Qashqadaryo gazetasi Jamiyat MILLAT ERTASINI TA’MINLAYDIGAN MUQADDAS QO‘RG‘ON
Jamiyat

MILLAT ERTASINI TA’MINLAYDIGAN MUQADDAS QO‘RG‘ON

15-may – Xalqaro oila kuni

Oila – inson taqdiri, jamiyatning ma’naviy qiyofasi va millat kelajagini belgilaydigan muqaddas qo‘rg‘on. U tinch va farovon bo‘lsa, yurt ham gullab-yashnaydi. 

Bugungi tezkor va murakkab axborot zamonida oilaning o‘rni har qachongidan ham muhim ahamiyat kasb etmoqda. Chunki ma’naviy barqarorlik, tarbiya, insoniy qadriyatlar avvalo oila muhitida qaror topadi.   Mustahkam oila bor joyda mehr-oqibat, ishonch, tarbiya va taraqqiyot bo‘ladi.

1993-yilda BMT Bosh Assambleyasi tomonidan 15-may – «Xalqaro oila kuni» deb e’lon qilinishi ham jahon hamjamiyati oilaning insoniyat hayotidagi o‘rnini yuksak qadrlashi ifodasi bo‘ldi. 1994-yildan buyon ushbu sana dunyoning deyarli barcha mamlakatlarida keng nishonlanib kelinmoqda. Bu esa oila masalasi faqat bir davlat yoki millat emas, balki umuminsoniy qadriyat ekanini anglatadi.

Yangi O‘zbekistonda ham oila institutini mustahkamlash davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biriga aylangan. Prezidentning 2018-yil 27-iyundagi «O‘zbekiston Respublikasida oila institutini mustahkamlash konsepsiyasini tasdiqlash to‘g‘risida»gi qarori bu boradagi ishlarga yangi bosqich olib kirdi. Mazkur hujjat asosida mamlakatimizda oilalarni qo‘llab-quvvatlash, xotin-qizlar huquqlarini ta’minlash, yoshlarni sog‘lom muhitda tarbiyalashga qaratilgan keng qamrovli tizim shakllantirildi.

Yangi tahrirdagi Konstitutsiyamizda oilaning jamiyat va davlat muhofazasida ekani  mustahkam belgilab qo‘yildi. Unda onalik, otalik va bolalikni himoya qilish davlatning muhim vazifasi sifatida qayd etilgan. Bu, o‘z o‘rnida, inson qadrini ulug‘lash siyosati amalda hayotga izchil tatbiq etilayotganini ko‘rsatadi.

Ayniqsa, keyingi yillarda «Ayollar daftari», «Yoshlar daftari», «Temir daftar» kabi manzilli ijtimoiy himoya tizimlari joriy qilinishi ko‘plab oilalar hayotida muhim burilish yasadi. Ehtiyojmand oilalarga subsidiyalar ajratish, imtiyozli kreditlar berish, xotin-qizlar bandligini ta’minlash, kasb-hunarga o‘qitish kabi amaliy choralar oilalarning iqtisodiy barqarorligini mustahkamlashga xizmat qilmoqda.

Bugun yurtimiz mahallalarida «Oila muqaddas», «Ma’rifatli oila», «Kitobxon xonadon», «Uch avlod uchrashuvi» kabi ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar muntazam o‘tkazilayotgani zamirida ham ulkan mohiyat bor. Zero, millatning ma’naviy qudrati kitobxon va ma’rifatli oilalardan boshlanadi.

Mutaxassislar fikricha, farzand tarbiyasida ota-ona namunasi hal qiluvchi ahamiyatga ega. Agar xonadonda kitob mutolaasi, ilmga hurmat va ma’naviy muhit kuchli bo‘lsa, u yerda ulg‘ayayotgan farzandning   dunyoqarashi ham sog‘lom shakllanadi. Kitobxon ona – ma’rifatli avlod tarbiyachisidir. Shu ma’noda, bugun ayollarning bilimli, mustaqil fikrlaydigan va ijtimoiy faol bo‘lishi jamiyat taraqqiyoti uchun muhim omilga aylandi.

Hozirgi globallashuv davrida turli yot g‘oyalar, axborot xurujlari yoshlar ongiga salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin. Bunday vaziyatda oila – eng ishonchli ma’naviy qal’adir. Farzand qalbiga mehr, or-nomus, vatanparvarlik, milliy qadriyat va insoniylik tuyg‘ularini singdirish eng avvalo ota-ona zimmasidagi muqaddas mas’uliyat hisoblanadi.

Bugun ajrimlar, maishiy muammolar va tarbiyaviy bo‘shliqlarning oldini olishda mahalla, nuroniylar, xotin-qizlar faollari va jamoatchilikning hamkorligi muhim ahamiyat kasb etmoqda. Joylarda tashkil etilayotgan «Sayyor qabullar», murosaga chaqirish tadbirlari va psixologik maslahat xizmatlari darz ketish ostonasida turgan ko‘plab oilalar butligini saqlab qolishga xizmat qilyapti.

Mustahkam oila – barqaror jamiyatning eng ishonchli tayanchidir. Oilasi sog‘lom xalqning kelajagi ham porloq bo‘ladi. Chunki yurt ravnaqi, millat taraqqiyoti va tinchlikning mustahkam asosi avvalo xonadondan boshlanadi.

15-may – Xalqaro oila kuni har birimizni oila qadrini yanada teran anglashga, farzand tarbiyasiga mas’uliyat bilan yondashishga, milliy va ma’naviy qadriyatlarimizni asrab-avaylashga da’vat etadi.

Zero, oila mustahkam bo‘lsa, jamiyat farovon, Vatan qudratli, kelajak porloq bo‘ladi.

Shohista BOZOROVA

Exit mobile version