Qashqadaryo gazetasi Olam Mehnat muhofazasi yo‘nalishida muhim texnologik yutuq
Olam

Mehnat muhofazasi yo‘nalishida muhim texnologik yutuq

Xitoylik muhandislar dunyoda ilk bor robot yordamida 10 kilovolt kuchlanishdagi elektr uzatish liniyasida ta’mirlash ishlarini muvaffaqiyatli bajarishdi. Bu haqda Oddity Central manbasi xabar bergan.

Ma’lum qilinishicha, yaratilgan «robot-elektrik» elektr uzatish liniyasida inson ishtirokisiz ta’mirlash ishlarini bajarishga qodir. U yuqori aniqlikdagi lazer kesish tizimi bilan jihozlangan. Sinov vaqtida qurilma mustaqil ravishda simdan qattiq izolyatsiyani kesib tashlash, magistral liniyaga tarmoq simini ulash, barcha birikmalarni avtomatik ravishda tortib, mustahkamlash vazifalarini uddalagan.

Bu ishlar 10 kV kuchlanishdagi tok o‘tib turgan liniyada amalga oshirilgan. Oddiy holatda bunday ishni bajarish uchun elektrikdan juda yuqori malaka va maxsus himoya vositalari talab etiladi.

Mutaxassislar ta’kidlashicha, bu robot elektr simlari juda murakkab joylashgan nuqtalarda ham erkin harakatlana oladi. Eng muhimi, insonni tok urish xavfini to‘liq bartaraf etadi.

Bugungi kunda Xitoyda mamlakatdagi elektr tarmoqlarini avtomatlashtirish va robotlashtirish bo‘yicha yirik davlat   dasturlari amalga oshirilmoqda. Robotlar nafaqat ta’mirlash, balki liniyalarni tekshirish, ularda hosil bo‘lgan muzlarni tozalash va diagnostika qilish ishlarida ham qo‘llanilmoqda.

Exit mobile version