Fransiyalik milliarder Pyer-Eduar Steren besh nafar farzandiga o‘zining 1,4 milliard yevrolik boyligidan bir tiyin ham qoldirmaslik uchun mamlakat meros qonunlarini o‘zgartirishga harakat qilayotganini ma’lum qildi. Bu haqda Daily Mail nashri xabar bergan.
Ommaviy axborot vositalari ma’lumotiga ko‘ra, 52 yoshli tadbirkor Smartbox kompaniyasi orqali boylik orttirgan va hozirda Belgiyada yashaydi. U Fransiya senatidagi chiqishi vaqtida meros «farzandlarni buzishi» haqida gapirgan.
«Men farzandlarim hayotiga salbiy ta’sir o‘tkazishni istamayman. Ularga bir tiyin ham bergim kelmaydi. Haqiqiy erkinlik – hayotni noldan boshlashdir», degan biznesmen.
Biroq Fransiya qonunchiligi farzandlarni merosdan butunlay mahrum qilishga yo‘l qo‘ymaydi. Napoleon kodeksiga muvofiq, farzandlar «majburiy merosxo‘rlar» hisoblanadi. Agar odamning uch nafar yoki undan ko‘p farzandi bo‘lsa, mol-mulkidan kamida 75 foizi avtomatik tarzda ularga o‘tishi kerak.
Pyer-Eduar Steren bu qonunni insonning shaxsiy erkinligini cheklash deb hisoblab, o‘z mablag‘larini mustaqil ravishda tasarruf qilish – masalan, butun boyligini xayriya ishlariga yo‘naltirish huquqiga ega bo‘lishni xohlashini aytgan.