Qashqadaryo gazetasi Ma’naviyat MEHR-OQIBAT, BAG‘RIKENGLIK, BIRDAMLIK VA SAXOVAT FASLI
Ma’naviyat

MEHR-OQIBAT, BAG‘RIKENGLIK, BIRDAMLIK VA SAXOVAT FASLI

Barchamiz intiqlik bilan kutadigan Ramazon oyi ham tugay deb qoldi. Oylarning sultoni, ezgulik va xayr mavsumi, toatu ibodat fasli, mehru-muruvvat jo‘shgan palla bo‘lmish muborak Ramazon bu yil o‘zgacha  shukuh va tarovat bilan kechdi. Inchunin, hadislarda aytilishicha, Ramazon oyi kirishi bilan farishtalar: «Ey yaxshilik istovchi kel, yaxshiligingni qilib ol va ey yomonlik istovchi yomonliklardan tiyil», deb nido qilishar ekan.

Dinimiz ko‘rsatmasiga asosan musulmon kishi Ramazon oyida ruhiyatini, qalbini poklab olishi, ba’zi-bir yomon xulqlari bo‘lsa, barchasini tark etishi va mehr-muruvvat, xayrli amallarini ro‘yobga chiqarishga shoshilishi joiz. Shunga hamohang yurtimizda «Ramazon – mehr-muruvvat, ahillik va shukronalik oyi» shiori ostida katta ishlar qilindi. Jumladan, «Vaqf» xayriya jamoat fondi  hamda Ijtimoiy himoya milliy agentligi orqali bir trillion so‘mdan ortiq mablag‘ ajratilib, ehtiyojmand oilalarga bir martalik moddiy yordam ko‘rsatildi, nogironligi bor shaxslarning davolanish va jarrohlik amaliyotlari xarajatlari qoplab berildi. 

Ramazonda jamiyatda insonparvarlik, bag‘rikenglik va o‘zaro hurmat tuyg‘ularini yanada mustahkamlashga xizmat qiladigan ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar, xayriya va saxovat ishlari yanada jonlangani ahamiyatli. Bu jarayonda ayniqsa yordamga muhtoj, kam ta’minlangan oilalarga alohida e’tibor qaratilgani, ularning holidan xabar olingani ramazonning asl mohiyatini namoyon etdi.

Darhaqiqat, Ramazoni sharif – xayru-ehson, muruvvat oyidir. Bu yilgi mavsumda Qashqadaryo viloyatidagi masjidlar imom-xatiblari ham baholiqudrat ehtiyojmandlarga moddiy yordamlar ko‘rsatdilar. Binobarin, hadisi muborakda: «Kim ro‘zador kishiga iftorlik qilib bersa, u kishiga ham ro‘za tutganning ajridek savob beriladi. Bu bilan ro‘zadorning ajridan hech bir narsa kam bo‘lmas», deyiladi. Bu iftorliklar va ehson qilingan oziq-ovqat mahsulotlari muhtoj oilalarga quvonch-shodlik olib kirdi, shu ishlarga bosh qo‘shganlar esa, shubhasiz ajr-savoblarga ega bo‘lishdi.

Qur’oni karimni o‘qish va uni taroveh namozlarida tinglash insonga huzur bag‘ishlaydi. Muborak hadislarda: «Allohning kitobidan bir oyat tinglagan kishiga ko‘plab savoblar yoziladi, Allohning kitobidan bir oyat tilovat qilgan kishiga qiyomat kunida nur bo‘ladi» deyiladi. Shukr, mamlakatimiz mo‘min-musulmonlari diyorimizning qaysi burchagida bo‘lishmasin o‘ttiz pora Qur’oni karimni to‘liq xatm qilish baxtiga muyassar bo‘ldilar. Zero, Qur’on Alloh taoloning kalomi bo‘lib, uni to‘liq o‘qib chiqish ham ibodatdir.

Mana, bu yilgi Ramazon hayitiga ham yetib keldik. Bu bir oy ro‘za tutib, Allohning farzi bo‘yindan soqit bo‘lganligi tufayli qilinadigan bayram, tantanadir. Unga tayyorgarlik asnosida mahalla, hovli va xonadonlar toza-ozoda, saronjom-sarishta bo‘layotgani ayni muddao.

Hayit kuni tongda tamaddi qilish, tishlarni yuvish, yuvinish (g‘usl), toza-ozoda liboslarni kiyish, xushbo‘ylanish, fitr-sadaqalar berish fazilatli amallardan hisoblanadi. Insonlarning bu muborak kun bilan bir-birlarini qutlashlari, ota-ona va ustozlarni ziyorat qilib, ularning duolarini olish esa naqadar go‘zal ish. Uzoqlashib ketgan qarindoshlarni yo‘qlash, ayrim xato va kamchiliklar tufayli bir-birlaridan gina-kudurad qilib yurgan kishilarni yarashtirish ham juda savobli.

Ramazon hayiti kunlari muhtojlar, kasalmand kishilar holidan xabar olish, ularga infoq-ehsonlar qilish, bolajonlarga hayitlik ulashish ham  xalqimizning eng yaxshi odatlaridan sanaladi. Bu o‘zaro mehr-oqibat, hamjihatlik, kattalarga hurmat, kichiklarga izzat, himmat va saxovat kabi an’analarimizga sodiqlik ifodasi hamdir. Hayitda qarindosh-urug‘, yoru do‘stlar bilan diydorlashsak, keksa yoshdagilarni ziyorat qilib, duolarini olsak, ahillarimizga hayitliklar ulashib, ulardagi bayram kayfiyatini yuksaltirsak, bu ham katta savob ishlardan bo‘ladi. 

Xalqimiz orasida fayzu barokat, mehru muhabbat, xayru saxovatni ziyoda qiladigan hayit kunlarining shukuhi qalblarimizni sira tark etmasin, barchamizga Ramazon hayiti muborak bo‘lsin!                                   

Rahmatillo USMONOV,

O‘zbekiston musulmonlari idorasining Qashqadaryo viloyatidagi vakili

Exit mobile version