Yaponiyada xodimlarini ish joyida jaziramadan himoya qila olmagan yollovchilar jarimaga tortiladi. Ushbu qonun ko‘plab yaponlar o‘tgan yili yozning issiq haroratidan aziyat chekkani ortidan ishlab chiqilgan, deya xabar qiladi Bloomberg manbasi.
2024-yili mamlakatda jazirama tufayli ish joylarida asosan quruvchilar va ishlab chiqarish xodimlari o‘rtasida 30 ga yaqin o‘lim holati va 1200 ta jarohatlanish qayd etilgan. Bu 2015-yildan keyingi eng yuqori ko‘rsatkich bo‘lib, hukumatni ish beruvchilarga nisbatan qonunchilikni qat’iylashtirishga undagan.
Shunga ko‘ra, 1 iyundan boshlab ular issiq urishi va yuqori harorat bilan bog‘liq boshqa kasalliklarning oldini olish bo‘yicha samarali choralar ko‘rishga majbur. Yangi qoidaga amal qilmaganlik uchun 500 ming iyena miqdorida (44 million 705 ming so‘m atrofida) jarima ko‘zda tutilgan.
Qonun tana haroratini nazorat qilish uchun taqib yuriladigan qurilmalar yordamida xodimlar ahvoli monitoringi tizimini qo‘llash va tibbiy yordamdan tezkor foydalanish imkoniyatini ta’minlashni talab etadi. Endi kompaniyalar agar havo harorati plyus 31 daraja yoki issiqlik indeksi plyus 28 darajadan oshsa, qo‘shimcha xavfsizlik choralarini ko‘rishi va tanaffus e’lon qilishi kerak.