Qashqadaryo gazetasi Madaniyat Milliy teatrning 85 yillik tarixida birinchi marta chet elda qo‘yilgan spektakl
Madaniyat

Milliy teatrning 85 yillik tarixida birinchi marta chet elda qo‘yilgan spektakl

Spektakl haqida aytsak, darrov bilib olasiz. Hozir uning muallifi haqida to‘xtalsak.

Gap taniqli ijodkor Erkin Xushvaqtov haqida bormoqda. U 1959-yilda Shahrisabz tumanidagi Chambil qishlog‘ida tug‘ilgan. Abdulla Qodiriy nomidagi Toshkent davlat madaniyat instituti rejissorlik bo‘limida (1979-1983), O‘zbekiston davlat san’at institutining oliy dramaturgiya (1998-2000) kursida tahsil olgan.

Talantli dramaturg va rejissor Erkin Xushvaqtovning O‘zbek Milliy akademik drama teatrida Abdulla Qodiriyning «Mehrobdan chayon» romani asosidagi inssenirovkasi (1994), «Chimildiq» (1996), «Mashrab» (1997), «Qalliq o‘yini» (2002), «Qirmizi olma» (2003), «Andishali kelinchak» (2005), «Rashk» (2008), «Sizsiz o‘tmas kunlarim» (2010), «Ko‘ngil» (2011), O‘zbek davlat drama teatrida «Eski muhabbat» (2004), Respublika yosh tomoshabinlar (2004) va Respublika qo‘g‘irchoq (2007) teatrlarida «Cho‘pqo‘g‘irchoq», Respublika yosh tomoshabinlar teatrida «Halollik tilab keldim» kabi pyesalari sahnalashtirilgan. «Chimildiq», «Bir kuni Afandi», «Vafo», «Zumrad va Qimmat» ssenariylari asosida kinofilmlar suratga olingan.

Erkin Xushvaqtovning «Azon ovozi» (1991), «Chimildiq» (1998), «Andishali kelinchak» (2005), «Halollik tilab keldim» (2009) kitoblari,  «Chimildiq» (2009) pyesalar to‘plami nashr etilgan. Dramaturgning «Mehmonjonlardan aylanay» nomli ssenariysi asosida suratga olingan 15 qismdan iborat teleserial ham teletomoshabinlar olqishi va tahsiniga sazovor bo‘lgan.

1997-yilda Milliy teatrning 85 yillik tarixida birinchi marta «Chimildiq» spektakli chet el safarlariga chiqib, Qohira teatr festivalida qatnashgan va Misr Arab Respublikasining faxriy medali va bayrog‘i bilan taqdirlangan. Erkin Xushvaqtovning «Qirmizi olma» spektakli 2005-yil aprel oyida Turkiyaning Denizli shahrida, avgust oyida Istanbulda, 2006-yil Olmaotada, 2007-yilda Ukraina teatr festivallarida eng oliy sovrin – gran-priga sazovor bo‘lgan. Moskva, Irkutsk shaharlaridagi gastrol safarlarida xorijliklar e’tirofini qozongan.

Erkin Xushvaqtov «Otamdan qolgan dalalar» filmida Dehqonboy, «Bir kuni Afandi»da mirzo, «Chimildiq» filmida devona, Zulfiqor Musoqovning «Ayol zoti» serialida Anorboy, Bahodir Ahmedovning «Sudxo‘r» filmida Temur rollarini ijro etib, o‘ziga xos qiyofalar yaratgan.

1997-yildan buyon O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi. O‘zbek teatri, kino va televideniye rivojidagi xizmatlari uchun 2002-yil «Mehnat shuhrati» ordeni, 2011-yil O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi unvoni bilan taqdirlangan.

Exit mobile version