Xolmamat Hasanov (Hol Muhammad Hasan) haqida adabiyot ahli orasida so‘z borsa, yaxshi shoir, deb aytishadi. Sudyalar uni ustoz deb bilishadi. San’at olamida esa Mahmud Namozov qo‘shiq qilgan «Orqovuldan kelyatuvdim anqayib, oldimdan bir ko‘za chiqdi do‘mpayib» misralarini bilmaydigan odamni topish qiyin.
Hol Muhammad Hasan 1957-yilda tavallud topgan. Uning ota-bobolari Dehqonobod tumanidagi Boyqo‘rg‘on qishlog‘ida yashashgan. Ota-onasi Mirzacho‘lni o‘zlashtirishga safarbar qilingan. Shoir yetti yoshga yetguncha oilasi bilan Mirzacho‘lda yashagan. 1964-yilda o‘zi tug‘ilib-o‘sgan Boyqo‘rg‘on qishlog‘iga qaytgan.
1974-yilda maktabni tugatgan shoir uchun mustaqil hayot boshlanadi: Dehqonobod tumani «Ko‘kbuloq» jamoa xo‘jaligidagi qurilish brigadasida ishlaydi. Harbiy xizmatga chaqiriladi. Rossiyaning Krasnoyarsk o‘lkasida ikki yil xizmat qilib qaytgach, yana ishini davom ettiradi. 1978-yilda Toshkent davlat universitetining huquqshunoslik fakultetiga o‘qishga kiradi. Talabalik yillari adabiyotga qiziqishini namoyon qila boshlaydi, «Shu’la» adabiy to‘garagiga a’zo bo‘ladi, shu yillari she’rlari gazeta, jurnal va bayozlarda chop etiladi.
Universitetni bitirgach, Qashqadaryo viloyatining turli tashkilotlarida, viloyat adliya boshqarmasida huquqshunos, yetakchi mutaxassis bo‘lib ishlaydi. 1994-yilda Qarshi shahar sudi sudyasi, 1997-yilda viloyat sudi sudyasi vazifalarida ishladi. 2000- yilda Respublika Oliy sudi sudyasi etib saylanib, Oliy sud Plenumi kotibi, harbiy hay’at raisi o‘rinbosari lavozimlarida faoliyat yuritdi, 2005-yilda Toshkent shahar jinoyat ishlari bo‘yicha Chilonzor tumani sudi raisi, 2007-yildan 2012-yilgacha Qashqadaryo viloyati sudining raisi vazifasida xizmat qildi.
Ish faoliyati davrida yuzdan ortiq huquqiy-ijtimoiy mavzudagi maqolalari, bir necha risola va qo‘llanmalari nashr qilingan. Adabiyot va huquqshunoslik Xolmamat Hasanovning hamisha ikki qanoti bo‘ldi.
«Ohuva», «Qadimiy qo‘shiq», «Ul kuni ustoz dedilar…», «Suluvlardan suluvsan» nomli she’riy to‘plamlar muallifi. O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi.