Qashqadaryo gazetasi Ma’naviyat Milliy liboslar – o‘zligimiz bezagi
Ma’naviyat

Milliy liboslar – o‘zligimiz bezagi

O‘zligimizni asrash, ayniqsa, yoshlarda milliy va umuminsoniy qadriyatlarga hurmat tuyg‘usini yuksaltirish, o‘zbekona kiyinish madaniyati va an’analarimizni keng targ‘ib etish maqsadida Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi tashabbusi bilan tashkil etilgan «Milliy liboslar chellenji» viloyatimizda ham qizg‘in qo‘llab-quvvatlanmoqda.

Milliy liboslar har bir millatning o‘zligini ifodalab, qadrini ulug‘lab turadi. Ayniqsa, o‘zbek milliy liboslarida o‘zgacha samimiyat, kamtarlik, soddalik, beg‘uborlik mujassam.

– Uzoq tarixga ega ajdodlarimiz zakosidan so‘zlaydigan milliy liboslarimizni saqlab qolish, targ‘ib etish va o‘zbekona qadriyatlarimizni unutmaslik maqsadida tashkil etilgan ushbu chellenjda viloyatimizning barcha shahar va tumanlari xotin-qizlari faol ishtirok etishayapti, – deydi viloyat hokimi o‘rinbosari – oila va xotin-qizlar boshqarmasi boshlig‘i Ziyoda Aminova. – Respublikamiz bo‘ylab o‘tkazilayotgan mazkur tadbir madaniy merosni saqlash va kelajak avlodlarga yetkazishda o‘ziga xos o‘rin tutib, milliylikni asrab-avaylash yo‘lidagi yana bir muhim tashabbusdir. Qolaversa, atlas, adras, beqasam singari milliy matolardan tikilgan liboslarimiz ko‘rkam va o‘ziga xosligi bilan har qanday kishini hayratga soladi.

Ushbu chellenjning ahamiyati yoshlarimizga Yevropa ko‘cha madaniyati tobora ta’sir ko‘rsatayotgan ayni davrda yanada muhim ekanligini ham ochiq-oydin tan olishimiz kerak. O‘ylaymizki, bu tadbir natijador bo‘lib, milliy liboslarimiz va o‘zbekona urf-odatlarimizga qiziqishi baland yoshlarimiz safi ortishiga xizmat qiladi.

Shohista BOZOROVA

Exit mobile version