«Ochiq budjet» portalida mamlakatning 14 ta tumanida sinov tariqasida o‘tkazilgan «Mening maktabim» loyihasining g‘oliblari e’lon qilindi.
Ta’lim
Ma’lumki, Prezidentning «O‘zbekiston-2030» strategiyasini «Yoshlar va biznesni qo‘llab-quvvatlash yili»da amalga oshirishga oid davlat dasturi to‘g‘risida»gi farmoniga muvofiq, 2024-2025-o‘quv yilidan boshlab Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrining 1 tadan tumanida (shahrida) sinov tariqasida «Mening maktabim» loyihasi amalga oshirilmoqda. Bunda, Davlat budjeti mablag‘lari hisobidan maktablarga bazaviy hisoblash miqdorining 150 barobarida mablag‘ ajratilib, ushbu mablag‘ 5-11-sinf o‘quvchilari tanloviga ko‘ra, elektron doska, kompyuter, sport jihozlari, kitoblar kabi maktablar uchun zarur tovarlarga sarflanishi nazarda tutilgan.
Mazkur loyiha doirasida «Ochiq budjet» portalida ilk bor o‘tkazilgan ovoz berish natijalariga ko‘ra, 1 ming 387 loyiha g‘olib deb topildi. E’tiborlisi, joriy o‘quv yilida loyihada ishtirok etgan shahar va tumanlar kesimida eng ko‘p tashabbus (3 593 ta taqdim etilib, 3523 tasi qabul qilindi) ham, eng ko‘p g‘olib loyiha (196 ta) ham Dehqonobod tumanidagi maktablarga taalluqli.
Masalan, tumandagi 85-sonli maktabning 11-«b» sinf o‘quvchisi Mohina Maxmatzairova tomonidan ilgari surilgan loyiha bo‘yicha ushbu ta’lim maskaniga yoshlarni kasb-hunarga o‘qitish xonasini jihozlash maqsadida 5 dona maxsus kompyuter jamlanmasini xarid qilish uchun 50 million so‘m mablag‘ ajratiladigan bo‘ldi. 4-sonli maktabdan g‘olib deb topilgan loyihani amalga oshirishga ham 50 million so‘m yo‘naltirilib, bu pullar o‘quv mashg‘ulotlarini qiziqarli tashkil etish uchun zarur bo‘lgan interaktiv sensorli panel va informatika xonasi uchun konditsioner sotib olishga sarflanadi. Ayni paytda «Mening maktabim» loyihasi doirasida 15-sonli maktabda oshxona uchun jihozlar, 34-sonli maktabda 50 nomdagi 200 ta kitobdan iborat badiiy adabiyotlar to‘plami, interaktiv sensorli panel va 2 ta tennis stoli, 42-maktabda ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar uchun ovoz kuchaytiruvchi apparatlar, rangli printer va lingafon xonasi anjomlari, 62-sonli maktabda 10 dona ko‘p funksiyali tikuv mashinasi, 86-sonli maktabda kurash gilamlari xarid qilinadi. Shuningdek, o‘quvchilarining loyihalari g‘olib deb topilgan bir qator maktablarda voleybol, basketbol va katta shaxmat maydonlari barpo qilinadi, kuzatuv kameralari va maxsus monitorlar, kutubxona stellajlari, kinozal uchun proyektorlar o‘rnatiladi.
O‘z muxbirimiz
