Qashqadaryo gazetasi Jamiyat MEHR KO‘RSATIB, QADR TOPISH FURSATI
Jamiyat

MEHR KO‘RSATIB, QADR TOPISH FURSATI

Bugun  – Xalqaro nogironligi bo‘lgan shaxslar kuni

Mamlakatda har yili 3 dekabr – Xalqaro nogironligi bo‘lgan shaxslar kuni keng miqyosda nishonlanadi. Shu kuni  nogironligi bo‘lgan shaxslar holidan xabar olinib, sovg‘alar ulashiladi va ijtimoiy-iqtisodiy tomondan qo‘llab-quvvatlanadi.Turli xayriya aktsiyalari va bayram tadbirlar o‘tkaziladi.

Shundan xayriya tadbirlaridan biri viloyat hokimligi vakillari, davlat va jamoat tashkilotlari rahbarlari ishtirokida viloyat musiqali drama teatrida bo‘lib o‘tdi.

Tadbirda ta’kidlandiki, yurtimizda Prezident boshchiligida barcha fuqarolar, jumladan, nogironligi bo‘lgan shaxslarga bir xil imkoniyatlar amal qiladigan jamiyatni barpo etish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. Har bir inson u qaysi soha vakili, kim bo‘lishi yoki jismoniy imkoniyatidan qat’iy nazar shaxsan davlat rahbarining e’tiborida ekanligini his qilib turibdi. Buning samarasi o‘laroq ushbu toifadagi aholining o‘zlarini yolg‘iz his etmasligi, zarur bilim va kasb-hunarlarni egallab, barcha soha va tarmoqlarda faol ishtirok etishi uchun kerakli imkoniyatlar yaratildi.

Tadbir doirasida bir qator imkoniyati cheklangan fuqarolarga esdalik sovg‘alari topshirildi.

Xayriya aktsiyasida ishtirok etgan viloyatimizdagi barcha korxona va tashkilotlar rahbarlari nogironligi bo‘lgan shaxslar tomonidan qo‘l mehnati bilan tayyorlangan turli dizayndagi mahsulotlarni xarid qilishdi.

– Bunday mahsulotlar nafaqat badiiy qiymati, balki mehr va mehnat bilan yasalgani uchun ham alohida qadrlidir, – deydi tadbir ishtirokchilaridan biri Qarshi shahridagi 26-davlat maktabgacha ta’lim tashkiloti mudirasi Dilafro‘z Qurbonova. – Biz bolalar uchun turli xildagi milliy o‘yinchoqlarni xarid qildik. Bu kabi aktsiyalarning tez-tez o‘tkazilishi nogironligi bo‘lgan fuqarolarning jamiyatda munosib o‘rin egallashi, ijtimoiy faolligi va iqtisodiy mustaqilligiga qo‘shimcha turtki beradi.

30 noyabrdan 30 dekabrga qadar davom etayotgan «Mehr-muruvvat oyligi» doirasida viloyatning barcha shahar va tumanlarida bir qator tadbirlar o‘tkazilmoqda.

Shohista BOZOROVA

Exit mobile version