Qashqadaryo gazetasi Siyosat MINTAQAMIZNI DO‘STLIK, AHILLIK VA YAXSHI QO‘SHNICHILIK MAKONIGA AYLANTIRISH YO‘LIDAGI TARIXIY QADAM
Siyosat

MINTAQAMIZNI DO‘STLIK, AHILLIK VA YAXSHI QO‘SHNICHILIK MAKONIGA AYLANTIRISH YO‘LIDAGI TARIXIY QADAM

Xabaringiz bor, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Tojikiston Respublikasi Prezidenti Emomali Rahmonning taklifiga binoan 31 mart kuni amaliy tashrif bilan Xo‘jand shahrida bo‘ldi.

Aeroportda davlatimiz rahbarini Tojikiston Respublikasi Prezidenti Emomali Rahmon kutib oldi.

O‘zbekiston rahbarining tashrifi sharafiga davlat bayroqlari ko‘tarildi. Milliy kuy-qo‘shiq va raqslar ijro etildi.

Shavkat Mirziyoyev va Emomali Rahmon o‘rtasida o‘tkazilgan uchrashuvda oliy darajadagi kelishuvlarni amalga oshirish doirasida ikki tomonlama do‘stlik, strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlarini yanada rivojlantirishning dolzarb masalalari muhokama qilindi.

Suhbat avvalida davlat rahbarlari O‘zbekiston bilan Tojikiston o‘rtasidagi ko‘p qirrali hamkorlik yuksak darajaga ko‘tarilganini katta mamnuniyat bilan qayd etishdi.

2024 yilda tovar ayirboshlash hajmi 700 million dollardan oshdi. Sanoat, energetika, elektrotexnika, to‘qimachilik, qishloq xo‘jaligi va boshqa ustuvor sohalarda kooperatsiya loyihalari muvaffaqiyatli amalga oshirilmoqda. Samarali hududlararo aloqalar va faol madaniy-gumanitar almashinuv yo‘lga qo‘yilgan.

Hukumatlararo komissiyaning bo‘lajak yig‘ilishida amaliy hamkorlik bo‘yicha qo‘shma loyihalarni tezlashtirish choralari ishlab chiqilishi muhim ekani ta’kidlandi.

Yetakchilar mintaqaviy kun tartibi, shu jumladan, mamlakatimizda o‘tkaziladigan ko‘p tomonlama sammitlar yuzasidan ham fikr almashdilar.

Muzokaralar yakunida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Tojikiston Respublikasi Prezidenti Emomali Rahmon huzurida tashqi siyosat idoralari rahbarlari O‘zbekiston bilan Tojikiston o‘rtasida Ittifoqchilik munosabatlari to‘g‘risidagi shartnomaning kuchga kirishi haqidagi bayonnomani imzoladilar va ratifikatsiya yorliqlarini almashdilar.

Shartnoma o‘tgan yili 18 aprel kuni Dushanbe shahrida bo‘lib o‘tgan oliy darajadagi ikki tomonlama sammitda imzolangan edi.

Hujjat ratifikatsiya yorliqlari almashilgan kundan e’tiboran kuchga kirdi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Xo‘jand shahrida Tojikiston Respublikasi Prezidenti Emomali Rahmon va Qirg‘iz Respublikasi Prezidenti Sadir Japarov bilan uch tomonlama uchrashuvda ishtirok etdi.

Uchrashuv avvalida davlat rahbarlari bir-birlarini muborak Ramazon hayiti hamda bahor uyg‘onishi va yangilanish ayyomi – Navro‘z bilan qutladilar, birodar xalqlarimizga tinchlik, farovonlik va ravnaq tiladilar.

Prezidentimiz Tojikiston va Qirg‘iziston tomonlarini barcha masalalar uzil-kesil hal etilgani hamda Davlat chegarasini delimitatsiya qilish to‘g‘risidagi shartnoma imzolangani bilan samimiy tabrikladi.

Ushbu hujjat, shuningdek, uch mamlakat davlat chegaralarining tutash nuqtasi to‘g‘risida imzolanayotgan shartnoma barqarorlik va izchil taraqqiyotni ta’minlashga, butun mintaqaning xalqaro nufuzini oshirishga xizmat qilishi ta’kidlandi.

O‘zbekiston Prezidenti amaliy hamkorlikning ustuvor yo‘nalishlariga alohida to‘xtalib o‘tdi.

Eng avvalo, bu oliy darajadagi faol va ishonchli aloqalarni davom ettirishdir.

Shu hafta Samarqandda «Markaziy Osiyo – Yevropa Ittifoqi» birinchi sammiti va mintaqadagi umumiy ekologik tahdidlarga bag‘ishlangan Iqlim forumi bo‘lib o‘tadi.

May oyida Ko‘rfaz arab davlatlari bilan sammit, sentabr oyida esa Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining yettinchi Maslahat uchrashuvi o‘tkaziladi.

Shu munosabat bilan, bo‘lajak tadbirlar kun tartibini puxta tayyorlash va umumiy yondashuvlarni ishlab chiqish uchun tashqi ishlar vazirliklari orqali muntazam maslahatlashuvlarni davom ettirish muhimligi ta’kidlandi.

Chegaradosh hududlarning hamkorligini rivojlantirishga alohida e’tibor qaratildi.

So‘nggi yillarda O‘zbekistonning Qirg‘iziston va Tojikiston bilan tovar ayirboshlash hajmi o‘n karradan ziyodga oshgani qayd etildi. Bu hajmning deyarli yarmi chegaraoldi hududlarga to‘g‘ri keladi.

Shu bois chegaralardagi bojxona punktlarini kompleks modernizatsiya qilish va kengaytirish, qulay, zamonaviy savdo va logistika  infratuzilmasini shakllantirish zarurligi ko‘rsatib o‘tildi.

Uch tomonlama savdo maydonchasini tashkil etish, sanoat va qishloq xo‘jaligi mahsulotlarining doimiy faoliyat ko‘rsatadigan ko‘rgazma-yarmarkasini yo‘lga qo‘yish masalasini o‘rganish taklif etildi.

Yana bir yo‘nalish – sanoat kooperatsiyasi loyihalari.

Bugungi kunda O‘zbekiston korxonalari va xususiy kompaniyalari qo‘shni mamlakatlarda zamonaviy ishlab chiqarish quvvatlarini tashkil etishga faol sarmoya kiritmoqda.

Kooperatsiyani qo‘llab-quvvatlash maqsadida mamlakatimiz rahbari qo‘shma investitsiya jamg‘armalari kapitalini bosqichma-bosqich oshirishga tayyorligini bildirdi.

Mamlakatlar o‘rtasida transport aloqalarini rivojlantirish borasidagi ishlarni davom ettirishga kelishib olindi. Bu aviaqatnovlar sonini ko‘paytirish va geografiyasini kengaytirish, chegaraoldi hududlardagi shaharlar o‘rtasida yangi avtobus yo‘nalishlarini yo‘lga qo‘yishni o‘z ichiga oladi.

«Yashil» energetika va transport sohalaridagi yirik mintaqaviy loyihalar, suv va ekologiya dasturlarini ilgari surish diqqat markazida bo‘ldi.

O‘zbekiston Prezidenti hukumatlar iqtisodiy yo‘nalishda yanada faol ishlab, xalqlarimiz farovonligini oshirishga qaratilgan tezkor, real natijalar berishi lozimligini alohida ta’kidladi.

Shu kunlarda Xo‘jand shahrida qator madaniy-gumanitar tadbirlar o‘tkazilayotgani xalqlarimiz, ayniqsa, yoshlar o‘rtasida do‘stlik va o‘zaro anglashuvni mustahkamlashga xizmat qilayotgani alohida qayd etildi.

Davlatimiz rahbari har yili Navro‘z bayrami kunlarida chegaraoldi hududlarda qo‘shma konsert va do‘stlik festivallarini o‘tkazishni taklif etib, kelgusi yilda bunday tadbirlarni Farg‘ona shahrida tashkil etishga tayyorligini bildirdi.

Uchrashuv yakunida O‘zbekiston, Tojikiston va Qirg‘iziston davlat chegaralarining tutash nuqtasi to‘g‘risidagi tarixiy shartnoma imzolandi hamda uch davlat rahbarlarining Qo‘shma deklaratsiyasi qabul qilindi.

Xo‘jand shahrida o‘tgan oliy darajadagi tadbirlar dasturiga muvofiq O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev, Tojikiston Respublikasi Prezidenti Emomali Rahmon va Qirg‘iz Respublikasi Prezidenti Sadir Japarov uch mamlakat davlat chegaralari tutashgan hududda Do‘stlik stelasini tantanali ravishda ochdilar.

Ushbu yodgorlik qardosh mamlakatlarimiz o‘rtasidagi do‘stlik, yaxshi qo‘shnichilik, ishonch va strategik sheriklik munosabatlari mustahkamlanib borayotganining yangi ramzi bo‘ladi.

Xo‘jand shahrida o‘tgan uch tomonlama sammit  doirasida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Qirg‘iz Respublikasi     Prezidenti Sadir Japarovning uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.

Unda bo‘lib o‘tgan uch tomonlama muzokaralar yakunlari, ularning asosiy natijasi sifatida O‘zbekiston, Qirg‘iziston va Tojikiston davlat chegaralarining tutash nuqtasi to‘g‘risidagi shartnoma imzolangani yuksak baholandi.

Oliy darajada erishilgan kelishuvlarni amalga oshirishdagi yutuqlar mamnuniyat bilan qayd etildi. Tovar ayirboshlash hajmi yil boshidan buyon 70 foizga oshdi. Iqtisodiyotning turli tarmoqlarida, shu jumladan, qo‘shma Investitsiya jamg‘armasi ko‘magida sanoat kooperatsiyasi muvaffaqiyatli rivojlanmoqda.

Energetika va transport kommunikatsiyalari sohasidagi yirik mintaqaviy loyihalarni, shu jumladan, «Xitoy-Qirg‘iziston-O‘zbekiston» temir yo‘li qurilishini jadallashtirish masalalari muhokama qilindi.

Davlat rahbarlari hududlar o‘rtasidagi faol aloqalar va madaniy-gumanitar almashinuvni davom ettirish muhimligini qayd etdilar.

Prezidentlar bo‘lajak oliy darajadagi tadbirlar rejasi va kun tartibi yuzasidan ham fikr almashdilar.

Xo‘jand shahridagi sammitning madaniy dasturi doirasida O‘zbekiston, Tojikiston va Qirg‘iziston davlat rahbarlari Xo‘jand qal’asiga tashrif  buyurib, uning tarixi bilan tanishdilar.

Bu noyob majmuaning qurilishi miloddan avvalgi IV-V asrlarga borib taqaladi. Arxeologik qazishmalar natijasida o‘sha davrda birinchi qal’a bunyod etilganligi aniqlangan.

1999 yilda qayta ta’mirlash ishlaridan so‘ng qal’a yonida 28 mingdan ortiq eksponatni o‘z ichiga olgan o‘lkashunoslik muzeyi ochildi.

So‘nggi restavratsiya ishlari jarayonida qal’a devorlari, arki va darvozalari qayta tiklandi, ma’muriy bino, hunarmandchilik do‘konlari qurildi, Xo‘jandning qadimiy hovlilari namunalari yaratildi.

Hududda tojik xalqi tarixi va madaniyatiga oid 5 ta ko‘rgazma zalidan iborat majmua barpo etildi. 8 ta hovlida hunarmandlar xattotlik, rassomchilik, adras to‘qish, so‘zana tikish, tosh o‘ymakorligi, temirchilik va kulolchilik bilan shug‘ullanmoqda.

Davlat rahbarlari uch mamlakatning hunarmandchiligi, qishloq xo‘jaligi mahsulotlari va milliy taomlari ko‘rgazmasini ko‘zdan kechirib, badiiy chiqishlarni tomosha qildilar.

Prezidentlar uch mamlakat madaniyat va san’at ustalarining konsertida qatnashdilar.

Davlatimiz rahbari unda qilgan nutqida birodar xalqlarni bahoriy yangilanish bayrami Navro‘z va muborak Ramazon hayiti bilan yana bir bor chin dildan qutladi.

– Bugun xalqlarimiz uchun haqiqatan ham katta va uzoq kutilgan bayram. Biz uch davlat chegaralarining tutash nuqtasi haqidagi tarixiy shartnomani imzoladik. Bundan buyon chegaralar – birodarlik chiziqlari, yangi imkoniyatlar, bunyodkorlik va hamkorlik makonidir, – dedi Prezident.

Xalqlarimizning muqaddas tuprog‘i, dini, taqdiri bir, tashvish-u quvonchlari, intilishlari o‘xshash ekani ta’kidlandi. Endi bu go‘zal zaminni bugungi va kelajak avlodlar munosib va baxtli yashashi uchun birgalikda obod qilish bizning burchimizdir.

Keyingi yillarda umumiy siyosiy iroda tufayli mamlakatlarimiz o‘rtasidagi munosabatlarda ulkan ijobiy o‘zgarishlar yuz berdi.

Savdo, investitsiyalar, yuk tashish, fuqarolarning bordi-keldisi izchil ko‘payib bormoqda. Muvaffaqiyatli kooperatsiya loyihalari soni oshmoqda.

Xo‘janddagi muzokaralarda ishbilarmonlik va madaniy almashinuvlar uchun qulay sharoitlar yaratish, to‘g‘ridan-to‘g‘ri parvozlar sonini ko‘paytirish, chegaraoldi hududlardagi shaharlar o‘rtasida yangi avtobus yo‘nalishlarini yo‘lga qo‘yish bo‘yicha kelishuvlarga erishilgani qayd etildi.

Madaniy tadbirlar, ijodiy festivallar, yoshlar forumlari, sport musobaqalarini muntazam o‘tkazib borishga alohida e’tibor qaratildi.

– San’at chegara bilmaydi, uning buyuk vazifasi odamlarni birlashtirish. Uch mamlakatning iste’dodli san’at ustalari ijrosidagi bugungi konsert ham madaniyatlarimizning boyligi, rang-barangligi va mushtarakligini yana bir bor namoyish etadi, – dedi so‘zining yakunida O‘zbekiston Prezidenti.

Shu kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Tojikiston Respublikasiga amaliy tashrifi yakunlandi. Aeroportda Shavkat Mirziyoyevni Emomali Rahmon kuzatib qo‘ydi.

Exit mobile version