Dolzarb statistika
Joriy yilning to‘qqiz oyi davomida Qashqadaryo jahonning 78 ta mamlakati bilan savdo aloqalarini amalga oshirgan. Shu davr mobaynida viloyatimiz tashqi savdo aylanmasining eng salmoqli hissasi Xitoy (24,2 foiz), Niderlandiya (17,6 foiz), Rossiya (12,9 foiz), Turkiya (7,7 foiz), Pokiston (5,5 foiz) va Qozog‘iston (4,4 foiz) kabi mamlakatlar hissasiga to‘g‘ri kelmoqda.
Viloyat statistika boshqarmasi e’lon qilgan ma’lumotlarga ko‘ra, joriy yil yanvar-sentabr oylarida tashqi savdo aylanmasi (TSA) hajmi o‘tgan yilning tegishli davriga nisbatan 10,6 foizga kamayib, 880,6 million dollarni tashkil etgan. E’tiborli tomoni – TSAning kamayishiga import hajmining keskin qisqarishi sabab bo‘lgan. Zero, shu davrda eksport hajmi 409 million dollarga yetgan (o‘sish sur’ati – 102,3 foiz) bir paytda import hajmi 471,6 million dollargacha tushib ketgan (kamayish – 19,4 foiz).
Eksport bo‘yicha asosiy hamkorlarimiz Niderlandiya (25,4 foiz), Rossiya (21,9 foiz), Pokiston (9,1 foiz), Turkiya (7,0 foiz), Afg‘oniston (6,2 foiz), Qozog‘iston (4,7 foiz) va AQSH (4 foiz) hisoblanib, chet elga sotilgan mahsulotlar orasida ayniqsa mineral yoqilg‘i, yog‘lash moylari va shunga o‘xshash materiallar (32,8 foiz), sanoat tovarlari (28,2 foiz) hamda oziq-ovqat mahsulotlari va tirik hayvonlar (26,5 foiz) ulushi kattadir.
Qashqadaryoda joriy yilning yanvar-sentabr oylarida meva-sabzavotlar eksporti borasida juda yuqori sur’atdagi o‘sish (o‘tgan yilning tegishli davriga nisbatan qariyb 2,2 baravar) va 95,1 million dollarlik natija qayd etilgani ham alohida diqqatga sazovordir. Xususan, xorijiy mamlakatlarga 33,6 million dollarlik meva va 61,5 million dollarlik savbzavotlar sotilib, birgina uzum eksporti 9,7 million dollar, ya’ni o‘tgan yilning mos davri bilan taqqoslaganda 3,2 baravar ko‘p valyuta keltirgan.
Shuningdek, xizmatlar eksporti borasida bir yo‘la ham son, ham sifat o‘zgarishlari kuzatilmoqda. Shu yil 9 oyda viloyatda uning hajmi 6,9 million dollar (o‘sish sur’ati – 153,6 foiz)ni tashkil etgani holda tarkibida AKT xizmatlari ulushi 20,8 foiz, boshqa tadbirkorlik bilan bog‘liq xizmatlar ulushi esa 53,6 foizga yetgan.
To‘qqiz oylik import ko‘rsatkichlariga to‘xtaladigan bo‘lsak, bu borada viloyatimizning eng yirik hamkorlari Xitoy (44,1 foiz), Niderlandiya (10,8 foiz), Turkiya (8,3 foiz), Yaponiya (6,7 foiz), Rossiya (5,1 foiz), Qozog‘iston (4,3 foiz) va Hindiston (2,9 foiz) ekani, import tarkibidagi eng katta ulush esa mashinalar va transport asbob-uskunalari (62,9 foiz), kimyoviy vositalar va shunga o‘xshash mahsulotlar (15,4 foiz), oziq-ovqat mahsulotlari va tirik hayvonlar (7,8 foiz), sanoat tovarlari (5,2 foiz) hisobiga to‘g‘ri kelishi yaqqol ko‘zga tashlanadi.