Exit mobile version